English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ayolga qilingan zulm kelajakka qilingan xiyonat
16:00 / 2022-12-07

Yurtimizda xotin-qizlar huquqlari va manfaatlarini ta’minlash, ularni har tomonlama himoya qilish va oilaviy muammolar, turli xil zo‘ravonlikka duch kelgan xotin-qizlarni ruhiy qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinib, qiyin ahvolda qolgan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlari ochildi.

Shu kunlarda esa barcha hududlarda “16 kun zo‘ravonliksiz!” aksiyasi o‘tkazilmoqda.

Aksiya doirasida konferensiya, davra suhbatlari, seminar-treninglar, ko‘rik-tanlovlar, uchrashuvlar tashkil etilmoqda.

Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganlar bilan ishlash maqsadida 2021 yil 19 maydagi “Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori bilan Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish bo‘yicha respublika markazi va joylarda 28 ta hududiy, tumanlararo namunali markazlar tashkil etildi.

Ushbu markazlar tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan, o‘z joniga suiqasd qilgan yoki o‘z joniga qasd qilishga moyilligi bo‘lgan xotin-qizlarga anonim tarzda shoshilinch tibbiy, psixologik, ijtimoiy, pedagogik, huquqiy va boshqa yordamlar ko‘rsatadi.

Markazda zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlari, o‘z joniga suiqasd qilgan yoki moyilligi bo‘lgan xotin-qizlar vaqtincha joylashtiriladi.

2022 yilda Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazining Navoiy viloyat hududiy bo‘limiga tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar tomonidan 589 ta murojaat kelib tushgan. Murojaatlar tahlil etilganida, ularning 243 tasi jismoniy zo‘ravonlik, 31 nafari jinsiy zo‘ravonlik, 108 nafari iqtisodiy, 196 nafari ruhiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan.

Sodir etilgan zo‘ravonliklarning 397 tasi oilada er-xotin, qaynona-kelin, ota-onalar va farzandlar o‘rtasida, 12 tasi ish beruvchi va xodim o‘rtasida, qolganlari jamoat joylarida sodir etilgan.

Hududiy va tumanlararo markazlarning vaqtinchalik yotoqxonasiga 128 nafar zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan ayollar va ularning farzandlari joylashtirilgan. O‘z joniga qasd qilishga moyil bo‘lgan 5 nafar ayolga alohida psixologik va tibbiy yordamlar ko‘rsatilib, doimiy ish bilan ta’minlash choralari ko‘rilgan.

Har bir ayol ma’naviy sog‘lom, baxtli va xotirjam hayot kechirishi kerak. Shunda oila bag‘rida ulg‘ayayotgan farzandlar komil inson bo‘lib voyaga yetadi.

Gulnafis Xudoyberdiyeva,

Navoiy viloyat sudi sudyasi.

O‘zA