
Andijonda viloyati oila va xotin qizlar boshqarmasi, Xalq banki viloyat filiali hamda boshqa qator tashkilotlar hamkorligida ayollarni tadbirkorlikka jalb etish, bandligini ta’minlash, ularning tadbirkorlik borasidagi bilim va malakalarini oshirish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Oila va xotin-qizlar boshqarmasi mutasaddilari, AT Xalq banki viloyat filiali mutaxassislari, bank krediti hisobiga o‘z tadbirkorligini boshlagan va boshlash istagidagi xotin-qizlar, shuningdek, tadbirkorlik borasida samarali faoliyat olib borayotgan lider ayollar qatnashgan tadbirda Andijon viloyatida ijtimoiy va turmush sharoiti og‘ir, ishsiz xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga o‘rgatish, o‘qitish, tadbirkorlikka jalb etish va daromad manbalarini shaklantirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi ta’kidlandi.
– Bu borada viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamda aksiyadorlik tijorat Xalq banki viloyat filiali hamkorligida olib borilgan ishlar ijobiy samara bermoqda, – deydi Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Gulnoraxon Abdullayeva. – Ko‘plab opa-singillarimiz bank krediti hisobiga o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yib, doimiy daromad manbaiga ega bo‘ldi.
Darhaqiqat, hamkorlik doirasidagi ishlar xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar eshigini ochib bermoqda. Davra suhbatida ana shu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar, yutuq va muammolar atroflicha muhokama qilindi. Tadbirda Xalq banki viloyat filiali, uning tuman, shahar bo‘limlari tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida “Ayollar daftari”ga kiritilgan 6 ming nafardan ziyod ayolga o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishlari uchun imtiyozli kredit ajratilganligi, buning natijasida 11 ming nafardan ortiq xotin-qizning bandligi ta’minlanganligi qayd etildi.
[gallery-9031]
– Maqsadimiz hamkor tashkilotlar bilan birgalikda mahallalardagi qiyin sharoitda yashayotgan, ish bilan band bo‘lmagan ayollarning muammo va imkoniyatlarini o‘rganish orqali ularga ko‘maklashish, – deydi AT Xalq banki viloyat filiali boshlig‘i o‘rinbosari Gulsanam Rustamova. – O‘z tadbirkorligini boshlamoqchi bo‘layotgan ishsiz ayollar bu borada muayyan bilimga egami, bank kreditidan foydalana oladimi, mahsulot tayyorlash, sotish, kreditni qaytarish imkoniyatlari qay darajada? Yuqoridagi savollar doirasida xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish, tadbirkorlik borasida opa-singillarimizga zarur bilim, tushuncha, tavsiya va maslahatlar berish, ularning bilimlarini boyitishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Davra suhbatida bank tomonidan mahallalardagi ishsiz, o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish istagidagi xotin-qizlarni tadbirkorlikka o‘qitish bo‘yicha seminar-treninglar, davra suhbatlari, muloqotlar doimiy o‘tkazib borilayotganligi, bu o‘z navbatida xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishga yaqindan yordam berayotganligi aytib o‘tildi.
– Men hunarmandman, bank tomonidan tashkil etilgan seminarlarda bir necha bor qatnashib, tadbirkorlik borasidagi bilimlarimni boyitdim, – deydi Andijon shahridagi Erkin mahallasida yashovchi Nargizaxon Soliyeva. – Shundan so‘ng, Xalq banki Andijon shahar bo‘limidan imtiyozli kredit olib, milliy qo‘g‘irchoqlar tayyorlashni yo‘lga qo‘ydim. Hozirda 5 nafar shogirdim bilan ish olib boraman. Mahsulotlarimiz “Jome’” me’moriy majmuasi hududidagi do‘konimizda sotilyapti, shuningdek, buyurtma bo‘yicha bog‘chalarga tayyorlab, yetkazib beryapmiz. Hozirda ishimni rivojlantirish, mijozlarni ko‘paytirish harakatidaman. Eng asosiysi, bank ko‘magida o‘z tadbirkorligimni yo‘lga qo‘yib oldim, daromad topish imkoniga ega bo‘ldim.
Davra suhbatida AT Xalq banki mutaxassislari tomonidan ishtirokchilarga biznes-loyihalar tayyorlash, kredit olish tartiblari, kreditdan maqsadli foydalanish hamda tadbirkorlikni samarali yuritish singari qator masalalar yuzasidan ma’lumotlar, shuningdek, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish, ijobiy natijalarga erishish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi. Tajribali tadbirkor ayollar tomonidan mahorat darslari o‘tkazildi.
Tadbir doirasida AT Xalq bankining moliyaviy ko‘magida o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ygan hunarmandlar hamda muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar ko‘rgazmasi namoyish etildi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMURZOQOV (surat), O‘zA