English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BUGUN: gazetalarni varaqlaganda...
11:14 / 2023-02-08

Kundalik gazetalar – vaqtli matbuot jamiyatning urib turgan tomiriga o‘xshaydi...

 “Yangi O‘zbekiston”da 7 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning turkman xalqining milliy yetakchisi va Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqoti, davlat rahbari huzurida inflyatsiya darajasini pasaytirish choralari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish to‘g‘risida sharh e’lon qilingan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan ham gazeta orqali tanishishingiz mumkin. ”O‘zbekistonlik qutqaruvchilar Turkiyadagi zilzila oqibatlarini bartaraf etishda faol ko‘mak ko‘rsatmoqda”, “Seysmik faollikning O‘zbekistonda  ta’siri qanday?”, “Binolar zilzilabardoshligi qanday mezonlar asosida aniqlanadi?” kabi maqolalar gazetxon diqqat markazida bo‘ladi. “Izchil va hayotbaxsh yangilanishlar”, “IPO – iqtisodiy barqarorlik lokomotivi”, “Navoiydan uzoqlashgan avlod bizdan emas...” maqolalarida jamiyatning bugungi ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy qiyofasiga chizgilar aks etgan.

“Xalq so‘zi”da ham davlat rahbari ishtiroki bilan bog‘liq muhim xabar, sharh, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilingan. “Zo‘ravonlik holatlariga befarq qarab bo‘lmaydi”, “Anomal sovuqning qishloq xo‘jaligiga ijobiy va salbiy ta’siri to‘g‘risida soha olim va mutaxassislarining fikrlari qanday?”, “Sudyaning ongida adolat, tilida haqiqat, dilida poklik hukmron bo‘lishi kerak” kabi bir qator tahliliy maqolalar gazetxon e’tiboridan chetda qolmaydi.

“Hurriyat”da bir qator jiddiy maqolalar bor. “Buyuk shoirning xalqparvarligi yoxud Hirotdan Xorazmga ming oila ko‘chgan (mi?)”, “Turkiya: zilziladan keyin” sahifalarini, albatta, o‘qing. “Singapurlik mutaxassislar nima deyishdi? Yoxud dizayn fikrlash, maktablardagi asosiy muammolar va aql ko‘zi haqida...” maqolasi ta’lim tizimini yaxshilishga qaratilgani bilan e’tiborli. “Radio o‘z nufuzini saqlab qoladi...mi?” maqolasi ham muhim. Jon qulog‘imiz bilan tinglab kelgan radioning taqdiri o‘quvchini befarq qoldirmaydi.  “Xorijda pedofillar qanday jazolanadi?”, “Attestatsiya korrupsiya bilan egizakmi?”, “Pushaymonlik” kabi maqolalar jiddiy, mushohadalarga boyligi bilan e’tiborli. 

“Maʼrifat”  ko‘pchilikni qiziqtiradigan, muhim va dolzarb mavzular, ta’lim tizimi bilan bog‘liq masalalarni yoritishda davom etadi. “Ma’rifat”siz ta’lim – 2... yoxud Oltinsoyda bu yil ham bir dona “Ma’rifat” keladi” maqolasi o‘qituvchi – muallimlar uchun jiddiy ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘lib yangraydi. “Kitobga qiziqishni yangi asr texnikasi “tortib” olmasin”, “Murojaat va yechim: Toifasi tushirilgan o‘qituvchi qayerga boradi?”,  “Siz qachon dars o‘tasiz, muallim?!”, “Navoiy ma’naviy olamiga yo‘l”, “Bobur siymosi XX asr ingliz adiblari talqinida” kabi maqolalarda bugungi ta’lim, uning yutuq va muammolari xususida so‘z boradi, buyuklarga ehtirom aks etgan.

“Oʻzbekiston ovozi”da ham o‘quvchi e’tiborini tortadigan maqolalar  bir talay. Qardosh turk zaminida yuz bergan fojilarga bag‘ishlangan “Musibat va muhabbat” maqolasini yurakda iztirob bilan o‘qiysiz.  “Fraksiya savoliga javob topilarmikan?”, “Trillionlik dastur”, “Bazalt. Ko‘p qavatli uylar sovuq o‘tmaydigan bo‘ldi” kabi maqolalarda tahlil, ta’kid, birlik va yakdillikka intilish aks etgan.

“Yoshlar ovozi” – yoshlar minbari. “O‘zbekiston yoshlarni sevadi”, “Yoshlar tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi”, “Yangi O‘zbekiston islohotchilari”, “100 nafar yosh profilaktik hisobdan chiqarildi” kabi maqolalarda tezkor hayot, izlanish, yoshlar qalbiga yo‘l, vatanga muhabbat tuyg‘ulari mujassam. 

bugungi gazetalarni o‘qing.

   

                                                                                      A.Narzulloyev, O‘zA