English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bolalarning huquq va qonuniy manfaatlari himoyasi kuchaytiriladi
17:44 / 2023-01-16

Keyingi vaqtlarda bolalarni diniy ta’lim olish uchun nazoratsiz turli chet el davlatlarida qoldirib kelish kabi salbiy holatlar kuzatilayotir. Bu esa voyaga yetmaganlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishiga sabab bo‘lmoqda. Shuningdek, ularning tartibsiz diniy ta’lim olishi va diniy ekstremistik oqimlar ta’siriga kirib qolish xavfini vujudga keltirmoqda.

Shu bois bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish maqsadida ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga bola huquqlari himoyasini yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.  

Loyihani moddama-modda muhokama qilish davomida deputatlar ushbu qonun bilan bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishi kafolatlanishini e’tirof etdilar.  

Shuning barobarida ularning dunyoviy bilimlarni egallashida cheklovlar yuzaga kelib qolmasligi lozimligiga ham e’tibor qaratdilar. Muhokamalarda ayrim moddalarni yanada takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.   

Shuningdek, yig‘ilish kun tartibidagi boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilib, partiya dasturiy vazifalaridan kelib chiqqan holda taklif va mulohazalar bildirildi.  

M.Komilova, O‘zA