
Tarixda yashab o‘tgan buyuk yozuvchi, shoirlarning qo‘lyozma asarlari bugun qayerda saqlanishini bilamizmi? Texnika-texnologiya asrida bizdan kelajak avlodga qanday xotiralar qoladi?
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi direktori, filologiya fanlari doktori, professor Jabbor Eshonqul bilan qilgan suhbatimiz shu mavzuda bo‘ldi.
—Ushbu muzeyning boshqa muzeylardan farqli jihati nimada?
— Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi O‘zbekistondagi eng qadimiy muzeylardan biri sanaladi. U ham muzey, ham ilmiy muassasa. Kuchli navoiyshunos, matnshunos olimlar shu yerda faoliyat yuritgan, qo‘lyozmalar tadqiq qilishgan.
Muzey binosi 1934 yilda qurilgan. Dastlab, Alisher Navoiy anjumaniga tayyorgarlik munosabati bilan ko‘rgazma sifatida tashkil etilgan. Bu ko‘rgazmaga folklorshunos olim Hodi Zaripov rahbarlik qilgan. Keyinchalik 1968 yilda muzey tamomila yangi tashkil etilgan. Muzeyga taniqli olim Hamid Sulaymon direktorlik qilgan yillari O‘zbekistonga eng ko‘p qo‘lyozmalarni AQSH, Fransiya, Angliya, Eron hamda Turkiya kabi dunyoning turli mamlakatlaridan aynan shu olim olib kelgan. Hozirgi kunda muzeyimizda 3 mingga yaqin noyob qo‘lyozma va toshbosma asarlar saqlanadi. Bu nodir qo‘lyozma va toshbosmalar asosan Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi allomalarimiz merosi bilan bog‘liq.
— Hozirgi paytda Navoiyning qaysi nodir qo‘lyozmalari saqlanyapti?
— Navoiyning Amerikada saqlanayotgan 1500 yildagi “Badoye’ ul-bidoya” nomli qo‘lyozmasini yangilik sifatida shov-shuv qilishdi. Dunyoning turli burchaklarida yangidan-yangi qo‘lyozmalarning topilayotgani va olib kirilayotgani yaxshi, albatta. Bu qo‘lyozma haqida o‘z davrida Hamid Sulaymon ma’lumotlar bergan. Biroq, shuni aytish kerak, hozircha bizga ma’lum ma’lumotlarga ko‘ra, Alisher Navoiyning “Badoye’ ul-bidoya” asarining eng mukammal qo‘lyozmasi bizning muzeyimizda saqlanadi. Bu asarni Ali Ibn Nur ismli xattot Navoiy hayotlik paytida 1486 yilda Hirotda ko‘chirgan. Bu o‘z davrining xattotlik san’ati yuksak namunasi deb atashimiz mumkin. Bizdagi qo‘lyozma Amerikadagidan qadimiyroq. Husnixati ham juda chiroyli ko‘chirilgan.
Qo‘lyozma Navoiyning hayotlik chog‘ida buning ustiga Hirotda ko‘chirilganini inobatga oladigan bo‘lsak, demak bu qo‘lyozma bilan Alisher Navoiy yaxshi tanish bo‘lgan. Qolaversa, Navoiyning dunyodagi ko‘plab qo‘lyozmalari bilan yaxshi tanish bo‘lgan Hamid Sulaymondek olim bu qo‘lyozmaga katta baho bergan va boshqalarga nisbatan mukammal, deb hisoblagan.
Biz bu asarning faksimil nashrini Turkiyalik adabiyotshunoslar bilan hamkorlikda amalga oshirishni reja qilganmiz.
Muzeydagi mavjud qo‘lyozmalarning faksimil nusxasini xorijlik olimlar bilan hamkorlikda nashr etish tajribasi muzey xodimlarida bor. Ilgariroq Mahmud Zamaxshariyning “Muqaddimatu-l-adab” qo‘lyozmasi Yaponiyada yapon olimlari bilan hamkorlikda chop etilgan. Dunyoda lug‘atlar ko‘p. Biroq, to‘rt tildagi lug‘atlar kam. “Muqaddimatu-l-adab” qadimgi turk, arab, fors va mo‘g‘ul tillarida tuzilgan. Bu asar ham dunyodagi eng nodir qo‘lyozmalardan biri hisoblanadi.
– Muzeyda zamonaviy ijodkorlarning qo‘lyozma asarlari ham bormi?
– Hamza Hakimzoda Niyoziyning o‘tgan asr boshiga oid qo‘lyozmalari, Hamid Olimjon, Maqsud Shayxzoda, Mirtemir kabi shoirlarimizning nodir qo‘lyozmalari muzeyning shoir va ijodkorlar arxivida saqlanadi.
Hamid Olimjonning o‘z davrida baxshilar bilan ayniqsa, Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li bilan ijodiy hamkorligi bo‘lgan. Shoirning baxshiga atalgan “Fozil baxshiga” degan she’ri bor. Bu to‘plamlar “kuychiga” nomi bilan mashhur.
