
Farg‘ona viloyati prokuraturasi tashabbusi bilan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi hamkorligida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan “Ayol ma’rifati jamiyat saodatidir” nomli anjuman tashkil etildi.
Viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarining talaba xotin-qizlari, olima ayollar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan mazkur tadbirda ularga ehtirom va e’zoz ko‘rsatildi.
Ayollarni ulug‘lash – yuksak qadriyat, jamiyat taraqqiyotini, sog‘lom avlod kamolotini belgilovchi mezonlardan biri. Viloyat prokuraturasi tomonidan oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talaba xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini qonuniy himoya qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, ularning ijtimoiy ahvoli atroflicha o‘rganib chiqilib, moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi. Ko‘rilgan choralar va hamkorlik tadbirlari natijasida viloyatdagi 5 ta oliy o‘quv yurtlaridagi 120 nafardan ortiq ehtiyojmand talaba-qizlarga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatilishi ta’minlandi. Mazkur anjuman ham ularni qo‘llab-quvvatlash ishlarining uzviy davomi bo‘ldi.
[gallery-10820]
Farg‘ona politexnika institutida o‘tkazilgan tadbir karnay-surnay sadolari ostida mehmonlarni kutib olish bilan boshlandi. Dastlab institut foyesida shahar-tumanlarda oilaviy tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan xotin-qizlar, ishbilarmon ayollar tomonidan turli mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Mehmonlar va anjuman ishtirokchilari chevar ayollar, kasanachi qizlar ijodi bo‘lmish uy-ro‘zg‘or buyumlari, bejirim kiyim-kechaklar, o‘yinchoqlarga yuqori baho berishdi.
–O‘zbek ayollari yo‘qdan bor qiluvchi xislati bilan ajralib turadi. Misol uchun, qiyqimlar, mato bo‘laklarini tashlab yubormay, quroq tikishadi, teshik idishdan esa gultuvak o‘rnida foydalanishadi, – deydi viloyat prokurorining o‘rinbosari Farhod Ismoilov. – Xotin-qizlarimizning tadbirkorligi, ishbilarmonligi va zukkoligi azaldan tahsinga sazovor bo‘lib kelgan. Shu tadbirkorlikka biroz zamonaviy bilim, ilmiy yondashish qo‘shilsa bizning ayollarimizga teng keladigani topilmaydi.
Oliy o‘quv yurtlari talaba-qizlari ishtirokidagi “Zakovat” intellektual o‘yini bu fikrga hamohang bo‘ldi. Bilimga chanqoq, topqir va zukko qizlar har bir savolga batafsil javob berdi. G‘olib jamoalar sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Institut san’at saroyida anjumanning taqdirlash marosimi va bayram dasturi namoyish qilindi. Viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan bir guruh talaba qizlar pul mukofoti va sertifikatlar bilan taqdirlandi. Taniqli san’atkorlar, ijodkor talabalar ishtirokidagi konsert dasturi barchaga xush kayfiyat bag‘ishladi.
–Bugun bayram bahonasida talaba qizlarimizni qo‘llab-quvvatlash, ularning ilm-ma’rifat yo‘lidagi harakatlariga ko‘maklashishni maqsad qildik, – deydi Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Ma’sudjon Sulaymonov. –. Aslida ham, mamlakatning qay darajada rivoj topishi, jamiyatdagi kayfiyat va taraqqiyot olimu fozila ayollar soni, sifati bilan chambarchas bog‘liq. Biz ayolning o‘rni ko‘proq oilada, farzand tarbiyasida bo‘lishi kerak, degan qarashga o‘rganib qolganmiz, lekin yosh avlodning sog‘lom va ma’rifatli, yuksak ma’naviyatli bo‘lib voyaga yetishida xotin-qizlarning ma’rifat saviyasi katta rol o‘ynaydi. Davlatimiz rahbarining hamisha ayollarga e’tibor qaratishi, olima va talaba qizlar uchun qulay shart-sharoit yaratishi, imtiyozlar berishi bejiz emas. bugungi tadbirda bu alohida e’tirof etildi.
Xalqaro ayollar bayrami shodiyonalari barcha shahar-tumanlarda davom etadi.
N.Bozorova, O‘zA
M.Qodirov olgan surat