
Samarqand viloyatidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari bitiruvchilarini kasb-hunarga yo‘naltirish, qiziqishiga mos kasblarda faoliyat yuritishiga ko‘maklashish maqsadida Samarqand shahridagi “Ishga marhamat” monomarkaziga sayohat tashkil etildi.

Viloyat xalq ta’limi hamda bandlik boshqarmalari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda tuman va shaharlardagi maktablarning 300 nafardan ortiq bitiruvchilari hamda yuqori sinf o‘quvchilari ishtirok etdi.

– Bir vaqtlar kollejlarda uch yil o‘qitilgan kasb-hunar hozir markazimizda 3-6 oyda o‘rgatilmoqda, – deydi “Ishga marhamat” monomarkazi rahbari Dilshod Pardayev. – Shuningdek, xorijiy tillar bo‘yicha ham mashg‘ulotlar olib boriladi. Ayni paytda o‘rgatilayotgan kasblar yigirmatadan oshdi. Muhimi, bu yerda o‘qib sertifikat olgan fuqarolar o‘zimizda va xorijda qiynalmasdan ish topmoqda.

Sayohat davomida yoshlar markazidagi o‘qitish jarayonlari bilan tanishdi, tinglovchilar bilan birgalikda dars mashg‘ulotlarida qatnashdi. Tadbir so‘ngida 173 nafar bitiruvchi monomarkazda o‘qish istagini bildirib, shartnoma imzoladi.
G‘.HASANOV,
A.ISROILOV (surat), O‘zA