English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bunyodkorlik salohiyatimizning amaliy ifodasi
23:55 / 2022-08-10

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 avgust kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Poytaxtimiz Toshkent tarixiy jozibasini saqlagan holda yangilanib, uzoqni o‘ylab tuzilgan reja asosida izchil rivojlanib, zamonaviy qiyofa kasb etmoqda. Muhtasham inshootlar, ilm-fan maskanlari, turar joylar, ijtimoiy ob’ektlar, yo‘l va ko‘priklar, so‘lim bog‘ va xiyobonlar barpo etilmoqda.

Davlatimiz rahbari dastlab Toshkent arxitektura-qurilish institutining yangi binosini borib ko‘rdi.

Prezidentimiz bu yerga 2020 yil oktyabrda kelgan, institut negizida qurilish klasteri tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi. Shundan so‘ng ajratilgan maydon kengaytirilib, yangi loyiha ishlab chiqildi.

Avvalo, institut uchun ikkita 5 qavatli o‘quv korpusi, 8 qavatli ma’muriy bino barpo etildi. Qurilish materiallari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot markazi, laboratoriyalar, sport majmuasi, yotoqxona shu yerga joylashtirildi. Tashrif chog‘ida davlatimiz rahbari ushbu bunyodkorlik ishlari, ta’lim maskanining faoliyati bilan tanishdi.

Institutda 4 ta fakultet va 23 ta kafedra bor. Bakalavriatda 22 ta, magistraturada 25 ta mutaxassislik bo‘yicha ta’lim berilmoqda. Zamon talablaridan kelib chiqib, “aqlli” uylar va shaharlar infratuzilmasini loyihalash, mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi, inshootlar zilzilabardoshligi kabi yo‘nalishlar dasturga kiritilgan.

Yangi binolar foydalanishga topshirilishi bilan ta’lim qamrovi va sifati oshadi. 2022/2023 o‘quv yili uchun 1 ming 600 dan ziyod kvota ajratilgan. Ular bilan jami talabalar soni 7 ming 500 nafardan ortadi.

Davlatimiz rahbari shu yerda talabalar, doktorantlar va professor-o‘qituvchilar bilan suhbatlashdi.

– Biz qaysi sohani isloh qilishga kirishsak, avval maktab yaratishdan, kadrlar tayyorlashdan boshlayapmiz. Bu institut ham kelgusidagi bunyodkorlik ishlariga zamin bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois o‘quv dasturlari zamon bilan hamqadam bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi.

– Bugun qurilish sohasi mamlakatimiz iqtisodiyotidagi «drayver»lardan biri. Hamma joyda qurilishlar bo‘layapti, turli materiallar ishlab chiqarilyapti. Lekin besh yildan keyin bugungi bilim kamlik qiladi. Shuning uchun doim izlanishda bo‘lishingiz, o‘zingizga investitsiya qilishingiz kerak. Bu investitsiya nima? Kasbni mukammal egallash, til o‘rganish, ishlab, tajriba to‘plash, – dedi Prezident.

Muloqotda talabalar institutda yaratilgan sharoitlar haqida so‘zlab berdi, maqsadlari va takliflarini bildirdi.

Davlatimiz rahbari ularning takliflarini qo‘llab-quvvatlab, mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi. Talabalarning amaliyotini loyiha institutlari va qurilish kompaniyalarida tashkil etish, ilmiy ishlariga buyurtmalar shakllantirish zarurligi ta’kidlandi.

Joriy yil 6 iyul kuni qurilish va shaharsozlik bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Prezident kadrlar tayyorlash masalasiga alohida to‘xtalib, sohadagi oliy ta’lim muassasalarini transformatsiya qilish, ularga akademik va moliyaviy mustaqillik berish zarurligini aytgan edi.

Shunga muvofiq, institutning tashkiliy-boshqaruv tizimini isloh qilish boshlangan. Uni muhandislik, arxitektura, qurilish va qurilish materiallari texnologiyalari, raqamli qurilish yo‘nalishlariga ixtisoslashtirish mo‘ljallangan. Bu yildan “Raqamli Universitet” tizimini joriy etish, kelgusi o‘quv yilidan boshlab, kirish imtihonlarini xalqaro standartlar asosida yiliga ikki marta o‘tkazish rejalashtirilgan.

Prezidentimiz ommaviy axborot vositalari vakillari bilan ham suhbatlashdi.

Shundan so‘ng davlatimiz rahbari Yunusobod tumanidagi Sobirobod mahallasiga bordi.

Bu yerda 10 mingga yaqin aholi yashaydi. Mahallabay tizim natijasida ijtimoiy muhim masalalar hal etilmoqda. Ko‘p qavatli uylarning qiyofasi yangilandi, yo‘laklari, kommunikatsiya tarmoqlari ta’mirlandi.

