English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bandalarning eng suyuklisi kim?
10:13 / 2022-08-11

Inson dunyoga jussasi juda kichik va zaif, hech bir narsani bilmaydigan holda keladi. Asta-sekin ulg‘ayib jismi quvvatga to‘ldi, his-tuyg‘ulari o‘sib boradi, aql va bilimi oshib kamolga yetadi. Alloh taolo inson hayotining shu bosqichiga ishora qilib Qur’oni karimda bunday marhamat qilgan: “Alloh sizni onalaringiz qornidan hech narsa bilmaydigan holingizda chiqardi. U sizga quloq, ko‘zlar va dillarni berdi. Shoyadki, shukr qilsangiz” (“Nahl” surasi, 78-oyat).

Ammo insonga yoshlik davrida berilgan jism va aqldagi komillik umrbod emas. Vaqt o‘tishi bilan u yana zaiflik holatiga qaytadi. Bu haqda Qur’oni karimda shunday deyilgan: “Alloh sizni zaiflikda yaratgan, so‘ngra zaiflikdan keyin quvvatli qilgan, so‘ngra quvvatdan keyin yana zaiflik va qarilik oriz qilgan zotdir. U xohlaganini yaratur. U o‘ta ilmli va o‘ta qudratlidir” (“Rum” surasi, 54-oyat).

Inson 15 yoshdan 40 yoshgacha yoshlik davrini boshidan o‘tkazadi. Mana shu davr inson uchun umrining eng go‘zal damlari hisoblanadi. Chunki bu vaqt mobaynida kishi kuch-g‘ayratga to‘lgan, ongu shuuri kamolga yetgan, his-tuyg‘ulari shakllangan bo‘ladi. Yoshlik inson umrining eng afzal bosqichi ekanligiga Alloh taolo jannat ahlining barchasini yosh qilib qo‘yishi va ular hech qachon qarimasliklari ham dalil bo‘la oladi.

Shunday ekan yoshlikni Alloh taoloning juda buyuk ne’mati, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shu bilan birga bu davr o‘ta mas’uliyatli onlar bo‘lib, uni qadrlamaganlarga oxiratda jazo ham borligini unutmaslik kerak. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom bunday deganlar: “Qiyomat kuni bandaning qadami to‘rt narsadan so‘ralmaguncha o‘rnidan jilmaydi: umrini qanday o‘tkazgani, yoshligini nimalarga sarflagani, mol-mulkini qayerdan olib, qayerga sarflagani va ilmiga qanday amal qilgani haqida so‘raladi” (Imom Tabaroniy rivoyati).  

Bundan ko‘rinib turibdiki, inson, ayniqsa yoshlar vaqtlarini sarflashda Alloh taolo oldidagi mas’uliyatini his qilmog‘i kerak. Har bir vaqtning va umrining qadriga yetib, uning har lahzasini dini, dunyosi va oxirati uchun manfaatli bo‘lgan ishlarga – ilm o‘rganib, amal qilish, uni boshqalarga o‘rgatish, haloldan rizq talab qilishga sarflamog‘i lozim.

Yoshlikda qilingan ishlar puxta, mustahkam bo‘ladi, ibodatlarning savobi ham ortiq bo‘ladi. Shuning uchun ham hamma zamonlarda mamlakatning kelajakdagi mustahkamligi, uning kuch-qudrati, taraqqiyoti o‘sha mamlakat yoshlarining salohiyati bilan chambarchas bog‘liq.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Besh narsadan oldin besh narsani g‘animat bil: keksaliging oldidan yoshligingni, kasalliging oldidan salomatligingni, kambag‘alliging oldidan boyligingni, mashg‘ulliging oldidan bo‘shligingni, o‘liming oldidan hayotligingni”, dedilar”.

Payg‘ambarimiz Qiyomat kunida insondan hayoti haqida ikkita savol so‘ralishi haqida xabar berdilar: birinchisi, hayoti haqida boshidan oxirgacha, ikkinchisi, yoshligi haqida. Agarda inson umrining hammasi haqida so‘ralsa, shuning ichida yoshligi haqida ham so‘raladi, lekin bu davrning hisob-kitobi alohida bo‘ladi.  

