English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BMTni isloh qilish - davr  talabi
18:04 / 2022-12-08

2022 yil yirik davlatlar o‘rtasida siyosiy ziddiyat, o‘zaro qarama qarshilik chuqurlashuvi yili bo‘lib tarixga kirsa, ajab emas.

Shunday bir davrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti faoliyatini, ayniqsa, tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashi zarur bo‘lgan asosiy institut -  Xavfsizlik kengashini isloh qilish bo‘yicha takliflar, yangi tashabbuslar ilgari surilmoqda. Bu borada hali bir qarorga kelinmadi. Muhimi, xalqaro munosabatlardagi o‘zgarishlarning umumiy tendensiyasini aniqlash, har bir mamlakat o‘zi va umum manfaatini himoya qilish mexanizmi, vositalarini aniqlab olishi uchun hozircha imkoniyat bor.

Ayni jarayonning borishi, BMTni isloh etishning asosiy maqsadi va yo‘nalishlari, islohot nimaga olib kelishi mumkinligi, davlatlarning takliflari zamirida qanday manfaatlar yotgani haqida siyosiy fanlar doktori, professor S.Jo‘rayev bilan suhbatlashdik.

- Sayfiddin aka, bir necha yildan buyon BMT faoliyatini isloh etish uchun amaliy harakatlar bo‘lyapti. Ijobiy o‘zgarishlar sirasiga 1963 yil Xavfsizlik kengashi doimiy a’zo bo‘lmagan to‘rt davlat hisobiga kengayganini aytishimiz mumkin. Umuman, bu tendensiya haqida nima deya olasiz?

- Avvalo shuni aytish kerak, BMT universal xalqaro tashkilot bo‘lib, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va gumanitar-madaniy jarayonni barqaror rivojlantirish, davlatlararo hamkorlikni uyg‘unlashtirishga xizmat qiladigan ko‘p tomonlama institut sifatida muhim ahamiyatga ega. Xavfsizlik kengashi esa jahonda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashda  strategik ahamiyatga ega.

Keyingi yillarda dunyo keskin o‘zgarmoqda, barqaror rivojlanish yo‘lida yangi xavf-xatar, tahdidlar ko‘paymoqda. Siyosiy ziddiyat bunday institutga ehtiyoj oshgani, XK o‘rnini bosa oladigan boshqa tashkilot esa yo‘qligini ko‘rsatayapti. Binobarin, xavf-xatarlar mazmuni va shakli ham o‘zgardi. Bir tomondan kuch markazlari ko‘paydi. Ikkinchi tomondan davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch so‘nib, turli siyosiy-harbiy nizolar chuqurlashib borishi, iqtisodiy kurash avj olishi, axborot-kiber urushi ko‘lami kengayishi mutlaqo yangi siyosiy reallikni keltirib chiqardi.

Bu nima degani? Dunyodagi barcha davlatlar o‘rtasidagi bog‘liqlik shu darajaga yetdiki, endi xalqaro xavfsizlik va tinchlikni faqat jamoa bo‘lib ta’minlash mumkin. Hozir hech bir davlat oldiga qo‘ygan maqsadiga o‘zi alohida erisha olmaydi. Shuning uchun davr rivojlanishi talabidan kelib chiqib, milliy manfaatni mavjud muammolarni birgalikda muhokama qilish orqali ta’minlashga qaratilgan ko‘p tomonlama yangi mexanizm va vositalarni shakllantirishga ehtiyoj xalqaro munosabatning bugungi dolzarb kun tartibiga aylandi. Boshqacha aytganda, ko‘p tomonlama konstruktiv siyosiy muloqot maydoniga intilish kuchaydi. Tabiiyki, bu jarayon BMT tashkil topgan davrdan keskin farq qiladi.

BMT nizomi doirasida qabul qilinayotgan qarorlar bajarilmayapti, samaradorlik tobora pasaymoqda, keskin o‘zgarib borayotgan yangi siyosiy sharoitga mos emas. Asosiysi, tashkilotda dunyo davlatlari faoliyati yetarli aks etmayapti. Qaror qabul qilishda besh-olti davlat hal qiluvchi ovozga ega ekani, shuningdek, tuzilma haddan tashqari byuroklatlashib ketgani islohot zaruratini keltirib chiqarmoqda.

- Shu yil sentyabr oyida BMT Bosh assambleyasi yig‘ilishida islohot bo‘yicha siyosiy muloqot bo‘lib o‘tdi, ayni masalada turfa takliflar kiritildi. Sizningcha, bu takliflarning mohiyati nimada? Tashabbuslar zamirida qanday manfaatlar yotibdi?