Hamid Olimjon Fozil Yo‘ldosh o‘g‘lining “Alpomish” dostonini Mahmud Zaripovdan yozib olingan qo‘lyozma asosida ilk marta nashrga tayyorlagan. Hamid Olimjon yozuv mashinkasida ko‘chirib, ustidan ishlab, nashrga tayyorlagan nusxalari dostonning nashri bilan bog‘liq jarayonlarni o‘rganishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
Maqsud Shayxzoda “Jaloliddin Manguberdi” dramasining bir nechta qo‘lyozmalari shoir merosini o‘rganishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi. Iqtidorli yosh olim Javlon Jovliyev adibning muzeydagi qo‘lyozmalari asosida ilmiy ishini o‘tgan yil muvaffaqiyatli himoya qildi.
Keyingi yillarda Rauf Parfi, Baxtiyor Nazarov, Aziz Qayumov, Tohir Malik, Omon Matjonlarning arxivlarini oldik.
— Qo‘lyozmalar nimalarni isbotlaydi?
— Dastxatga qarab odamning xarakterini, so‘zga munosabatini bilish mumkin. Yozuvda odamning qandayligi ko‘rinadi. Misol uchun, Hamid Olimjon arab, lotin, krill imlosida juda ham chiroyli yozgan. Yoki Hodi Zaripovning qo‘lyozmalari haqida gapiradigan bo‘lsam, u ham lotin, arab tilida juda chiroyli, mukammal yozgan.
Qo‘lyozmalar xattotlik va kitobat san’ati naqadar ko‘kka ko‘tarilganligidan dalolat beradi. Ota-bobolarimiz kitobga, yozuvga qanday munosabatda bo‘lganini bilib olamiz. O‘quvchini zeriktirmaslik uchun kitobning oddiy bezagi, jildidan tortib, har bitta sahifalarini bezagan. Har bir qo‘lyozmaga qanday harfda yozilish kerakligi tanlangan. Qo‘lyozmalar o‘sha davr ruhini yoritib turadi. Harflarda tirik insonni ko‘rib turgandek bo‘lasiz go‘yo.
— bugungi kunda muzeyda 2 mingdan ortiq nodir qo‘lyozmalar bor ekan. Xo‘sh, kelajak avlod uchun qo‘lyozmalar qoladi, deb ayta olamizmi?
—Xuddi shu savol hozirgi kunda biz adabiyotshunoslarni o‘ylantiryapti. bugungi kunda ijodkorlar kundalik yozmay qo‘ydi. Ijodkorlar qanchalik kompyuterdan foydalanmasin ilk qo‘lyozmalarini daftarga muhrlab, keyin kompyuterga ko‘chirishlari kerak.
— Qaysi ijodkorlar o‘z qo‘lyozma asarlarini hayot ekanliklarida muzeyga taqdim etishgan?
– Akademik Aziz Qayumov hayotlik paytida 3 marta qo‘lyozmalarini topshirgan. Akademik Bahtiyor Nazarovni o‘zidan hayotlik paytida arxivini so‘rab olgan edik. Tohir Malik ham hayotlik paytida topshirgan.
Muzeyimiz har yili yangilanib borilishi kerak. Akademik Naim Karimov, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov qo‘lyozmalarini olishni xohlardik. Chunki, bu nafaqat respublikamizda, balki O‘rta Osiyoda yagona davlat adabiyot muzeyi. Bu muzeyda butun adabiyot tarixi, bugungi adabiy jarayon ham o‘z ifodasini topishi kerak.
– Mana shu arxivlarga tayanib, qaysi ijodkorlarning hayoti va ijodi chuqurroq o‘rganilishi kerak, deb o‘ylaysiz?
– Muzeydagi har bir ijodkorga tegishli arxiv hujjatlari sinchiklab o‘rganilishi kerak, deb o‘ylayman. Misol uchun, Hamzani olaylik. Hamzaning ijodi o‘z davrida adabiyotshunos olim Laziz Qayumov tomonidan o‘rganilgan. Biroq, yondashuv tamomila boshqa bo‘lgan. Mening nazarimda, Hamzaga o‘xshagan ijodkorlar merosi bugungi kun nuqtai nazaridan, arxiv hujjatlariga suyangan holda qaytadan o‘rganilishi kerak. Hamza katta shoir, davlat va jamoat arbobi, tashkilotchi, buyuk dramaturg bo‘lgan. Bahodir Yo‘ldoshev unga juda katta baho bergan edi. Absurd teatr kurtaklarini aynan Hamzaning dramalarida ko‘ramiz. Uning she’rlari o‘zgartirilgan holdagilarini o‘qiganmiz. Lekin asl holdagi qo‘lyozmalar tamomila boshqacha bo‘lishi mumkin.
Muzayana Alaviya, Mirtemir, Asqad Muxtor kabi ijodkorlarimiz merosi ham har tomonlama o‘rganilishni taqoza etadi.
Adabiyot muzeyi arxivida 60 mingdan ortiq shoir va ijodkorlarimizga oid hujjat birliklari saqlanadi. Bu hujjatlar shunchaki hujjat emas. O‘lik qog‘ozlar yoxud raqamlar emas, balki shoir, yozuvchi, adabiyotshunos olimlarimiz hayotining muhim bir parchasi, adabiyotimiz tarixi, milliy ma’naviyatimiz tarixining bir bo‘lagidir.
Nigora Rahmonova suhbatlashdi.
O‘zA