
Buxoro viloyati hokimligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalardan bo‘lgan 10 juft kelin-kuyovlarning nikoh hamda 10 nafar bolaning sunnat to‘ylari o‘tkazildi.
– Tuman miqyosida eng chekka ovul va mahallalarda yashayotgan ijtimoiy himoyatalab oilalarning yashash sharoitlari, hol-ahvollari o‘rganildi, – deydi Buxoro viloyati hokimining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi – matbuot kotibi Olim Jo‘rayev. –Aniqlangan ehtiyojlardan kelib chiqqan holda farzandlarining sunnat va nikoh to‘ylarini o‘tkazishda ko‘makka muhtoj bo‘lgan oilalar ro‘yxati shakllantirildi.

Tantanada kelin-kuyovlar va to‘y bolalar karnay-surnay sadolari ostida milliy an’analarimizga ko‘ra kutib olindi. Tadbirga kelin-kuyovlar, to‘y bolalarning ota-onalari, yaqin qarindoshlari, mahalla faollari, faxriylar, jamoatchilik vakillari va yoshlar taklif etildi. Tadbirda so‘z olganlar yangi oila qurayotgan yoshlarga, sunnat to‘ylari nishonlanayotgan to‘y bolalarga ezgu niyat va istaklarini bildirib, ularga baxt va omadlar tilashdi.

Shundan so‘ng nikoh to‘ylari o‘tkazilayotgan har bir kelin-kuyovga va to‘y bolalarga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.


Buxorolik va qoraqalpog‘istonlik san’atkorlar ishtirokidagi sahnalashtirilgan konsert dasturi yig‘ilganlarga olam-olam zavq ulashdi.
Zarif Komilov,
O‘zA