English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bo‘kada “Qishloq xo‘jaligi xodimlari salomatligi oyligi” aksiyasi o‘tkazilmoqda
10:21 / 2023-02-04

Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan mamlakatimizda ilk bor “Qishloq xo‘jaligi xodimlari salomatligi oyligi” aksiyasi boshlandi.

Xususan, 1 fevraldan 1 martgacha bo‘ladigan ushbu aksiya doirasida Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanidagi 6-oilaviy poliklinikada tashkil etildi. Unda hududdagi fermerlar, dehqon va bog‘bonlar, klaster xodimlari va ularning oila a’zolari profilaktik va chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar hamda skriningdan o‘tkazilmoqda.   

Sog‘liqni saqlash vazirligi boshqarma boshlig‘i Barno Odilovaning ta’kidlashicha, bu jarayonda agrar soha xodimlari orasidan tibbiy xizmatga ehtiyoji bor kontingent hamda ularning oila a’zolari ro‘yxati shakllantirildi. Keyin  yoshi, jinsi va salomatlik holatidan kelib chiqib, ular tegishli guruhlarga ajratib olindi. Shundan so‘ng ular maxsus tibbiy brigadalar tomonidan tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazilyapti.  

Hozir 130 ming nafardan ortiq aholi yashaydigan Bo‘ka tumanida ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika bilan birga 5 ta oilaviy poliklinika, 5 ta oilaviy shifokor punkti bor bo‘lib, ularda aholiga birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatilyapti.  

Tumanda 700 ga yaqin fermer xo‘jaligi faoliyat yurityapti. Ushbu xo‘jalik rahbarlari, xodimlari va ularning oila a’zolari navbati bilan tibbiy ko‘riklarga jalb qilinyapti.    

 — 30 yildan beri dehqonchilik bilan shug‘ullanaman, — deydi “Islom” fermer xo‘jaligi rahbari Abdurasul Abdurazzoqov.  — Keyingi yil pensiyaga chiqaman, deb turibman. Fermerlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishadi, deb xabar berishgani uchun keldim. O‘zimizni do‘xtirlarmi desam, ko‘pchiligi poytaxtdan kelgan ekan. Xursand bo‘ldim.   

Shuningdek, aksiya doirasida homiladorlar, yangi farzandli bo‘lgan ayollar, chaqaloqlar, yotib qolgan, keksa, o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bor shaxslar bo‘lsa, ushbu qatlam oila shifokori va oila hamshiralari tomonidan patronaj qilinmoqda. Zarur hollarda tor soha mutaxassislari ishtirokida xonadonlarning o‘zida ko‘riklar amalga oshirilmoqda.  

 Tibbiy ko‘riklar davomida 18 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan aholi — oila shifokori profilaktik ko‘rigidan, 40 va undan katta yoshdagi aholi — yuqumli bo‘lmagan kasalliklar skriningidan o‘tkazilyapti.  

Bundan tashqari, 35-55 yoshli ayollar — bachadon bo‘yni saratoni tekshiruvidan, 45-65 yoshli ayollar — ko‘krak bezi saratoni skriningidan, 15-49 yoshli xotin-qizlar — profilaktik ko‘rik, homiladorlikka monelik aniqlash ko‘rigi tashkil etilgan.  

 Sil kasalligi bo‘yicha xavf guruhiga mansub qatlam — flyuorografik tekshiruvdan, surunkali kasalligi bor bemorlar — oilaviy shifokor va tegishli tor soha mutaxassislari tomonidan dispanser ko‘rigidan, 1-18 yoshli bolalar — chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan, 2-10 yoshli bolalar — gelmintozga tekshiruvdan, 3-18 yoshli bolalar — onkogematologik kasalliklar skriningidan o‘tkazilmoqda.    

Tekshiruv natijalariga ko‘ra, aniqlangan kasalliklar bo‘yicha davlat ko‘magida bemorlarning salomatligini tiklash choralari ko‘riladi.    

A.Musayev,O‘zA.