
Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanidagi “Oqmachit” mahallasida joylashgan 13-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi.
2021 yilning 27 dekabr kuni “Oqmachit” mahallasidagi 30-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining foydalanishga topshirilishida 13-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi Sadoqat Ikromova tuman hokimi Ulug‘bek Fayziyevdan o‘zi ishlayotgan bog‘chani ham zamon talablariga mos ravishda ta’mirlashda amaliy yordam so‘ragan edi.

Tuman hokimi esa muammoni joyiga borib o‘rgangan va ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotini ta’mirlashga va’da bergan edi. Oradan bir yil vaqt o‘tib bog‘cha zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘ldi.
Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida 2,7 milliard so‘m mablag‘ evaziga ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi.

Shuningdek, tumandagi “Ayronchi” mahallasida ham “Obod qishloq” Davlat dasturi doirasida yangi davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti qurilib, foydalanishga topshirildi.
4,2 milliard so‘m sarflangan maktabgacha ta’lim tashkiloti 120 o‘ringa mo‘ljallangan. Bu yerda bolajonlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Bog‘chalarning ochilishida qatnashgan sektorlar rahbarlari, ota-onalar va mahalla faollari bolajonlar uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi. Bolajonlarga esa yangi yil sovg‘alari tarqatildi.
bugungi kunda Qiziltepa tumanida 3-7 yoshli bolalar soni 11 ming 761 nafar bo‘lib, ularning 8 ming 874 nafari yoki 75,5 foizi bog‘chalarga qamrab olingan. Ayni paytda tumanda 37 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, 9 ta davlat-xususiy sherikchilik va 129 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti mavjud.
A.Bo‘riyev, O‘zA