English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoroda qurilayotgan bino-inshootlarda qator kamchiliklar aniqlandi
12:47 / 2023-03-29

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi mas’ullari hamda tegishli tashkilotlar vakillari ishtirokida Buxoro viloyati bo‘ylab ko‘p qavatli bino va inshootlarning qurilishini o‘rganish maqsadida reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Ilk manzil Buxoro shahar Sharq-2 mavzesi «Shayxulolam» MFY hududida qurilayotgan 6 qavatli turar-joy binosi bo‘ldi. Mazkur qurilish pudratchisi "Astra Elite Stroy" MCHJ, loyihachi "S-S-B" MCHJ hisoblanadi.  

Ushbu ko‘p qavatli turar-joy binosida Buxoro viloyati qurilish va uy-joy kommunal sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan shu kunga qadar 12 marta monitoring ishlari amalga oshirilgan bo‘lib, 40 ta yozma ko‘rsatma berilgan hamda barchasining ijrosi ta’minlangan.  

– Buxoro shahar Sharq-2 mavzesi «Shayxulolam» MFY hududida "Astra Elite Stroy" MCHJ tomonidan barpo etilayotgan ko‘p qavatli turar-joy binosida hozirda qurilish-montaj ishlari davom etmoqda, – deydi Buxoro viloyati Qurilish va uy-joy kommunal sohasida hududiy nazorat inspektori Azizbek Isomiddinov. – Mazkur ob’ektda bir nechta qonun buzilishlar aniqlandi. Jumladan, ob’ektning qurilish jarayonida yuritiladigan texnik hujjatlari yo‘qligi hamda orqa devorlarini montaj qilishda tegishli vositalar ishlatilmagani aniqlandi.Yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarliklar yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddasiga asosan hujjatlar rasmiylashtirildi.  

Reyd tadbirlari davomida Buxoro shahrida joylashgan ko‘p qavatli uylardagi noqonuniy qurilmalar ham o‘rganildi.  

Buxoro shahar Navoiy shoh ko‘chasi 11-uyda istiqomat qiluvchi fuqaro uyning yerto‘la qismini hech qanday ruxsat beruvchi hujjatlarsiz o‘zlashtirib, loyihadan chiqqan holda qayta qurish ishlarini boshlagan. 

Buxoro viloyati qurilish va uy-joy kommunal sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan huquqbuzarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 159-moddasi 3-qismiga asosan bayonnoma rasmiylashtirilgan. Hozirda Buxoro viloyati hududiy inspeksiyasining nazorati ostida qayta tiklash hamda kuchlantirish ishlari olib borilmoqda.  

Reydning navbatdagi manzili Buxoro shahri Piridastgir ko‘chasi bo‘ldi. Soha mutaxassislari 14-uyda istiqomat qiluvchi fuqarolarning noturar joy mulkdori tomonidan qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilayotgani bo‘yicha murojaatlarini o‘rgandi. Unga ko‘ra haqiqatdan ham noturar joyning ichki yordamchi devor qismlarida loyiha hujjatlarisiz qayta qurish ishlari boshlaganligi aniqlandi.  

Tadbirkorga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 159-moddasi 3-qismiga asosan bayonnoma rasmiylashtirilib, bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari miqdorida ma’muriy jazo qo‘llanildi. 

Shuningdek, noqonuniy qayta qurilishlar ushbu ko‘p qavatli uyda istiqomat qiluvchi aholi hayotiga xavf tug‘dirishi mumkinligi bo‘yicha tushuncha berildi.  

Nazorat tadbirlari davomida Buxoro shahri Alpomish ko‘chasida «Xadicha Imkon Mega stroy» MCHJ tomonidan 2 ta 5 qavatli turar-joy binosining qurilish-montaj ishlari belgilangan shaharsozlik norma va qoidalariga zid ravishda olib borilayotgani aniqlandi. Nazorat tadbiri aholi murojaatiga asosan Buxoro shahar Ibn Sino ko‘chasidagi ko‘p qavatli turar joyda davom etdi.  

O‘rganish jarayonida mulkdor noturar joyning yerto‘la qismidagi kirish eshigini qoidaga zid ravishda kengaytirgani aniqlandi. Fuqaroga nisbatan Buxoro viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan tegishli tartibda bayonnoma rasmiylashtirilib, qonun buzilish holatini bartaraf yetish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.  

 

Shahnoza Mamaturopova,  

O‘zA