English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bilagi zo‘r – birni yengar, ongi va yuragi zo‘r esa – mingni
14:57 / 2023-02-04

Ota-bobolarimizdan qolgan o‘git bor: kengashganga keng dunyo! Kengashib ko‘rilgan ishdan unum chiqishining ehtimoli yuqori bo‘lishini tajriba allaqachon isbotlab bo‘lgan. Ulug‘ Sohibqironning “Temur tuzuklar”i “Tadbirlar va kengashlar”dan boshlanib, o‘ttiz bitta “Kengash”dan iboratligi bejiz emas. Umuman olganda ham, o‘zbek davlatchiligiga xos jihatlardan biri aynan kengashdir! Masalan, miloddan oldingi II asrda Farg‘onaga kelgan xitoylik elchi vodiyda oqsoqollar kengashining nufuzi yuqori bo‘lganini o‘z esdaliklarida alohida urg‘ulab o‘tganini bilamiz.

Ulkan saltanatlar tuzish, ularni unumli boshqarishga qilich yordamidagina erishilgan deb o‘ylash noto‘g‘ri. Amir Temur butun umrini harbiy yurish, urush-talashlarda o‘tkazganiga oid fikrni ommaga singdirish ilinji o‘z zamonasida ham kuchli bo‘lgani va endilikda ham borligini baralla aytishimiz lozim. Holbuki ulug‘ bobomiz dushmanlarni yengish, o‘zga yerlarni bo‘ysundirish ishini oldindan, asosan, o‘z saroyi, ko‘chma qarorgohlarida pishitib qo‘yganini bilamiz. Buning uchun u mo‘ljaldagi o‘lkalar, ularning hukmdorlari, taniqli xonadon va shaxslari, urf-odatlari, iqlimi, bozoriga oid ma’lumotlarni tarixiy, jug‘rofiy, diniy, adabiy asarlar orqali o‘rgangan, mazkur masalalardan yaxshi xabari bor kishilar bilan suhbatlashgan, tegishli mavzular bo‘yicha erinmay so‘rab-surishtirgan. 

Har qanday zamonda bo‘lgani kabi, o‘zbek davlatida ham tashqi ko‘ruklik (razvedka) xizmati unumli ishlagani bugun ko‘pchilikka ma’lum emas. Sohibqiron el-u yurtimizga boshchilik qilgan yillarda ko‘ruklik yuksak darajada yo‘lga qo‘yilganiga oid tarixiy dalillar yetarlidir. Xitoydan Italiyagacha ulkan kenglikda faoliyat ko‘rsatib, o‘zlarini amaldor, sufiy, chakanachi, yirik savdogar, polvon, dorboz, hunarmand, munajjim, qalandar, darvesh, dengizchi, suv sotuvchi, etikchi, olim, talaba, kampir o‘laroq tutgan ko‘rukchilar tegishli o‘lkalardagi iqtisodiy vaziyat, jumladan, narx-navolar, tosh-tarozular, yo‘llar, shaharlar, uylarning o‘rnashuv chizmalari, yerlarining past-balandiliklarining suratlari (recognosco), maydonlari, jug‘rofiy tomonlari, har bir aholi makonining atalishi, boshliqlari, amirlari, ulug‘lari, fozillari, shariflari, boylariyu faqirlari, ular har birining ism va laqabi, shuhrati va nasabi, hunari va tirikchilik manbasi bo‘yicha qimmatli ma’lumotlarni yig‘ib, Amir Temur qarorgohiga yuborib turganlar. 

Demak, ulkan saltanatlar tuzish, ularni boshqarish borasida o‘z ilmimiz doim bo‘lgan. Shuning uchun ham, o‘tmish oliy hukmdorlarimiz, vazirlarimiz, amaldorlarimiz, olimlarimiz boshqaruv muammolari bilan o‘ta jiddiy shug‘ullanganlarini tasdiqlovchi guvohliklar juda ko‘p. “Temur tuzuklari” kishilik tarixida birdan-bir o‘ziga xos asar ekani, o‘tmishda biron-bir davlat boshlig‘i o‘zining ko‘p yillik tajribasi o‘laroq bunday qo‘llanma yozmagani, aniqrog‘i, bunday og‘ir yumush qo‘lidan kelmaganini qayta-qayta uqdirishdan hech qachon charchamaymiz.

