English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoro viloyati: byudjet umumiy xarajatlarining 62 foizi ijtimoiy sohaga yo‘naltiriladi
10:12 / 2023-01-02

Bu haqida Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashining sessiyasida viloyat hokimligi moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Adilov ma’lum qildi.

Viloyat Kengashi raisi, viloyat hokimi Botir Zaripov boshqargan sessiya ishida tegishli viloyat boshqarmalari, tashkilotlari va muassasalari rahbarlari, siyosiy partiyalar, Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, jamoat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Sessiyada Buxoro viloyati mahalliy byudjetining 2022 yildagi ijrosi hamda 2023 yilga mo‘ljallangan loyihalari to‘g‘risida viloyat hokimligi moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Adilovning nazarda tutilgan xarajatlar haqida yo‘nalishlar va sohalar kesimida ma’lumot berildi.

Ta’kidlanishicha, joriy yil yakunlariga ko‘ra, viloyat mahalliy byudjeti daromadlari 3 trillion 398 milliard so‘mni tashkil etishi va barcha hududlar bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlar ijrosi 117 foizga bajarilishi kutilmoqda.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2022 yilda qo‘shimcha manbalar hisobidan yo‘naltirilgan va respublika byudjetidan ajratilgan maqsadli mablag‘larni hisobga olib, viloyat mahalliy byudjetidan jami 5 trillion 397 milliard so‘mga xarajatlar amalga oshiriladi. Shundan, ijtimoiy xarajatlar 54 foizni yoki 2 trillion 835 milliard so‘mni tashkil etadi.

Ma’lumki, 2023 yildan byudjet-soliq siyosatiga bir qator o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Jumladan, tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash borasida qo‘shilgan qiymat solig‘ining amaldagi stavkasi 15 foizdan 12 foizgacha pasaytirildi. Bu soliq siyosatidagi tarixiy muhim o‘zgarishdir. Soliq stavkasining 3 foizga pasaytirilishi natijasida viloyatda tadbirkorlar ixtiyorida qariyb 200 milliard so‘m aylanma mablag‘ qolishi kutilmoqda.

Aylanmadan olinadigan soliqning amaldagi 14 ta faoliyat turi bo‘yicha 4 foizdan 25 foizgacha belgilangan stavkalar unifikatsiya qilinib, yagona 4 foiz etib belgilanmoqda. Shu bilan birga, tovar aylanmasi 500 million so‘mgacha bo‘lgan tadbirkorlar uchun yiliga 20 million so‘m, aylanmasi 500 million so‘mdan yuqori bo‘lganlar uchun 30 million so‘m miqdorida qat’iy belgilangan soliqni har oyda teng ulushlarda to‘lash huquqi berilmoqda. O‘z navbatida ushbu soliq to‘lovchilar buxgalteriya hisobini yuritishdan ozod etiladi.

Shuningdek, byudjet daromadlari barqarorligini ta’minlash maqsadida 2023 yilda asosiy quyidagi soliq stavkalari o‘zgarishsiz qoldirildi. Jumladan, foyda solig‘i 15 foiz, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i 12 foiz miqdorida saqlab qolinadi. Bundan tashqari, mahalliy byudjet daromadlarini mustahkamlash maqsadida yakka tartibdagi tadbirkorlarning daromad solig‘i, jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i, cuv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer solig‘ining bazaviy stavkalari o‘rtacha 10 foizga indeksatsiya qilinadi.

Umuman, soliq siyosatidagi o‘zgarishlar va qo‘llanadigan koeffitsentlarni inobatga olgan holda, 2023 yilda viloyat mahalliy byudjeti daromadlari 3 trillion 817 milliard so‘m, xarajatlari esa 4 trillion 463 milliard so‘m miqdorida prognoz qilinmoqda.

Viloyat byudjeti umumiy xarajatlarining 62 foizi yoki 2 trillion 779 milliard so‘mi ijtimoiy sohani qo‘llab-quvvatlash maqsadlariga yo‘naltirish rejalashtirilgan.

Kelgusi yilda iqtisodiyot xarajatlariga esa 665,5 milliard so‘m ajratish ko‘zda tutilmoqda.

Sessiya ishida deputatlar tomonidan bir qator savollar va takliflar o‘rtaga tashlandi. Shunga ko‘ra, Xalq deputatlari viloyat Kengashining “Buxoro viloyatining 2023 yilgi mahalliy byudjetini tasdiqlash to‘g‘risida”gi tegishli qarori qabul qilindi.

Zarif Komilov, O‘zA