
Yer yuzida siyosiy, iqtisodiy, gumanitar ahvol tez sur’atlarda o‘zgarib bormoqda. Axborot, xabarlar oqimi bir lahza bo‘lsin, to‘xtamaydi...
“Yangi O‘zbekiston” gazetasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 3 mart kuni Chimkent shahrida Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev bilan norasmiy uchrashuvi haqida xabar e’lon qilgan. Mehru muruvvat, akademik ta’lim, pulni boshqarish san’ati, “yashil belbog‘ – tabiatning muhofaza zonasi kabi masalalar aks etgan maqolalar e’tiborni tortadi. Farg‘ona politexnika instituti katta o‘qituvchisi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Shavkatjon Xonqulovning “Qayu millatda maktab o‘lmasa, beshak xarob o‘lgay... yoxud Hamza Hakimzoda Niyoziy hayotining hali o‘rganilmagan sahifalari” maqolasi orqali benazir shoir, dramaturg, jadid hayotining ibratli qirralari bilan tanishasiz.
“Xalq so‘zi” ham davlat rahbarining Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev bilan Chimkent shahridagi norasmiy uchrashuvi haqida xabar beradi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n yettinchi yalpi majlisi to‘g‘risidagi Axborot bilan ham gazeta orqali tanishasiz. “Qo‘shilmaslik harakati – muloqot uchun muhim maydon”, “Fransiyaning Tuluza shahrida “O‘zbek bog‘i” va Mirzo Ulug‘bek haykali ochildi” nomli maqolalarda O‘zbekiston va dunyo aks etgan. Yangilanayotgan Konstitutsiya – yoshlar nigohida, millatning hayot sarchashmasi, hech kim e’tibordan chetda qolmasligi kerak, jadidlar xizmati va ularga izdoshlik ruhi aks etgan maqolalar ham muhim va qiziqarliligi bilan e’tiborli.
“Ishonch”da e’lon qilingan “Ustuvorlik kasb etgan masala” sahifasi muhim va dolzarb. “Bo‘shab qolgan o‘rinlarga qayta saylov o‘tkazilmaydimi?”, “Oromgohlar mavsumga qanday hozirlanmoqda?”, “Ijtimoiy tarmoqlar qay so‘qmoqqa yetakklar?”, “Hokimlarga ishonchsizlik votumi yoxud uni joriy etish qanchalik dolzarb?” kabi maqolalarda ko‘tarilgan savollar gazetxon uchun ham qiziq. Atoqli so‘z ustasi, shoir Matnazar Abdulhakim ijodiga bag‘ishlangan “O‘zidan bahorlar qoldirgan shoir” sahifasi o‘quvchini betakror shoir ruhiy olami sari chorlaydi.
“Mahalla” – “Navro‘z” mahallalarda katta shodlik bilan boshlanadi” maqolasi bilan o‘z o‘quvchilariga yuzlanadi. “Hokimni tergab turish kerak...(mi?)”, “Chilimga tobelik nega ortib ketyapti?”, “Zamonaviy qo‘shnichilik o‘zlikni tark etyaptimi?” kabi maqolalarni chetlab o‘tolmaysiz. Ularda ko‘tarilgan savollar sizning qalbingizda ham ask-sado berib turadi. “Mahalla”ning bugungi sonida tosh bosadigan tahliliy maqolalarning ko‘pligi quvonarli. Albatta, o‘qing.
“Vatanparvar”da “O‘zbekiston tajribasi xorijlik mutaxassislar e’tiborida”, “Doim oxirigacha kurashaman”, “Muhabbat saroyida mangu qolganlar”, “Jasorat maktabi – yoshlar qanoti”, “O‘g‘lim sira bo‘lmaydi urush” kabi maqolalar zamirida hayotga, Vatanga bo‘lgan beg‘araz muhabbat bor...
bugungi gazetalarni o‘qing...
A.Narzulloyev, O‘zA