“Fozil odamlar shahri”, “Qutadg‘u bilik”, “Qobusnoma”, “Siyosatnoma”, “Axloqi Muhsiniy”, “Tuhfat al-muluk”, “Tuhfat al-fuzalo”, “Tuhfat al-vuzaro”, “Suluk al-muluk”, “Dastur al-vuzaro”, “Dastur al-muluk”, “Nomayi nomi”, “Makorim al-axloq”, “Risola al-muluk”, “Navodir al-vaqoye”, “Tanbeh as-salotin” singari ro‘yxatini yana davom ettirish mumkin bo‘lgan asarlar – saltanat idorasi, hukmdor, vazir, hokim, turli darajadagi amaldorlar faoliyatining har xil masalalariga bag‘ishlangan qimmatli qo‘llanmalar boshqaruvchilik san’atimiz necha-necha asrlar ichra sayqallangan bilim va tajribaga tayanganini isbotlaydi, albatta. Ularda davlat boshlig‘ining kengashib ish yuritishi borasida bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan hikmatlar yetarlicha topiladi.

Masalan, termizlik ulug‘ ajdodimiz Xoja Samandarning (taxminan 1730 – 1830 yillar) “Dastur al-muluk” asarida “Kengash va maslahat kuni aql, donolik va donishmandlikni imtihon qilish kunidir” deyilgan. 

Vatan himoyachilari kuni arafasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashining galdagi kengaytirilgan yig‘ilishini xuddi shunday sinov kuni bo‘ldi, desak hech bir adashmaymiz. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qoshidagi Xavfsizlik kengashi tuzilganiga ham o‘ttiz yil bo‘ldi. To‘g‘ri, boshqa davlatlardagi kabi uning faoliyati, yig‘inlari ko‘p jihatdan yopiq kechadi. Mazkur tuzilmaning ishi haqida yaqin-yaqingacha besh-o‘nta gapdan iborat quruq axborotdan ortig‘ini ko‘rmaganimiz ham haqiqatdir. Biroq so‘nggi yillar ushbu “an’ana” buzilgani va mazkur o‘ta muhim davlat tuzilmasi ishini boshqacha yo‘lga qo‘yish mumkinligini ko‘rsatmoqda. 

Gap shundaki, mana uch yildirki, Xavfsizlik kengashining yillik kengaytirilgan yig‘ilishida qatnashish bizga ham nasib etmoqda. Qurolli Kuchlarimiz Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning el-yurt, fuqarolarimiz xavfsizligini ta’minlashga bag‘ishlangan chiqishlari, ayniqsa, qator yo‘nalishlar bo‘yicha qilgan chuqur va asosli tahlilini tinglab, aql chig‘irig‘idan o‘tkazganimizda, xavfsizlik borasida uzoq yillar ichida shakllanib, boshqalar qatori kaminani ham avrab qo‘ygan eskicha tushunchalardan voz kechish payti kelganini anglab yetdik. 

Ya’ni xavfsizlik bu bekami-ko‘st qurol-aslaha, harbiy mashqlargina emas, balki jamiyatning umumlashma sifatidir. Shuning uchun ham, milliy qo‘shinimizni eng zamonaviy yaroqlar bilan ta’minlash izchil davom etilishini alohida urg‘ulagan Prezidentimiz butun kengash davomida eng katta e’tibor bergan masalalardan biri harbiylarimizning bilim darajasi va axloqiy-ruhiy tayyorgarligi bo‘ldi.

Chindan ham, so‘nggi yillarda bizga yaqin va diqqatimizni tortib turgan mintaqalarda yuz berib kelayotgan urush-talashlarda ikki hal qiluvchi omil yaqqol ko‘zga tashlanmoqda: kechagina tasavvur qilish qiyin bo‘lgan, ilm-fanning eng so‘nggi yutuqlari negizida yaratilgan o‘ta zamonaviy qurol-aslahalar va shaxs. Jang vositalari qanchalik sayqallanib, aqllilashtirilmasin, uni yaratadigan ham, qo‘llaydigan ham odam – olim, muhandis, askar va zobit ekanidan kelib chiqilsa, ikkinchi omilning tengsizligi ayonlashadi-qoladi. Shu o‘rinda, davlatimiz rahbari Xavfsizlik kengashidagi o‘z chiqishlarining boshlanishda “o‘z kuchimiz va imkonlarimizga ishonib yashash va ishlashga o‘rganishimiz kerak”ligiga alohida urg‘u berganiga to‘xtalib o‘tgan bo‘lardik. 

