
Joriy yilning 7-10 sentyabr kunlari Livanning Bayrut shahrida para taekvondo bo‘yicha Osiyo ochiq chempionatida para taekvondochilarimiz 3 tadan oltin va kumush hamda 5 ta bronza, jami 11 medal jamg‘arib, umumjamoa hisobida 22 davlat orasida ikkinchi o‘rinni egalladi.
Ushbu musobaqada terma jamoamiz murabbiyi Bobur Qo‘ziyev musobaqaning eng yaxshi murabbiyi sifatida e’tirof etilib, maxsus kubok bilan taqdirlandi.

Mamlakatimizda yoshlarni sport bilan shug‘ullanishi va yuksak marralarni zabt etishida sport murabbiylarining o‘rni beqiyos. So‘nggi yillarda yurtimizda paralimpiya harakatiga qaratilayotgan ulkan e’tibor samarasida jismoniy imkoniyati cheklangan insonlar sport bilan shug‘ullanmoqda va o‘zlari tanlagan sport turlari bo‘yicha yuksak marralarni egallamoqda. Para taekvondochilarimiz qit’a va jahon chempionatlari, Paraosiyo hamda Paralimpiya o‘yinlarida erishayotgan yutuqlar soni yil sayin ortib bormoqda.
Para taekvondoni yanada ommalashtirish, erishilayotgan yutuqlar, galdagi vazifalar xususida para taekvondo bo‘yicha terma jamoa bosh murabbiyi Bobur Qo‘ziyev bilan suhbatlashdik.

– Yurtimizda para taekvondo qanday ommalashmoqda va ushbu sport turi bo‘yicha murabbiylar faoliyati qanday?
– Barcha paralimpiya sport turlari kabi para taekvondo bo‘yicha mamlakatimizda shug‘ullanuvchilar soni yil sayin ortib bormoqda. Hozirda respublikamizning har bir hududida alohida bo‘linmalar tashkil qilingan bo‘lib, u yerda murabbiylar ushbu yo‘nalish bo‘yicha malakalari oshiriladi. Malaka oshirish mobaynida murabbiylar para taekvondoga mos keladigan kategoriyalar, ularni shug‘ullantirish bo‘yicha yetarli ko‘nikmaga ega bo‘ladi va ularga litsenziya beriladi. Ular litsenziya olgandan so‘ng murabbiy sifatida o‘z faoliyatlarini olib boradilar.

– Seleksiya va terma jamoaga para taekvondochilarni saralash qanday amalga oshiriladi?
– Bugungi kunga kelib mamlakatimizda yuzdan ortiq murabbiylar bor. Seleksiya jarayonlarida birinchi navbatda murabbiylar o‘z hududidagi maktab va mahallalarga borib, para taekvondoga mos keladigan yoshlarni aniqlaydi. Ular ro‘yxatdan o‘tkazilib, saralangan yoshlar para taekvondo bo‘yicha mashg‘ulotlarga qatnaydi. Murabbiylarning tavsiyalariga ko‘ra har yili mamlakat chempionatida qatnashib, 1,2,3-o‘rinni olgan paralimpiyachilar terma jamoaga taklif qilinadi va ular orasidan eng yaxshilari termada qoladi. Bu tizim albatta shaffof va ochiq tarzda o‘tadi.
– Para taekvondochilarimiz erishayotgan natijalar haqida to‘xtalib o‘tsangiz?
– Hozirda para taekvondo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi 102 davlat orasida 3-pog‘onada bormoqda. Shogirdlarim haqida to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsam, Guljanoy Naimova, Ziyoda Isoqova, Asad Toshtemirov, Zuhriddin Tohirov, Qudrat Haydarov, Javohir Aliqulov, Sanjar Muxtorov. Kudratillo Sunnatov, Asil Gusanov, Qudrat Muhammadiyev kabi taekvondochilarimiz jahon reytingining yuqori pog‘onalarida bormoqda. Ular ishtirok etayotgan musobaqalarda doimo sovrinli o‘rinlarni qayd etib kelmoqda. Hozirda Paraosiyo va Paralimpiya o‘yinlarida shohsupaga ko‘tarilishdek buyuk maqsad qo‘yishgan. Umid qilamizki, ular o‘z maqsadiga erishadi.
– Para taekvondochilarimizning erishayotgan yutuqlariga dunyo havas qilmoqda. Biroq, har bir g‘alaba ortida yuqori tayyorgarlik yotadi. Shu sababli, Paraosiyo o‘yinlariga tayyorgarlik qanday kechmoqda?
–Ayni damda Paraosiyo o‘yinlarining 10 ta litsenziyasi mavjud. Ushbu yo‘llanmalarning 5 tasi reyting orqali va yana 5 tasi 2022 yil BAA mezbonligida o‘tgan saralash Osiyo chempionatida qo‘lga kiritilgan. Hozirda yo‘llanmaga ega bo‘lgan sportchilarimiz alohida shug‘ullanmoqda. O‘ylaymanki, Paraosiyo o‘yinlariga tayyormiz.
O‘zbekiston Paralimpiya qo‘mitasi tomonidan yetarlicha sharoitlar yaratilmoqda. Milliy terma jamoa uchun Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida sport-sog‘lomlashtirish lageri baza qilib berildi. U yerda tashkil etiladigan har bir yig‘in uchun qo‘mita tomonidan kerakli bo‘lgan sport anjomlari uzluksiz yetkazilmoqda. Shuningdek, chet davlatlardagi har bir musobaqa va o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlariga chiqish hech bir muammosiz amalga oshirilmoqda. Yana shuni ta’kidlab o‘tishim joizki, mamlakatimiz hududlarida Paralimpiya qo‘mitasining bo‘linmalari faoliyat ko‘rsatmoqda va u yerdagi murabbiy-sportchilarimiz sharoitlar muhayyo. Bu uchun mutasaddilarga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA muxbiri