
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida "Baxtli dunyo bolalar nigohida" deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi.
Ko‘rgazmada kitobxonlarni dunyo bolalarining hayoti bilan tanishtiruvchi sarguzasht asarlar, bolalar uchun yozilgan ertak, hikoya va she’riy kitoblar o‘rin olgan.

Yosh kitobxonlar “Zumrad va Qimmat”, “Ajdar qush”, “Donishmand vazir”, “Oltin tarvuz”, “Uch og‘ayni botirlar”, “Sehrli shamchiroq” nomli va boshqa ertak kitoblari bilan tanishadilar. Sarguzasht hikoyalar ixlosmandlari esa “Shirin qovunlar mamlakatida”, “Sariq devni minib”, “O‘q o‘tmas bolakay”, “Zangori gilam”, “Besh bolali yigitcha”, “O‘tmishdan ertaklar”, “Bolalik” asarlaridagi o‘z tengdoshlari hayoti va ularning boshidan kechirgan sarguzashtlari bilan oshno bo‘lishlari mumkin.

“Ensiklopediya dlya detey” ("Bolalar ensiklopediyasi"), “Bolshaya detskaya ensiklopediya” ("Bolalar katta ensiklopediyasi"), “Astronomiya va koinot” turkumidan chop etilgan kitoblar esa bolalar bilimlarini boyitishga, ularni dunyoning, fanning sir-sinoatlaridan, yangiliklaridan boxabar etishga xizmat qiladi.
“Baxtli dunyo bolalar nigohida” deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazmasiga tashrif buyurgan kitobxonlar hozirda bolalar uchun nashr etilayotgan yangi kitoblar bilan tanishish, o‘zlari sevgan ertak kitoblarini varaqlab, beg‘ubor bolalik dunyosiga sayohat qilishlari uchun qulay imkoniyatdir.
N.Usmonova, O‘zA