Yangi O‘zbekistonga turli jihatlardan baho bersa bo‘ladi va ularning barchasi hamda har biri uchun asos topiladi. So‘z yuritilayotgan mavzu nuqtai nazaridan olganda esa, 2016 yil kuzida boshlangan tarixiy bosqichimizni mohiyat e’tibori bilan, insonni erkin va raqobatbardosh qilish jarayoni o‘laroq baholasak, to‘g‘ri bo‘ladi. Negaki, erkin shaxs va shundaylarning yig‘indisi – jamiyat o‘z kuchiga ishonib, o‘z imkonlarini bilsagina, ulkan cho‘qqilarni egallay oladi, bo‘lmasa, kuni va butun umrini xayoliy narsalar bilan o‘tkazadi. Oxir-oqibatda – ko‘za kunida singanida, yengilroq sinovga ham dosh berolmay qoladi.

Biz erkinlikni atom quvvatiga o‘xshatamiz: undan yoritish, isitish, yurg‘azish, ko‘tarish, yaratish ishlarida foydalanib, kishilar turmushini yengillashtirish, yaxshilash mumkin bo‘lgani holda, yomonlik, hatto yovuzlik yo‘lida ham suiiste’mol qilinishi, aytaylik, ommaviy qirg‘in qurolini qo‘llash orqali millionlar yostig‘ini quritishgacha borishni kim bilmaydi deysiz.  

So‘z erkinligi ham shunday! Yangi O‘zbekiston aynan shu omilning sharofati o‘laroq boshlangani, undan kuch olayotgani bor gap! Prezidentimiz uzluksiz urg‘u berib kelayotgan bosh masalalardan biri – endi ortga qaytmaslik shahdimizni kafolatlash, o‘ta qisqa muddatda erishilgan chindan ham tarixiy yutuqlarimizni ta’minlashda erkinlik omilining o‘rni qiyossizdir. 

Shu bilan birga, axborot tarqatish vosita va yo‘sinlari tenggi yo‘q darajada ilg‘orlab ketayotgan endigi pallada yolg‘on-yashiq, tuhmat-bo‘hton, chalg‘ituvchi, vahimaga soluvchi, qo‘rqituvchi, qo‘zg‘atuvchi, axloqan buzuvchi, milliylik-o‘zlikni inkor etuvchi, yot qarash va odatlarni targ‘ib etuvchi, o‘ziga bo‘lgan ishonchni yo‘qotib, boshqalarga ergashtiruvchi ma’lumotlarni tizimli va maqsadga muvofiq yetkazish, to‘g‘ri ma’noda har bir uy, oila, inson qalbiyu ongiga hech bir to‘siq va ruxsatsiz, istagan paytida kirib borish, ularni egallash oson ish bo‘lib qolayotganiga ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Shu ma’noda, voqelikka aylanib bo‘lgan, mohiyat e’tibori bilan tahlillaganda, umummilliy xavfizligimizga ham zarar keltirayotgan mazkur tahdidlarga qarshi qanday kurashish kerak, savoli tug‘ilishi tabiydir. 

Kengashda “axborot maydoni haqiqiy jang maydoniga aylanib bo‘ldi” deya alohida ta’kidlagan Prezidentimiz askarlarimizning axloqiy-ruhiy tayyorgarligi masalasida umuman ma’naviy, xususan, harbiy merosimizdan unumli foydalanish vazifasiga shunchaki to‘xtalmagani aniq. Negaki har qanday ilg‘or asbob-uskuna, jihoz, jumladan harbiy maqsaddagilari ham, yangi qoida, tenglama, kashfiyotlar kishilikning moddiy yuksalishi va jisman asralishini ta’minlashgagina qodir, xolos. Inson va jamiyatni o‘z kuchiga ishontiruvchi, ongini komillashtiruvchi omil esa, necha-necha avlodlar sinovidan o‘tib, yaratilgan tarixiy, adabiy, til, san’at, falsafiy, jug‘rofiy, diniy merosdir! Buni tasdiqlovchi misollar o‘z va o‘zgalar bisotida juda ko‘plab topiladi. Millatimiz boshidan o‘tgan ikkitasini esga solamiz, xolos: 

3000 yillik davlatchilik o‘tmishimiz ichida besh marta qaramlik bosqichini boshdan kechirsak bo‘lsak, barchasida bosqinchilar bizning merosimizni yo‘q qilib, o‘zlarinikini tiqishtirishga qattiq kirishganlari, bu borada muayyan “yutuqlar”ga erishganlarini hech kim inkor etolmaydi. Chunki ota-bobolarini esdan chiqargan, o‘zligini unutgan xalq olomonga, undan qulga aylanishi “oltin qoida”dir. Buning isbotini so‘nggi mustamlakachlikning barcha azob va asoratlarini o‘zidan o‘tkazgan bugungi avlod misolida ko‘rib turibmiz. 

