English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bosh qomusimiz – erkin va farovon turmushimiz poydevori
17:14 / 2023-12-07

Termiz shahridagi San’at saroyida Konstitutsiyamiz qabul qilingan kunning 31 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Davlat va jamoat tashkilotlari, huquq-tartibot idoralari vakillari, harbiylar, mehnat faxriylari, faol yoshlar va xotin-qizlar ishtirok etgan tantanali tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov so‘zga chiqib, barchani qutlug‘ sana bilan tabrikladi. 

Ta’kidlandiki, Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz – umumxalq muhokamasidan o‘tgan, xalqimiz xohish-istaklari namoyon bo‘lgan tarixiy hujjat sifatida inson huquq va erkinliklarining mustahkam huquqiy asosi bo‘lib xizmat qilmoqda. 

Insoniyat to‘xtovsiz davom etuvchi globallashuv jarayonida yuzaga kelayotgan munosabatlarni hamda ijobiy natijalarga erishish uchun oldinga qo‘yilgan maqsadlar yo‘lini aniq belgilovchi tizimli talablarga ehtiyoj sezadi. Bu borada bir shaxsdan butun bir jamiyat, davlat manfaatlarigacha bo‘lgan ulkan qamrovni o‘zida mujassamlashtirgan qoidalar majmuining mavjudligi esa maqsadlarga erishish yo‘lida huquqiy kafolat bo‘lib xizmat qiladi. Unda xalqimizning Yangi O‘zbekistonni barpo etishdagi orzu-umid va intilishlari o‘z aksini topgan. Chunki, Qomusimizda Yangi O‘zbekiston strategiyasini amalga oshirishning siyosiy-huquqiy asoslari yaratilib, milliy davlatchilik taraqqiyotining tarixiy muhim bosqichida davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi. Tariximizda ilk bor O‘zbekiston – ijtimoiy davlat sifatida belgilanib, insonga e’tibor va g‘amxo‘rlik – davlat va jamiyatning eng asosiy burchi ekani mustahkamlandi. Davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bog‘liq normalar soni 3 barobar ko‘paytirildi. Ijtimoiy davlatga xos yondashuvlar ta’lim sohasiga oid ko‘plab modda va normalarda ham o‘z ifodasini topib, qariyb 2 barobarga oshdi. Inson huquqlariga oid normalar 3 baravardan ortiqqa ko‘paydi. 

Asosiy qonunimizda belgilangan normalar bilan sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar ham mamlakatimizda inson qadr-qimmati yuksak darajada ulug‘lanayotganini namoyon etmoqda. Xususan, yaqin yillarda ham hukm o‘qilgan shaxsga oqlov hukmi chiqarilishini hech birimiz xayolimizga keltirolmas edik. Bugun sohada yuz berayotgan o‘zgarishlar bu holatlarni oddiy voqelikka aylantirdi. Jinoyat qilgan shaxs jazosini olib, noo‘rin jazolanganlar oqlanmoqda. Shuningdek, yengilroq jazo tayinlash amaliyoti joriy etildi. Yilning o‘tgan davrida viloyatda 549 nafar shaxs sud zalidan ozod etilib, 689 nafariga nisbatan asossiz qo‘yilgan moddalar ayblovdan chiqarilgan. 13 nafari oqlangan. Xalqimizga xos kechirimlilik, bag‘rikenglik va olijanoblik tamoyillariga muvofiq bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, qilmishiga chin dildan pushaymon bo‘lib, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan shaxslarga nisbatan afv instituti muntazam qo‘llanmoqda. Bosh qomusimiz qabul qilinganining 31 yilligi munosabati bilan ham viloyatdan 44 nafar mahkum afv etildi. 

Tantanali tadbirda taniqli san’atkorlar va estrada xonandalari, milliy madaniy markazlar badiiy jamoalarining qiziqarli konsert dasturi namoyish etildi. 

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri