
Buxoro viloyati adliya boshqarmasi tomonidan “Yashil makon” loyihasi doirasida ko‘chat o‘tqazish tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbir doirasida Buxoro shahar adliya bo‘limi yonidagi “Fitrat” bog‘ida Adliya vaziri o‘rinbosari Xudoyor Meliyev, Buxoro viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i A.Rahmatov va boshqarma mas’ul xodimlar tomonidan 100 tupdan ortiq manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.
– Prezidentimizning ezgu tashabbuslari bilan joriy yilning 20 oktyabridan mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida dolzarb 40 kunlik tadbiri e’lon qilinib, mevali va manzarali ko‘chatlar ekish ishlari davom etmoqda, – deydi Adliya vaziri o‘rinbosari Xudoyor Meliyev.


– Bugun Buxoroda mana shu xayrli tadbirda ishtirok etyapmiz. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad atrof muhitni ko‘kalamzorlashtirish, mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ko‘paytirish orqali yurtimizda ekologik barqarorlikka hissa qo‘shish hamda adliya organlariga tashrif buyurgan fuqarolarda yaxshi kayfiyat va taassurotni shakllantirishdan iboratdir.
Albatta ekologik barqarorlikni ta’minlashda “Yashil makon” loyihasining o‘rni katta. Har bir inson ezgu niyat bilan daraxt eksa, uning foydasi kelajakda albatta bilinadi. Adliya boshqarmasi tomonidan ushbu loyiha doirasida daraxt ko‘chatlarini ekish tadbirlari yana davom ettiriladi.


Zarif Komilov, O‘zA