To‘g‘ri, davlat mustaqilligimizni tiklagach, qarshimizda ko‘pdan-ko‘p va og‘irdan-og‘ir vazifalar ko‘ndalang turgani bor gap. Ularni bajarish o‘ta murakkab shart-sharoitlarda kechishi oldindan ma’lum edi. Biroq til, imlo, tarixiy, adabiy, falsafiy, diniy merosimizni tiklash, undan zamonaviy va yetuk o‘zbek kishisini tarbiyalashda oqilona foydalanish u yoqda tursin, ayrim payt va hollarda eskicha yondashuvlar davom ettirilganini endi kimdir tan oladi, kimdir yo‘q. 

Prezidentimizning qattiq va to‘xtovsiz urinishlari, ishontirishlari bilan milliy-ma’naviy merosimizning barcha imkoniyatlarini ishga solish uchun yetarli sharoit yaratilgan so‘nggi yillarda aynan mustaqillik davrimizning hal qiluvchi ilk chorak asrida yo‘l qo‘yilgan “beparvolik va bepisandlik” oqibatida ko‘p ishlarni boshidan boshlashga to‘g‘ri kelmoqda. Uzoqqa borib nima ham qilamiz, harbiy meros tushunchasining o‘zi ilk bor Shavkat Mirziyoyev tomonidan Xavfsizlik kengashining 2022 yil 12 yanvarda bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan yig‘ilishida o‘rtaga tashlangan va “Harbiy meros va zamonaviy tadqiqotlar instituti”ni tuzish topshirig‘i berilgan edi. 

Bugun barchamizning qulog‘imiz va ko‘zimiz o‘rganib bo‘lgan “Temurbeklar maktabi” 2017 yilga kelibgina Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan ochilgani va ungacha qayerda yurganimiz, chorak asr “eski maktab” bag‘rida unib-o‘sgan har bir yosh harbiy avlodning sifati ne bo‘lganining sababiniyu, milliy qo‘shinchiligimiz iqtidoriga uzoq yillik ta’siri darajasini tushuntirib bera olamizmi? 

Siyosiy, harbiy, ma’naviy qimmati yuqorida urg‘ulangan “Temur tuzuklari”i bo‘yicha o‘quv qo‘llanma 2021 yilga kelibgina yaratilgani va ushbu o‘ta zarur va xayrli ish Qurolli Kuchlarimiz Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning qayta-qayta talab qilishi, uslubiy ko‘rsatmalari o‘laroq ishlab chiqilganiga shaxsan guvohmiz! Nega shu “oddiy” ishni ilgari qilmadik, qilolmadik? 

Harbiy qasamyodimiz-chi? 1992 yil 3 iyulda tasdiqlangan “Harbiy qasamyod”imiz SSSRning 1947 – 1991 yillardagi “Harbiy qasamyodi”ning mazmunan, ayrim yerlarida esa, so‘zma-so‘z qaytarilishi o‘laroq tuzilganini bugun ko‘pchilik bilmaydi. Boshqacha aytganda, 2019 yilgacha, ya’ni Prezidentimiz topshirig‘iga ko‘ra, milliy ruh bilan sug‘orilgan “Vatanga qasamyod” qabul qilinmaguncha biz salkam o‘ttiz yil, mohiyat e’tibori bilan, stalincha qasamyodni hazm qilib keldik. 

Shu ma’noda, ikki haftalar burun sodir bo‘lgan bir shonli voqeaga diqqatni qaratgan bo‘lardik. Milliy yetakchimiz tashabbuslari bilan Amir Temur jangovar bayrog‘ining ta’sis etilishi va uni g‘olib – Markaziy harbiy okrugga yetkazib borish jarayonining qimmatini tushungan tushunadi, tushunmagan yo‘q. Agar, bir tomondan, Sohibqirondek ulug‘ shaxs kishilik tarixida birdan-birligi, qoldirgan siyosiy, harbiy, ma’naviy meros boshqa hech qaysi xalqda yo‘qligi, ikkinchi tomondan esa, davlat mustaqilligimizni tiklaganimizga o‘ttiz ikki yil to‘lishini aql va vijdonimiz chig‘irig‘idan o‘tkazolsak, tabiiy savol tug‘iladi: nega bu ishni oldinroq, masalan, o‘n, yigirma, o‘ttiz yil burunlar qilmadik, bizga nima halal berdi? Nahot, o‘z qadriyatlarimiz qolib, boshqalarnikidan ilhomlanib yurishlikning ayanchli oqibatlari o‘ylanmagan bo‘lsa? 

