English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Barchasi bolalar uchun
17:57 / 2023-06-02

Qashqadaryo viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi 1978 yilda tashkil etilgan. Markazda 465 o‘ringa mo‘ljallangan 17 davolash bo‘limlari, maslahat poliklinika bo‘limi va chaqiriluvchi yoshlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bo‘limi hamda boshqa yordamchi bo‘limlar faoliyat ko‘rsatadi. Viloyatdagi 1 million 200 ming nafardan ortiq 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarga tibbiy davolash va profilaktik yordam ko‘rsatadi. Markazda 148 nafar oliy toifali shifokorlar va 600 nafarga yaqin hamshiralar faoliyat olib boradi.

Markazda davolanuvchilar uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida keyingi yillarda salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, kuni kecha markazda zamonaviy, barcha qulayliklarga ega avtoturargoh, kutish zali va kardiologiya bo‘limi faoliyat boshladi. 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan ochilgan ushbu ob’ektlar bemor bolajonlar va ularning yaqinlari uchun haqiqiy tuhfa bo‘ldi.

Qashqadaryo viloyati hokimi M.Azimov ham ochilish marosimida ishtirok etdi va shifoxonadagi 50 nafardan ziyod bemor bolajonlarni bayram bilan tabriklab, sovg‘alar ulashdi. Ta’kidlash lozimki, markazda faoliyat boshlagan kardiologiya bo‘limi yurakda nuqsoni bor bemor bolajonlar uchun haqiqiy tuhfa bo‘ldi. Shu kunga qadar bolalarda yurak nuqsoni bilan bog‘liq yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari poytaxtda va xorijdagi klinikalarda o‘tkazilgan hamda bu bemorlarning yaqinlariga juda qimmatga tushgan.  

Endilikda markazning o‘zida xorijning nufuzli klinikalarida tajriba orttirgan professional mutaxassislar ishtirokida jarrohlik amaliyotlari amalga oshirilmoqda.

Markazga xorijdan ishga taklif qilingan asli o‘zbekistonlik kardiojarroh Rahmatilla Ravshanov bu haqida quyidagilarni gapirdi.

[gallery-12193]

– Kardiologiya bo‘limining tashkil qilinishi ham tasodifiy bo‘ldi,  – deydi R.Ravshanov. – Shifoxonamiz bilan birgalikda open byudjet portaliga yangi bo‘lim uchun uskunalar xarid qilish bo‘yicha tashabbusni qo‘ydik. Buni qarangki, loyihamiz g‘olib bo‘lib 1 milliard 200 million so‘m yutib oldik. Shu mablag‘ evaziga bo‘limga kerakli tibbiy uskunalarning ba’zilarini xarid qildik. Boisi yurak bilan bog‘liq jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish uchun foydalaniladigan texnologiyalar juda qimmat turadi. Markazimiz direktori yordami bilan boshqa shifoxonalardan ham foydalanilmay turgan uskunalar keltirildi, xullas shu bilan yangi jihozlangan 10 koykali kardiologiya bo‘limimiz joriy yilning aprel oyidan o‘z faoliyatini boshladi. 4 reanimatsiya bo‘limi mavjud bo‘lib, shu kunga qadar 5 nafar bolada yuqori texnologiyali operatsiyalar muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Hozirda bemorlarning ahvoli yaxshi.

O‘lmas Barotov,

Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.