English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Axborot olishdan erkin foydalanish bo‘yicha xalqaro konferensiya tashkil etildi
14:55 / 2022-09-29

Poytaxtda Xalqaro axborotdan erkin foydalanish kuni munosabati bilan xalqaro konferensiya tashkil etildi.

Axborotdan foydalanishda inklyuziv yondashuvlarga bag‘ishlab o‘tkazilgan davra suhbatida imkoniyati cheklangan shaxslarning barcha uchun ochiq bo‘lgan ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga urg‘u berildi. 

Shuningdek, ijtimoiy ma’lumotlarni olishda elektron boshqaruv imkoniyatlaridan ayollarning ham to‘laqonli foydalanish masalalarini global darajada ta’minlash mavzusida ma’ruza qilindi. Panel yig‘ilishida Buyuk Britaniya, Kanada, Pokiston, AQSH, Bangladesh, Avstraliyadan ekspertlar ishtirok etib, tadqiqot va tahlillar natijalarini taqdim etdi. 

Davra suhbatida O‘zbekiston vakili sifatida innovatsion rivojlanish vazirining raqamlashtirish va axborot texnologiyalari bo‘yicha maslahatchisi, sun’iy intellekt maslahat kengashi raisi Bobur Rahimov qatnashib, mamlakatimizda sun’iy intellektni joriy qilish va rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. 

Shundan so‘ng, axborot olishda shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, davlat organlari va tashkilotlarining hisobdorligi va shaffofligini ta’minlash mexanizmlari bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda davlat xizmatlarini to‘liq raqamlashtirish, maxfiy ma’lumotlar muhofazasida elektron boshqaruvning afzalligi va kamchiliklari tahlil qilindi. 

Ikkinchi panel yig‘ilishida Ispaniya, Meksika, Argentina, Uganda va Jahon bankining raqamli rivojlanish bo‘yicha tadqiqotchi-ekspertlari soha yutuqlari hamda istiqboldagi rejalar haqida ma’lumot berishdi.  

Kun yakunida bo‘lib o‘tgan uchinchi panel yig‘ilishida Xalqaro axborotdan erkin foydalanish kunining ahamiyati, kun tartibida belgilangan mavzular bo‘yicha taqdimot va tahlillarning o‘ziga xos jihatlari, zarurati haqida mutaxassislar fikri tinglandi. 

Shuningdek, Toshkent deklaratsiyasi xalqaro konferensiya doirasida ishtirokchilar tomonidan ma’qullandi. Mazkur deklaratsiyada bugungi kunda axborotdan erkin foydalanishda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan masalalar aks ettirilgan.

 

Muhayyo Toshqorayeva, 

O‘zA