Botirlik, yurtsevarlik va el uchun o‘zni bag‘ishlashning yuksak ibratini ko‘rsatib qo‘ygan Tomir xotun (Tomiris), Shiroq singari milliy qahramonlarimizni afsonaga chiqarib, yon-atrofga tortiq qilib yuborilganini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi, deb ishonamiz. Endilikda ham sovet hokimiyatiga qarshi o‘n yetti yil davom etgan milliy-ozodlik qurolli kurashi yetakchilari – qo‘rboshilarimizni “bosmachi bo‘lgan-ku” deb yurganlar orasida atoqlilari ham borligini esa, hech qachon tushunmaymiz. 

Hozirda davlatimiz rahbarining topshiriqlariga ko‘ra, harbiy kiyim-boshlar, milliy qo‘shinimizda kunda qo‘llanadigan atamalar, jumladan, buyruqlar, harakatlar, manzillarni ham milliylashtirish ustida ish olib borilmoqda.

Milliy-harbiy cholg‘uchiligimizdek o‘ta muhim yo‘nalishda ham haligacha o‘z qozig‘imizni topolmadik, desak adashmaymiz. Ayrim musiqiy asarlarimizdan eski zamonlarning sasi kelishidan tashqari, ularning ham qayg‘uli, ham quvonchli tadbirlarda bir xil qo‘llanishiga hayron qolasan kishi. 

Demak, davlatimiz rahbari Xavfsizlik kengashining bu safargi kengaytirilgan yig‘ilishida ham harbiy merosni yanada keng va izchil o‘rganish masalasini shunchaki ko‘ndalang qo‘ymadilar. Negaki mazkur boradagi bisotimiz juda ham boy va salobatlidir. Prezidentimiz Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Zahiriddin Muhammad Bobur harbiy mahorati haqida tinimsiz bong urib, ularni yuzaga chiqarib kelayotganlari bejiz emas. Chindan ham biz ularning jang san’ati va harbiy tafakkurini qoyillatib o‘rganganimiz yo‘q. Kushoniy, eftaliy, ashinaliy, somoniy, qoraxoniy, g‘aznaviy, saljuqiy, anushteginiy harbiy arboblarning xizmatlari bo‘yicha ishlarga esa hanuz qo‘l ham urilmagan.

Temuriylardan esa, Sohibqiron va Zahiriddin Muhammad Boburni uncha-muncha bilamiz, xolos. XIII asr boshlarida hozirgi O‘rta Osiyo, Afg‘oniston, Pokiston, Eron, Ozarbayjondan iborat ulkan kenglikda saltanat tuzgan Sulton Muhammad Xorazmshoh, XVI asr ikkinchi yarmida Turkistonni birlashtirib, davlatimiz zabardastligini ta’minlab bergan Abdullaxon kabi ulug‘larimiz merosi hali ham chang bosib yotibdi. 

Xo‘sh, shuncha muammolar bor ekan, ularni yechish qo‘limizdan keladimi? Albatta! Prezidentimiz tarixiy yangilanish davrimizning ilk kunlaridan o‘z kuchimizga bo‘lgan ishonch ruhini har birimiz, ayniqsa, yosh avlod fe’li va ongiga singdirishga qattiq kirishganlari sir emas. Bu – eng oqilona siyosatdir. Negaki ishonchga yo‘g‘rilgan ruhni sindirib bo‘lmaydi. Kishilik va o‘z tajribamizdagi barcha buyuk ishlar aynan shu omil o‘laroq yuz berganlar. Uning mag‘zini esa, Prezidentimiz Vatan himoyachilariga yo‘llagan tabriklarida juda oddiy, biroq kattadan kichikka tushunarli ravishda ifodalab berdilar: “Bilagi zo‘r – birni yengar, ongi va yuragi zo‘r esa – mingni”. 

Azamat Ziyo, 

Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori, 

Tarix fanlari doktori, professor

O‘zA