
“Qora dengiz don mahsulotlari tashabbusi” bo‘yicha BMT muvofiqlashtiruvchisi Amir Abdulla oziq-ovqat yuklangan kemalarning harakati payshanba kuni qaytadan boshlanishini ma’lum qildi.
"Ukrainadan don va oziq-ovqat mahsulotlari eksportini davom ettirish kerak. 2 noyabrda "Qora dengiz don mahsulotlari tashabbusi" doirasida kemalarning harakati ko‘zda tutilmagan bo‘lsada, yuk ortilgan kemalar payshanba kuni yo‘lga chiqishini kutmoqdamiz", – deb yozdi u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Seshanba kuni Vladimir Putin Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan don mahsulotlari kelishuvini muhokama qildi. Rossiya yetakchisining ta’kidlashicha, Moskva kemalar qatnovini qayta yo‘lga qo‘yish masalasini Kiyev gumanitar yo‘laklarni harbiy maqsadda foydalanmaslik kafolatini bersagina ko‘rib chiqishga tayyor.
Istanbul manbalaridan xabardor shaxsning RIA Novostiga ma’lum qilishicha, don yo‘lagi xavfsizligi kafolati bilan bog‘liq masala hozir muhokama qilinmoqda, lekin aniq tafsilotlari hozircha oshkor qilinmadi.
Shu bilan birga, Turkiya milliy mudofaa vaziri Xulusi Akarning bayonot berishicha, Turkiya bayrog‘i ostida suzayotgan kemalar agromahsulotlarni don yo‘lagi bo‘ylab tashishda davom etadi.
29 oktyabr kuni Ukraina qo‘shinlari Sevastopoldagi Qora dengiz floti kemalari va infratuzilmalariga zarbalar bergan edi. Rossiya tomoni Ukrainani gumanitar yo‘laklardan harbiy maqsadda foydalanayotganlikda ayblab, oziq-ovqat ortgan kemalar qatnovini noma’lum muddatga to‘xtatib qo‘ydi.