English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bir jinoyat tahlili boshqalarni ogohlikka chorladi
14:44 / 2022-09-29

Joriy yilning 25 sentyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanining Qilichboy ovuli hududida yuz bergan og‘ir jinoyat barchani chuqur qayg‘uga soldi va ogohlikka chorladi.

Voqea sodir bo‘lgan kunning ertasigayoq jinoyatning sabablarini o‘rganish hamda kelajakda bunday holatlar sodir bo‘lishining oldini olish maqsadida tuman, huquq-tartibot organlari mas’ullari, ovul aholisi vakillari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Axborot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, 25 sentyabr kuni Qilichboy ovuli hududida yashovchi er-xotin (fuqarolar Ye.M hamda T.D) o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqishi oqibatida janjal yuzaga kelgan. Natijada ayol oshxona pichog‘i bilan erining ko‘krak qafasiga urib, og‘ir tan jarohati yetkazgan. Shundan so‘ng jabrlanuvchi tuman tez tibbiy yordam bo‘limiga olib kelingan va shu yerda vafot etgan. Yuz bergan voqea bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Aksariyat hollarda oilaviy tushunmovchiliklar sabab, kelishmovchiliklar, nizolar kelib chiqadi. Ayollar o‘rtasida jinoyatchilik darajasi ortib borayotgani esa yanada achinarlidir. Oilaviy nizolar asosan rashk va xiyonat, ichkilikbozlik illati oqibatida kelib chiqmoqda.

Shuning uchun xotin-qizlar bilan tizimli ravishda ishlash, ular bilan doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish, jinoyatga jazo muqarrar ekanligini tushuntirish uchun targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirish lozimligi alohida qayd etildi. Sodir etilgan bu mudhish jinoyat barchani sergaklikka, ogohlikka chorladi.

 

Dovud Abibullayev, O‘zA