
Yangi yil arafasida Termiz shahridagi Baxshichilik san’atiga ixtisoslashtirilgan respublika maktab-internatiga boshqa hududlardan kelib o‘qiyotgan o‘quvchilar uchun yangi turar-joy binosi qurilib, foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari J.To‘rayev, ''O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati Termiz temir yo‘l birlashgan shifoxonasi bosh shifokori Ch. Qurbonov, O‘zbekiston Xalq Baxshisi Shodmon Xo‘jamberdiyev va boshqalar mamlakatimizda xalq og‘zaki ijodini qo‘llab-quvvatlab, kelgusi avlodlarga yetkazish, yosh avlodning noyob nomoddiy madaniy merosimizga qiziqish va intilishini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Termiz shahridagi Baxshichilik san’atiga ixtisoslashtirilgan respublika maktab-internati ham ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.

O‘tmishdan buyuk baxshi-shoirlarga beshik bo‘lgan vohadagi 250 o‘rinli baxshichilik san’atiga ixtisoslashtirilgan respublika maktab-internatida mamlakatimizning Toshkent shahri, Qashqadaryo, Farg‘ona, Samarqand, Navoiy kabi viloyatlari hamda surxondaryolik yoshlar ta’lim olib, qadimiy va nafis san’at sirlarini qunt bilan o‘rganmoqda.

Maktab-internat uchun qiymati 10 milliard so‘mlik yangi turar-joy binosini ''O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining qurilish korxonasi tez va sifatli barpo etdi. 150 o‘ringa mo‘ljallangan yotoqxonada o‘quvchilar uchun barcha sharoit yaratilgan.

Tadbir ishtirokchilari do‘mbira bilan do‘st tutinayotgan yoshlarga sovg‘a qilingan zamonaviy turar-joy binosi bilan yaqindan tanishtirildi.

Tantanali marosim mashhur baxshilar, san’at ustalari va yosh baxshilarning qiziqarli konsert dasturi bilan yakunlandi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri