English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BUGUN: gazetalarni varaqlaganda...
11:41 / 2023-02-09

Kundalik gazetalarni qo‘lga olib, varaqlar ekanmiz, kunning muhim  axborot, xabar, maqolalaridan boxabar bo‘lish barobarida qalam ahlining zahmatli mehnatini ham his etib turamiz.

 “Yangi O‘zbekiston”da “Inson uchun o‘z mehnatlari samarasini ko‘rish, odamlarga quvonch ulashish – katta baxt” sahifasi e’tiborli. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev 8 fevral kuni poytaxtimizdagi bir qator muhim loyihalar bilan tanishgani, mahalla ahli bilan suhbati, shuningdek, mas’ullar va jamoatchilik vakillari bilan dolzarb masalalarni muhokamasi xususida so‘z boradi. “9 fevral – Alisher Navoiy tavallud topgan kun” ruknida berilgan “Erk va ulug‘lik timsoli”, “Xalq  shoiri yoxud komillik faqat o‘zingga emas, odamlarga manfaat yetishidir” sahifalari  buyuk shoir va jamiyat, inson qalbi va odamiylik, foniylik va abadiyat haqida. “Inson huquqlari sohasidagi sifatli ta’limdan inson huquqlari madaniyatini yuksaltirish sari”, shuningdek, “Xorijdagi vatandosh” ruknida berilgan “Davlatimiz himoyasida ekanimizni his qilib yashayapmiz” sahifalari ham o‘quvchi e’tiboridan chetda qolmaydi.

 “Xalq so‘zi”da ham davlat rahbari ishtiroki bilan bog‘liq rasmiy sahifa e’lon qilingan. “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari ko‘paytiriladi”, “Xalq farovonligi yo‘lidagi istiqbolli loyihalar”, “Yoshlar va internetdan foydalanish madaniyati” maqolalari, “Abadiyat gulshani” sahifasida hayot haqiqatlari, e’tirof, ajdodlarga ehtirom va muhabbat aks etgan. 

“XXI ASR”da e’lon qilingan “Uch hududda uch kunlik tashrif” sahifasi davlat rahbariningAndijon, Farg‘ona, Namangan viloyatlariga qilgan safari tafsilotlariga bag‘ishlangan. Jurnalist Farrux Jabborovning “Tarixda misli ko‘rilmagan falokat” maqolasi Turkiya va Suriyada yuz bergan zilzila oqibatlari, fojia ko‘lami xususida.  “Siyosat hech kimga o‘yinchoq emas”, “Harom luqma buyurmagay, halolidan ayirmasin degan millat farzandlarimiz. Sinovli kunlarda el rizqini yegan, nafsi halak otgan kimsalar insofga kelarmikan?”, “Ko‘pkari nega qoldirildi?”, “Ulug‘lik osmonining oftobi” kabi maqolalarda bugungi kun manzaralari,  bobolarga cheksiz ehtirom tuyg‘ularini his etib turasiz.

 “Ishonch”da e’lon qilingan “O‘ylanaman, yo‘lim tushsa Anjon sari...” sahifasi orqali bugungi zamonaviy Andijon sari safar qilgandek bo‘lasiz. Hazrat Alisher Navoiyning “Oshiq o‘ldum...” g‘azali ko‘ngilga quvvat beradi. “Ishchanlik muhiti qanday yaratiladi”, “Oq xalatlardagi adovat dog‘i” kabi maqolalar e’tiborli. Adabiyotshunos Sultonmurod Olimning “Lison ut – tayr” va jahon adabiyoti” sahifasi sizni buyuk shoir olami sari chorlaydi.

“Jamiyat”ning bugungi sonida e’lon qilingan maqolalar ham e’tiborli. “Moziydan bir sahifa” –  filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Alijon Safarovning ikkinchi maqolasida o‘tmishdan hikmatlar sadosi eshitilib turadi.  “Dunyo va o‘zbeklar” ruknida berilgan “Vatan mening ichimda!..” maqolasi inson va uning kindik qoni to‘kilgan tuproq haqida. “U ekkan nihollar chinor bo‘lgaydir”, “Oltin” ko‘ylak sindromi yoxud pul topish uchun insofdan kechish shartmi?” maqolalarida inson umrining ikki qutbi – nuqtasi aks etgan. Navoiyxonlik sahifasida navoiyshunos Olimjon Davlatovning “Mashshotayi qazo bezamish xolu xattini...” g‘azali sharhi bilan tanishasiz.

“Milliy tiklanish”dagi bir qator maqolalar o‘quvchi e’tiboridan chetda qolmaydi. “Birodarlarimiz, jondek aziz qardoshlarimiz bilan HAMDARDMIZ!” sahifasi orqali yangragan xitob sizning ham qalbingizdan otilib chiqayotganini his etib turasiz. “Vodiyga safar davomida deputatlar oldiga katta vazifalar qo‘yildi”, “Davlat va xususiy sektor:energetika sohasidagi hamkorlik qanday natija beradi?”, “Buxoroning bosh jadidi” kabi maqolalari muhim va jiddiyligi bilan e’tiborni tortadi. 

“Qishloq hayoti”da e’lon qilingan “Jizzaxda suv tejovchi texnologiyalarning butlovchi qismlari tayyorlanmoqda”, Fermer xo‘jaliklari suv resurslaridan shartnoma asossida foydalanadi”, “To‘dako‘l suv havzasi jurnalistlar e’tiborida”, “Yaqinda bahor keladi” kabi maqolalarda qishloqlarmizdagi asl hayot, suv atalmish ne’matning qadri haqida so‘z boradi.

bugungi gazetalarni o‘qing.

                                                                                      A.Narzulloyev, O‘zA