English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Biznesmenlarga hujjatlarini arxivga topshirmaslikka ruxsat beriladi
17:19 / 2022-11-11

Aksariyat xodimlar ularning ish staji va oladigan oylik maoshlari qayd etiladigan buxgalteriya hisobotlarining qayerda saqlanishi haqida o‘ylashmaydi. Ba’zan ular nafaqaga chiqishda ishga beruvchi uni arxivga topshirmagani va ko‘p yillik mehnat staji bekor ketganini bilib qolishadi. Ko‘pincha xususiy firma va korxonalarda ishlab ketgan xodimlar bu muammoga duch kelishadi.

Ba’zan firma yopilganidan so‘ng buxgalteriya hisobotlari butunlay nomunosib joylarda saqlanishi mumkin. Bu joy dala hovli, garaj yoki omborxona bo‘lishi ham mumkin. U yerdagi sharoitlar tufayli qog‘ozlar tez eskirib ketadi.

Bunday holatlarni bartaraf etish maqsadida Prezidentimizning joriy yil 10 noyabrida “Hisobot taqdim etish va arxiv hujjatlarini saqlash tartib-taomillarini maqbullashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, moliyaviy, soliq va statistika hisobotlari turlari qisqartirildi, hujjatlarni davlat arxivlariga topshirish va saqlash amaliyoti tamomllashtirildi.

Xususan,2022 yil 1 yanvardan keyin hisoblangan jismoniy shaxslarning ish haqi va boshqa daromadlari hamda ular bo‘yicha hisoblangan soliq summalari to‘g‘risidagi arxiv hujjatlarini saqlash hamda davlat yoki nodavlat arxivlariga topshirish majburiyati bekor qilinadi.

Yuridik shaxslar ham 2022 yil 1 yanvardan boshlab davlat soliq xizmati va statistika organlariga elektron tarzda topshirilgan moliyaviy, soliq va statistika hisobotlarini, shuningdek, soliq organining avtomatlashtirilgan axborot tizimlari orqali elektron shaklda rasmiylashtirilgan hujjatlarni saqlash hamda davlat yoki nodavlat arxivlariga topshirish majburiyatidan ozod etiladi.

Shu tariqa, nafaqat hujjatlarning takrorlanishini oldini olishva byurokratiyaning rivojlanishiga yo‘l qo‘ymaslik, balki arxivlarga yuklamalarni kamaytirish ham mumkin bo‘ladi.

Buning salbiy tomoni shundaki, bunda ma’lumotlar yo‘qolishi yoki buzilishi mumkin. Agarda barcha ma’lumotlar faqat elektron shaklda saqlansa, ularni hech kim o‘zgartirishi, buzishi, hatto o‘chira olmasligiga kafolat yo‘q. Hozirgi kiberjinoyatchilik rivojlangan paytda, jinoyatchilar qog‘ozli hujjatni soxtalashtirishdan ko‘ra, soliq xizmati yoki arxivining elektron tizimini buzib kirishi oson.

2023 yil 1 yanvardan boshlab buxgalteriya hisobi sub’ektlari tomonidan moliyaviy hisobotlarni soliq va statistika organlariga har chorakda taqdim etish talabi bekor qilinadi. Shuningdek, aylanmadan olinadigan soliqni qat’iy belgilangan soliq stavkasi bo‘yicha to‘laydigan tadbirkorlik sub’ektlari yillik moliyaviy hisobotlarni soliq organlariga topshirish majburiyatidan ozod etiladi. Yangi yildan boshlab bir qancha turdagi statistik hisobot turlri bekor qilinadi.

Tijorat banklari ariza beruvchini masofadan turib identifikatsiya qilish uchun zarur shart-sharoitlar mavjud bo‘lganda, ta’sischilari O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarga bank hisobvarag‘ini masofadan turib ochish imkoniyatlari taqdim etiladi.

Endilikda tadbirkorlar kommunal xizmatlardan foydalanish uchun ko‘plab hujjatlarni yig‘ishi va ularni qog‘oz shaklida davlat organlariga taqdim etishlariga hojat yo‘q. Elektr energiyasi, tabiiy gaz, issiq suv, ichimlik suv ta’minoti, oqova suv va telekommunikatsiya xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha shartnomalarni, ularning iste’moli to‘g‘risidagi hisobotlarni va kelgusi davr uchun shartnomaviy miqdorlar to‘g‘risidagi bir martalik va davriy hujjatlarni elektron shaklda rasmiylashtirishga ruxsat etildi. Bu ancha tez va qulaydir.

Ushbu barcha tashabbuslar mamlakatimizda elektron hujjat aylanmasini rivojlantirishga qaratilgan.

Roman BONDARCHUK

O‘zA