
Mart oyining boshlarida ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Bo‘ka tumanidan tuxumsimon 2 ta xum va 2 ta o‘rta asrlar arxeologik yodgorliklarga tegishli ashyolar topilgani haqidagi xabarlar tarqaldi.
Xabarlarda topilgan tarixiy ashyolar orasida sirtiga ayol qiyofasi bo‘rttirib gavdalantirilgan toshbaqasimon ko‘za juda noyobligi, bunday idish Toshkent viloyatida ilk bor topilgani, u qadimgi yunon an’anasiga mos ravishda ishlangani keltirilgan.
Xo‘sh, bu xabar haqiqatga nechog‘li yaqin? Rostdan ham Bo‘ka tumanidan noyob ashyolar topilgani rostmi? Bu ashyolarni topgan qahramonlar kimlar aslida?
Shu kabi savollarga O‘zbekiston fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi katta ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Dilmurod Normurodov javob berdi.
— Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati hududidan noyob arxeologik ashyolar topilgani haqidagi xabar tarqaldi. Bu qanday sodir bo‘ldi?
— Toshkent vohasida 850 dan ortiq arxeologik yodgorliklar aniqlangan. Bular qadimgi tosh davri manzillari, qoyatosh sifatlar, qadimgi qishloqlar, o‘rta asrlarga oid shaharlar, alohida makonlar, qadimiy qal’a va qo‘rg‘onlarni tashkil qiladi. Eng oxirgi o‘rgangan noyob ashyolarimizdan biri Bo‘ka tumanida joylashgan Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasida asrab kelinayotgan 5 dona kulolchilik buyumlari ko‘zdan kechirildi.
Bu ashyolarning saqlanayotgani haqida ma’lumotga ega bo‘lsakda qaysi davrga oidligi, pishiqligi va ahamiyati qandayligini ilmiy jihatdan hali o‘rganmagan edik.

O‘rganilgan ashyolar ichida toshbaqasimon, ayol qiyofasi bo‘rttirib aks ettirilgan idish noyobdir. Bunday idish Toshkent viloyatida ilk bor o‘rganildi. U qadimgi yunon an’anasiga mos ravishda ishlangan. Bunday idishlarda odam qiyofasini aks ettirish urfi Choch-Toshkentga salavkiylar sarkardasi Demodamning (miloddan oldingi 3-asr) kirib kelishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Idishda uning bosqini natijasida kirib kelgan diniy qarash – yunon ma’budasi o‘z aksini topgan. U qiyofa hozirgi Turkiyada miloddan oldingi 2 asrda qurilgan Apollon ibodatxonasining ramzi – marmarga o‘yilgan Meduzaga o‘xshash. Yunon mifologiyasiga ko‘ra u juda go‘zal bo‘lgan.
Xullas, Bo‘kadan o‘rganilgan kulolchilik mahsulotlari miloddan oldingi III asr va o‘rta asrlardagi Choch-Toshkent vohasi tarixining ayrim jihatlarini yoritishda muhim ashyoviy dalillar sirasidandir. Bu ko‘za Toshkentga qadimda madaniyat tashuvchilar tomonidan olib kelinganini ko‘rsatyapti. U oldindan aniq bo‘lsada endi e’tiborimizga tushib, o‘rganishimizga sabab bo‘ldi.
— Bu ashyolar oldindan bor ekan, ijtimoiy tarmoqlarda noyob ashyolar topildi, sarlavhasi ostida berilishining sabablari nimada?
— Bo‘ka tumanidagi noyob ashyolar o‘rganilgani haqida Fanlar akademiyasining saytida taxminan bir yarim qog‘oz atrofidagi matn hamda suratlar bilan maqola e’lon qilgan edim. Aslida birinchi manbaada ashyolar oldindan borligi haqida yozilgan. Nafaqat o‘zbek tilidagi, hattoki rus tilidagi ijtimoiy tarmoqlarda ham shoshma-shosharlik qilib, shov-shuv ko‘tarish maqsadida topildi kabi sarlavhalar bilan berildi. Ashyolarning nechinchi asrga tegishli ekanligi haqida ham xabar tarqatuvchilarning o‘zlari fikr bildirishdi.
Go‘yoki ashyolarni ijtimoiy tarmoq vakillari o‘rgangan, davrini aniqlagan va o‘zlarining tarmoqlarida e’lon qilayotgandek. Matnlarning aksariyati birinchi qo‘yilgan xabar bilan bir xil. Faqatgina “o‘rganildi”, degan so‘zning “topildi” jumlasiga almashtirilishi yolg‘on ma’lumotlarni keltirib chiqardi. Bunday yolg‘on xabarlarni tarqatish ilmiy estetikaga, mualliflik huquqiga putur yetkazadi. Ijtimoiy tarmoq vakillari yangilikni tarqatgani yaxshi lekin, iloji boricha muallif hamda xabar manbasini ko‘rsatishsa yaxshi bo‘lar edi.
Ijtimoiy tarmoqlarda shunday xabarlarning tarqalishi ulardan o‘g‘irlab maqola yozadiganlarga juda qo‘l keladi. Shularni inobatga olib, tarixga oid juda ko‘p aniqlagan sirlarimizni keng ommaga targ‘ib qilishdan o‘zimizni tiyishimizga to‘g‘ri kelyapti. Chunki biz muallif sifatida o‘rgansakda boshqalar uni ko‘chirib olib, bosma shaklda chiqarsa, o‘sha odam haqiqiy muallifga aylanib qolishi mumkin. Shu kabi holatlarni inobatga olib, hozircha ayrim o‘rganishlarimizni e’lon qilmaslikka sabab bo‘lyapti.
OAV vakillaridan hamda ijtimoiy tarmoq faollaridan har bir xabarni tarqatishdan oldin manbasini chuqur tekshirib, o‘rganib, keyin shov-shuv ko‘tarishlarini so‘rab qolgan bo‘lardim. Chunki ilmiy asoslangan, o‘rganilgan har bir noyob ashyolar ortida qaysidir olimning katta mehnati, izlanishi turadi.
O‘zA muxbiri Nigora Rahmonova
suhbatlashdi.