
BMT shtab-kvartirasida Xavfsizlik kengashining yangi saylangan beshta nodoimiy a’zolarining bayroqlarini ko‘tarishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Joriy yilning 1 yanvaridan boshlab Malta, Mozambik, Shveysariya, Ekvador va Yaponiya BMT Xavfsizlik kengashining nodoimiy a’zolari o‘rnilarini egalladi. Ularning vakolat muddati ikki yil. Nomzodlar beshta mintaqaviy guruhlar: Afrika, Lotin Amerikasi va Karib dengizi, Sharqiy Yevropa, Osiyo-Tinch okeani hududlari, shuningdek, G‘arbiy Yevropa va “boshqa” davlatlar tomonidan ko‘rsatiladi.
Malta, Mozambik, Shveysariya, Ekvador va Yaponiya 2021-yilda saylangan nodoimiy kengash a’zolari- Albaniya, Gabon, Gana, Braziliya va BAA qatoriga qo‘shildi. Yangi saylangan nodoimiy a’zolar Hindiston, Irlandiya, Keniya, Meksika va Norvegiya davlatlarining o‘rnini egalladi. Rasmiy bayroq ko‘tarish marosimi BMTda bir muncha yangilik hisoblanadi. U ilk bor 2018 yilda Qozog‘iston tashabbusi bilan o‘tkazilgan edi.
BMT matbuot xizmati