Navro‘z ayyomi arafasida mamlakatimizda “Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki” shiori ostida o‘tkazilgan umumxalq hasharida Orolbo‘yi aholisi ham faol ishtirok etdi.
Umumxalq xayriya hasharida shahar va tumanlarda, chekka qishloqlarda aholi turar joylari, xiyobonlar, ziyoratgohlar, qabristonlar, bolalar maydonchalari va boshqa joylarda obodonlashtirish ishlari olib borildi. Ushbu tashabbus butun aholi, shu jumladan, mehnat jamoalari tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Mahallamga 10 tup daraxt – mening tuhfam” shiori ostida atrofni obodonlashtirish, manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekish, daraxt va butalarga shakl berish kabi ishlar olib borildi.
[gallery-11059]
Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan umumxalq xayriya hashari davomida Orolbo‘yidan jami 374 ming nafardan ziyod fuqaro, shundan 226 ming nafardan ortiq yoshlar ishtirok etdi. Ular tomonidan 424 gektardan ortiq maydon obodonlashtirildi, tozalandi. 511 tonnadan ziyod maishiy va qurilish chiqindisi belgilangan joylarga olib chiqildi. 86 kilometrga yaqin uzunlikdagi ariq va lotok tozalandi. 292 ta qabrston va 7 ta ziyorotgoh obodonlashtirildi. Shuningdek, hashar davomida 49 ming 575 tup manzarali daraxt, 65 ming 540 tup mevali daraxt, 51 ming 114 tup gul ko‘chati o‘tqazildi. Ishtirokchilar tomonidan 66 ming 448 tup daraxt oqlanib, shakl berildi. Ushbu ishlarga 282 ta texnika jalb etildi.
Xayriya hashari davomida yordamga muhtoj insonlar, keksalar, nogironlar va kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olinib, ularga beg‘araz ko‘mak berildi. Jumladan, tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda 132 ta xonadonning turar joyida ta’mirlash ishlari olib borildi. 401 ta moddiy yordamga muhtoj xonadonga, shu jumladan 102 nafar nogironligi bo‘lgan shaxsga va yolg‘iz keksalarga moddiy yordam ko‘rsatildi.
Yangilanish va yasharish ayyomi arafasida o‘tkazilgan umumxalq xayriya hashari Orolbo‘yining barcha shahar va tumanlarida, mehnat jamoalarida, o‘quv yurtlarida ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.
Dovud ABIBULLAEV,
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA