
1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni yurtimizda keng nishonlanmoqda.
Bayram munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida “Bolalar tinch va baxtli hayot kechirishlari shart” shiori ostida sportning shaxmat turi bo‘yicha “Prokuror kubogi” uchun sport musobaqasi o‘tkazildi.
Unda universitet rahbari M.Rustamboyev va Toshkent harbiy prokurori A.Boboyev ishtirok etib, bolajonlarni bayram bilan qutlash bilan birga ularning kelajakda yaxshi inson bo‘lib voyaga yetishi, yurtimiz ravnaqi yo‘lida katta marralarni ko‘zlab, bunga erishishlari yo‘lida omad tiladi.
“Prokuror kubogi”ga poytaxtimizning Olmazor tumanida joylashgan 100-, 102- va 106-sonli maktab-internatlaridagi yuz nafarga yaqin tarbiyalanuvchi jalb qilindi. Shaxmatga qiziquvchi yoshlar o‘zaro g‘oliblik uchun bellashdi.
Tadbir davomida faxriy qorovul chiqishlari bayram tadbiriga o‘zgacha fayz kiritdi.
Musobaqaning g‘olib va sovrindorlari tantanali ravishda taqdirlandi. Bolajonlarga bayramona dasturxon ham yozildi.
N.Abduraimova,
O‘zA