
Rossiya-Ukraina
Yevropa Ittifoqi 20-21 mart kunlari Bryusselda ilk bor Mudofaa va xavfsizlik sohasida sheriklik bo‘yicha Shumana xalqaro forumini o‘tkazadi. Anjumanda YeI tarkibidagi 27 mamlakat va qariyb 40 sherik-davlat, shuningdek, NATO vakillari qatnashishi kutilmoqda. “TASS” diplomatik doiralardagi manbaga tayanib xabar berishicha, tadbirda, asosan, Ukraina mavzusi ko‘rib chiqiladi. Bir necha mamlakat Ukrainaga “MiG-29” qiruvchi uchoqlari berishini e’lon qilishi mumkin, dedi Polsha hukumati matbuot kotibi Petr Myuller.
“Tegishli qaror davlatlar guruhida muhokama qilinmoqda. Vaqti-soati yetganda bu haqda to‘liq ma’lumot beriladi”, deyilgan bayonotda.
Slovakiya Prezidenti Zuzana Chaputova harbiy ziddiyat paytida Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lib kirishi muhokamasini boshlash to‘g‘ri bo‘lmaydi, deb hisoblaydi. Davlat televideniyesi shu haqdagi bayonotdan iqtibos keltirdi.
Amerikalik bir guruh senatorlar mudofaa vaziri Lloyd Ostinga murojaat qilib, Kiyevga “F-16” qiruvchi samolyoti yuborish masalasini ko‘rib chiqishni so‘radi. Bu haqda “Fox News” telekanali xabar berdi.
Daniya Ukrainaga 150 million dollar miqdorida yangi harbiy yordam beradi, deya ma’lum qildi mamlakat Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.
“Bu qaror parlamentda bir ovozdan ma’qullandi”, deyilgan axborotda.
Amerika sobiq Prezidenti Donald Tramning bo‘lajak davlat rahbari saylovida Respublikachilar partiyasidan nomzodi ko‘rsatilishi Vashingtonning Kiyevga yordam ko‘rsatishini qiyinlashtirib qo‘yishi mumkin. Bu fikrni NATO sobiq Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen “Politico” nashri muxbiriga aytgan.
Kanada hukumati Ukrainaga navbatdagi, gaubitsa uchun snaryad, tank, havo hujumidan himoya tizimi uchun raketadan iborat, yordam jamlanmasi yuborilishini ma’lum qildi. Avvalroq Ottava Kiyevga “Leopard-2” tanki ikkinchi to‘plamini jo‘natgani to‘g‘risida mamlakat mudofaa vaziri Anita Anand xabar bergan edi.
“Axios” portali o‘z manbalariga tayanib, Isroil radio to‘lqinini to‘sadigan uchuvchisiz boshqariladigan uskunalarni Ukrainaga yetkazib berish uchun eksport litsenziyasini ma’qullagani xabarini tarqatdi.
Shvetsiya hukumati Ukrainaga 10 ta “Leopard” tanki yuborish bo‘yicha qaror qabul qilgan. Bu haqda AQSH mudofaa vaziri Lloyd Ostin jurnalistlar bilan kechgan suhbatda aytdi.
Bolgariya mudofaa sanoatini kengaytirishdan manfaatdor, ammo Ukrainaga qurol-aslaha yetkazib berish bo‘yicha yangi majburiyatni zimmasiga olmagan, deb ma’lum qildi hukumat matbuot xizmati.
Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Ukraina 2022 yil G‘arb davlatlaridan 117 ming qurol va qirg‘in vositasi olgan.
Yozuvchi Maksim Gorkiyning Ukrainadagi, Poltava viloyati Mirgorod tumani “Serednyaki” qishlog‘ida o‘rnatilgan haykali olib tashlandi. Bu haqda mahalliy "Zmist" nashri xabar qildi. Gazeta yozishicha, Gorkiy ukrain tilini bilmagan.
Abror XON,
O‘zA