- Islohotga qaratilgan kun tartibiga nazar tashlasak, uch asosiy mazmun ko‘zga tashlanadi. Birinchidan, BMT faoliyatidagi tartib-qoidani takomillashtirish. Ikkinchi masala Xavfsizlik kengashi faoliyatiga oid bo‘lib, qaror qabul qilish jarayonida muayyan davlat manfaatiga mos kelmagan taqdirda, xulosani “bekor qilish huquqi” berilishidan kelib chiqib, doimiy va doimiy bo‘lmagan a’zolar sonini oshirish. Uchinchidan, XKga saylanish me’yorini takomillashtirish va ko‘rilayotgan masalalarni keng va har tomonlama muhokama etish Darhaqiqat, har bir taklif ostida mamlakatlar manfaati mavjud.

Qarorni bekor qilish huquqi va a’zolar safini kengaytirish maqsadi jiddiy tortishuvga sabab bo‘ldi. Bu jarayonda quyidagi o‘ziga xos jihatlar namoyon. Masalan, “qaror qabul qilish huquqi”ni cheklamaslik Rossiya, Xitoy, AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Faqat AQSH bu masalada muloqot tartibini o‘zgartirish tarafdori ekanini bildirdi. Ya’ni muayyan qarorni bekor qilayotgan davlat o‘z maqsadini keng asoslab berishi lozim.

Boshqacha aytganda, bu taklif BMT Bosh assambleyasida keng muhokama qilinishi kerak. Shunda barcha a’zo davlatlar qarorni bekor qilish sababi haqida kengroq ma’lumotga, masala yuzasidan fikr bildirish imkoniga ega bo‘ladi, deb hisoblanmoqda. Rossiya tomoni bunday masala faqat Xavfsizlik kengashi doirasida hal etilishi kerak, deya ta’kidladi. Xitoy vakili esa bu taklif qaror qabul qilish jarayoni yanada siyosiylashishga olib keladi, degan xulosani berdi.

A’zolar soni ko‘payishi bo‘yicha Xavfsizlik kengashi faoliyati samadorligini oshirishga qaratilgan muloqotga guvoh bo‘ldik. AQSH kengash Hindiston va Yaponiya hisobiga kengayishi kerak, dedi, Rossiya rivojlanayotgan davlatlar, ya’ni Braziliya va Hindistonni qo‘shish taklifini kiritdi. Shuningdek, Germaniya, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Janubiy Afrika Respublikasi, Indoneziyani ham XKga a’zo qilish fikri ilgari surildi.

- Ko‘rinib turibdiki, ilgari surilayotgan taklif va tashabbuslar bugungi kun dunyo siyosatida shakllanayotgan tendensiyalarga mos. Menimcha, bu maqsadlarni amalga oshirish mavjud imkoniyat, resurs va eng asosiysi, BMTga a’zo davlatlar siyosiy irodasiga bog‘liq. Shu ma’noda islohot istiqboli haqida nima deya olasiz? Umuman, bu orqali mintaqamizga qanday imkoniyatlar yaratib beriladi?

- Keyingi yillarda bildirilayotgan taklif, ilgari surilayotgan tashabbus, olib borilayotgan muloqotlar BMTni isloh etish zarurligini, bu reja o‘ziga xos istiqbolga egaligini ko‘rsatyapti. Asosiysi, jarayonda, deyarli, barcha davlatlar ishtirok etib, turli fikrlar bildirishmoqda. Fikrlar xilma-xil va shu bilan birga yagona maqsadga – tashkilot faoliyatini zamon talabiga javob beradigan tarzda rivojlantirish, samaradorlikni oshirishga yo‘naltirilgan. Muloqot rang-barangligi, bir-biriga qarama-qarshi fikrlar mavjudligidan qat’i nazar, vujudga kelayotgan global muammolarni yechishga qaratilgan, bajarish mumkin bo‘lgan qarorlarni qabul qilish va amalga oshirish istiqboli ko‘rinib turibdi.

Shuni alohida ta’kidlamoqchi edimki, bu jarayon tez, bir tekis kechmaydi. Har bir davlat, har bir xalq manfaatidan kelib chiqib, diplomatik mexanizm va vositalar orqali islohot qilishga to‘g‘ri keladi. Buning uchun o‘ziga xos tayyorgarlik, siyosiy safarbarlik va tashabbuskorlik talab qilinadi.

Menimcha, bunday islohotni bir necha bosqichda amalga oshirish mumkin. Dastlab islohot metodologiyasini shakllantirish, keyingi bosqichda strategiya ishlab chiqish zarur. Jarayon uzoq davom etishini hisobga olib, Xavfsizlik kengashini hozircha taklif etilayotgan Hindiston, Braziliya, Indoneziya, Germaniya, Yaponiya hisobiga doimiy bo‘lmagan a’zolar sonini kengaytirish masalasini ko‘rib chiqish o‘rinli, deb o‘ylayman.

Albatta, islohotdan har bir davlat va mintaqa manfaatdor. Jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, O‘zbekiston ham o‘z manfaatini himoya qilishi, mintaqaga doir ilgari surilgan va rejalashtirilayotgan yangi tashabbuslar amalga oshishi uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.

O‘zA siyosiy sharhlovchisi Abror G‘ulomov suhbatlashdi.