English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BUGUN: gazetalarni varaqlaganda…
10:12 / 2023-07-20

_

“Yangi O‘zbekiston”ning bugungi sonida “Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz arab davlatlari ishonchli va uzoq muddatli hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor” sahifasi e’lon qilingan. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yilning 18-19 iyul kunlari Jidda shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi yetakchilarining birinchi sammitidagi ishtirokiga oid tafsilotlar  o‘z aksini topgan. Shuningdek, gazetada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ko‘rfaz arab davlatlari – Markaziy Osiyo oliy darajadagi birinchi sammitidagi nutqi ham e’lon qilingan. Saodat asri ostonasida; qishloq xo‘jaligida ulkan imkoniyatlar; ma’rifat va tarbiya; yashirib bo‘lmaydigan haqiqat kabi masalalar aks etgan sahifa, maqolalar hayotiy, samimiyligi bilan gazetxonni befarq qoldirmaydi.

“Xalq so‘zi”da ham davlatimiz rahbarining Saudiya Arabistoniga qilgan rasmiy tashrifi yakunlariga oid sahifa, shuningdek, Ko‘rfaz arab davlatlari – Markaziy Osiyo oliy darajadagi birinchi sammitidagi nutqi bilan tanishasiz. Dunyo nigohi; aks-sado; munosabat, achchiq, ammo ochiq gaplar; meros; Xiva – 2024 yilda Islom dunyosining turizm poytaxti kabi  ruknlarida berilgan sahifa, maqolalarda kunning muhim  voqealari tafsiloti, tahlili aks etgan.

“Ishonch” gazetasining bugungi soni qiziqarli maqolalarga boy. “Xonoboddan taralayotgan “Dunyo sadolari” maqolasidagi ruh qalbingizga ko‘chadi, aks-ado beradi. “Zomin ilhomlari” maqolasi 3 kun davomida O‘riklisoyda bo‘lib o‘tadigan yosh ijodkorlarning Zomin respublika seminari shukuhi haqida. “Yalang‘och” ertak kitoblarni chiqarayotganlar kimlar?”, “Andijon adirlarida paydo bo‘layotgan xavf” maqolalarida ko‘tarilgan muammolar, savollar gazetxonni o‘ziga jalb qilishi bilan birga tegishli tashkilot, tizim mutasaddilardan aniq javoblar ham talab qilishi bilan ham ahamiyatli... “Olamni mot aylagan o‘zbek o‘g‘lonlari” sahifasi ruhingizni ko‘taradi.  Jurnalist Yormamat Rustamovning “Moziyga nazar” ruknida berilgan “Maqbaragacha emaklab borgan shayx va tonggacha qilingan tilovat... Sobiq ittifoq davrida Imom al-Buxoriy merosiga e’tibor qaratilishiga nima sabab bo‘lgan edi?” maqolasini e’tibor bilan o‘qib chiqishingizni tavsiya qilamiz...

“XXI ASR”ning bugungi sonida e’lon qilingan “Yurt bitta, Vatan bitta – u jonajon O‘zbekiston!” maqolasi e’tiborli. “Deputat va saylovchi: muammolarga yechim topilayotgan muloqotlar”, “Boqimondalikni or deb biladi ular” kabi maqolalarda bugungi turmush muammolari, muammolarning yechimi yo‘llari aks etgan. Taniqli jurnalist Ro‘zimboy Hasanning Xorazmdan tayyorlagan “Senga insof bersin, bozorchi!” maqolasida ko‘tarilgan muammo barcha bozorlarga tegishliligi bilan e’tiborli. Gazeta bosh muharriri Norqobil Jalilning “Umrlar bo‘ladiki... Alp Jamol nega 110 yildan keyin Yozuvchilar uyushmasiga a’zo bo‘ldi?” maqolasi egilgan, bukilgan ammo sinmagan haqiqat haqida...

“Qishloq hayoti”da e’lon qilingan “Agrar sohada ilg‘or rivojlanishni tashkil etishda Sirdaryo tajribasi”, “Atrof-muhit muhofazasi – dolzarb masala”, “Yagona yo‘l, yagona chora”, “Tejamkorlik – yarim rizq”, “Organik yoki noorganik mahsulotlar” kabi maqolalarda qishloq hayoti, dehqonchilik sir-sinoatlari, istiqbollari haqida so‘z boradi.

 Bugungi gazetalarni o‘qing.

O‘zA