Odatda, keksa odamda o‘lim xavotiri bo‘ladi. Ulardagi istaklar yoshlarnikidek bo‘lmaydi. Ammo yoshlarda istaklar kuchli, orzu-havaslar ko‘p, kuch-quvvat yetarli, yumushlari bisyor bo‘lishi barobarida, ularni yo‘ldan uruvchi narsalar ham ko‘p bo‘ladi. Ular o‘zlaridagi gunoh, hoy-u havas istagini yengib, ilmga, yaxshilik va ibodatga uringanlari, namozlarini o‘z vaqtida ado etishga bel bog‘laganlari uchun Qiyomat kuni Allohning Arshi soyasidan joy oladi.

Hadisi sharifda Arshning soyasida bo‘ladigan yetti toifa kishilar jumlasida: “Allohning toat-ibodatida ulg‘aygan yigit (Arshning soyasidan boshqa hech qanday soya bo‘lmaydigan kunda soyalantiriladi),” – bo‘lishi bashorat qilingan (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Boshqa bir hadisda Rasululloh (s.a.v) shunday deganlar: “Allohga bandalarning eng suyuklisi yosh va xushsurat bo‘lib, chiroyi va yoshligini Allohning ibodatiga sarflagan yigitdir. U bilan Rahmon O‘z farishtalariga: “Mana bu (yigit) Mening haqiqiy bandamdir”, deb maqtanadi”( Ibn Shahin “At-targ‘ib fi fazoilil a’mol”da Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilingan).

Islom tarixiga nazar solsak, Payg‘ambarimiz Makka ahlining yoshi ulug‘ va ko‘pni ko‘rgan kishilariga islomni taklif qildi, ammo ular rad etdi. Shunda Makka yoshlari sallallohu alayhi vasallamga ergashdi va ko‘makchi bo‘ldi. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu islomni qabul qilganida 38 yosh, Umar va Abdurahman ibn Avf 30 yosh, Usmon 34 yosh, Abu Ubayda ibn Jarroh 27, Tolha 21 yosh, Sa’id ibn Umayr 20, Sa’d ibn Abu Vaqqos 19 yoshda edi.

Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh (s.a.v) shunday deganlar: “Abu Bakr jannatda, Umar jannatda, Usmon jannatda, Ali jannatda, Tolha jannatda, Zubayr jannatda, Abdurahmon ibn Avf jannatda, Sa’d jannatda, Sa’id jannatda, Abu Ubayda ibn Jarroh jannatda bo‘ladi” (Imom Termiziy rivoyati).
Bu muborak zotlar Islomga sadoqatlari, Alloh taologa va Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga cheksiz muhabbatlari bois, shunday oliy maqomlarga erishdi. Alloh taolo vahiy orqali Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamga bu zotlar hayotlik paytlaridayoq jannat xushxabarini bergan edi.

Mamlakatimiz aholisining 64 foizini yoshlar tashkil etadi. Farzandlarimizning ilmli, axloqli bo‘lib kamolga yetishlari, hunar egalari bo‘lishlari uchun mamlakatimizda barcha sharoit yaratilgan. Ularning kelajagi uchun uyda ota-onalar, o‘quv yurtlarida esa muallim va ustozlar astoydil jon kuydirishlari kerak. O‘g‘il-qizlarimizni ilm-ma’rifatga oshno qilishdan hech kim chetda turmasligi lozim. Jadidchi allomalarimizdan birlari: “Farzand tarbiyasiga loqayd qaragan millat inqirozga mahkumdir”, deb bejizga aytmagan. Kattalar o‘z nasihatlaridan yoshlarni mahrum qilib qo‘ymasliklari lozim. Ularning yoshlar tarbiyasida ahamiyati benihoya katta. O‘z navbatida yoshlar ham ularning nasihatlarini ixlos bilan tinglab, o‘zlariga kerakli xulosalar chiqarishlari maqsadga muvofiqdir.

Bugun O‘zbekiston yoshlari bilimi, aql-zakovati, intilishlari bilan butun dunyoni hayratga solmoqda. Nimani eksang shuni o‘rasan, deydi dono xalqimiz. Yoshlar tarbiyasiga e’tibor kelajagimizga bo‘lgan e’tibor ekanligini hech qachon yodimizdan chiqarmasligimiz va bu yo‘lda barchamiz birday harakat qilmog‘imiz lozim.

Zayniddin Eshonqulov,

O‘zbekiston Musulmonlari idorasining Samarqand viloyatdagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi.

O‘zA