Mahalla hududidan o‘tuvchi Yuqori Qoraqamish kanali atrofi ilgari qarovsiz, ko‘rimsiz joy edi. Endilikda obodonlashtirilib, so‘lim xiyobonga aylantirildi. Piyodalar uchun ko‘priklar, bolalar o‘yingohi va sport maydonchalari, velosiped yo‘lagi, favvora barpo etildi. O‘rindiqlar, shaxmat stoli, charxpalak o‘rnatildi. Daraxtlar ekilib, chimlar yotqizildi. Kanal atrofidagi hududda 300 metr uzunlikdagi ishkomlar o‘rnatilib, uzumlar ekildi.

Davlatimiz rahbari ushbu sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Mahalla faollari, nuroniylar bilan suhbatlashdi.

– Hozir mahalla faollari katta bir komanda bo‘ldi. Raisning yonida o‘rinbosarlari, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, profilaktika noziri bor. Bo‘lgandayam, oyligi, sharoiti, vakolati bilan bor. Endi shunday munosabatga javoban mas’uliyat ham bo‘lishi kerak. Jamiyatdagi o‘zgarishlarda mahalla tashabbuskor, xalqqa yelkadosh bo‘lishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Sobirobod mahallasining o‘sish nuqtasi – tadbirkorlik. Bu yerda o‘nlab sub’ektlar – ishlab chiqarish korxonalari, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, xususiy klinikalar, oziq-ovqat do‘konlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Bunday ishlar boshqa mahallalarda ham yo‘lga qo‘yilgan.

Shu yerda Bosh vazir o‘rinbosarlari mahalla faollari oldida Yunusobod tumaniga qancha investitsiya jalb etilishi, qancha ish o‘rni yaratilishi bo‘yicha axborot berdi.

Davlatimiz rahbari Yashnobod tumanida tashkil etilgan ipoteka markazini ham borib ko‘rdi.

Aholini uy-joy bilan ta’minlash doim muhim masala. Davlat va xususiy sektor tomonidan ko‘plab uylar qurilayotgani bunga imkoniyat yaratmoqda. Ularni sotib olish uchun ko‘maklashish maqsadida ipoteka kreditlari taklif etilmoqda. Lekin bu boradagi imkoniyat va tartiblardan hamma ham xabardor emas.

Masalan, joriy yilda ipoteka kreditlari uchun tijorat banklariga byudjetdan 13 trillion so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan. Lekin olti oyda aholiga bu mablag‘larning 30 foizi berilgan, xolos.

Shu bois Prezidentimiz 6 iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bu borada byurokratiyani kamaytirish, aholiga kompleks xizmat ko‘rsatadigan ipoteka markazlari tashkil qilish zarurligini aytgan edi.

Birinchi shunday markaz poytaxtimizda ish boshladi. Bu yerda ipoteka bozoridagi takliflar umumlashgan va shaffof tizim yo‘lga qo‘yilgan. Tashrif buyuruvchilarga Toshkent shahrida qurilayotgan uylar, ularga xizmat ko‘rsatadigan banklar, ipoteka kreditlari shartlari haqida batafsil ma’lumotlar beriladi. Oldi-sotdi, garov va ipoteka krediti shartnomalarini rasmiylashtirish tartibi, uy-joyga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish masalalarida ham yordamlashiladi. Eng muhimi, barcha xizmatlar bir joyda ko‘rsatiladi.

– Xalqimiz turmushini yaxshilash uchun qancha qarorlar chiqayapti, qulayliklar yaratilyapti. Lekin ko‘pchilik bundan to‘la xabardor emas. Bilganlar ham qayerga borishni bilmay, ovora bo‘ladi. Bu markaz uy olishni istaganlarga kompleks xizmat ko‘rsatib, og‘irini yengil qiladi. Endi markazning elektron platformalarini rivojlantirib, odamlarga yanada qulaylik yaratish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari minglab odamlar tomorqa uchun ipotekadan foydalana olmayotganiga e’tibor qaratib, mutasaddilarga bu bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

– Tomorqa ipotekasini joriy qilish kerak. Tomorqa ipotekasi bu xalq ipotekasi bo‘ladi, – dedi Prezident.

Markazda qurilish va developer kompaniyalar o‘z ofislarini tashkil etgan. Xaridorlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Toshkent ipoteka markazi barchaga – yer uchastkalarini sotib olishni istagan tadbirkorlarga, developerlik kompaniyalariga hamda ipoteka krediti asosida xonadon sotib olishni istagan jismoniy shaxslarga juda foydali platformaga aylanadi. Bu kabi loyihalarning qo‘llab-quvvatlanishi esa sohadagi ko‘plab masalalarning hal etilishiga asos bo‘ladi.

Ziyodulla JONIBEKOV,

Ikrom AVVALBOEV,

O‘zA muxbirlari