
Avgust oyi qishloq xo‘jaligi sohasida muhim palla bo‘lib, dehqonlar tilida “hosilga hosil qo‘shish” oyi hisoblanadi.
“Har bir gektar yerdan kafolatlangan 40 sentner paxta hosilini olish maqsadida 15 iyuldan 15 avgustga qadar hosilga-hosil qo‘shish “Zarbdor 30 kunlik” e’lon qilingan edi. Bu vaqt oralig‘ida Navoiy viloyatida ham g‘o‘za maydonlarida agrotexnik tadbirlarni kechiktirmay olib borish, zararkunandalarga qarshi ishlov berish, g‘o‘za qator oralarini kultivatsiya qilish, sharbat bilan sug‘orish va ayni anomal issiqda paxtadagi “stress” holatini bartaraf etish uchun “tungi sug‘orish”larni tashkil etish ishlari olib borildi. Jarayonlar “O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi, viloyat prokuraturasi tomonidan tuzilgan Ishchi guruhi tomonidan nazorat qilib borildi.
bugungi kunda viloyatda 31 ming 655 gektar maydonga chigit ekilgan bo‘lib, g‘o‘za maydonlari rivojlanish fazasi bo‘yicha 15-16 ta hosil shoxi, 10-13 tagacha ko‘sakka ega.
– G‘o‘za qator oralariga ishlov berish uchun viloyat bo‘yicha 707 ta kultivator jalb etilgan bo‘lib, ularning texnik sozligi va g‘o‘za shoxlariga zarar yetkazmaslik uchun “baliq sirti” qilib o‘ralgani, kultivatsiyani kechiktirilmay bajarilishi agroinspeksiya viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limi xodimlari tomonidan nazorat qilinib, zarur o‘rinlarda fermerlarga maslahat, tavsiyalar berib kelinmoqda, – deydi “O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi katta inspektori Burhon To‘ychiyev. – Viloyat bo‘yicha bir kunda 3298 gektar g‘o‘za maydoni qator oralariga ishlov berildi. Shuningdek, mineral o‘g‘itlar bilan gektariga 300 kilogrammdan 3-oziqlantirish agrotexnik tadbirlari amalga oshirildi.
“Navbahor tekstil” paxta-to‘qimachilik klasteri tomonidan tumandagi paxtachilikka ixtisoslashgan 184 ta fermer xo‘jaligi bilan shartnoma tuzilgan bo‘lib, chigit ekilganidan boshlab toki uni yig‘ib-terib olish ishlarini sifatli tashkil etish, yuqori hosildorlikka erishish, yangi ish o‘rinlari yaratish kabi masalalarga mas’uliyat bilan yondashilmoqda.
– Barcha fermer xo‘jaliklari paxta maydonlarida g‘o‘zalar havas qilsa arzigulik baravj rivojlanmoqda, – deydi “O‘zagroinspeksiya” Navbahor tuman bo‘limi boshlig‘i Abbos Rizoqulov. – Har 5 gektar yerga suvchi biriktirilgan bo‘lib, suvni “sharbat” bilan tarqatish, g‘o‘za maydonlari boshida sharbat o‘ralar qazilgani va suvchilarga yaratilgan sharoitlar yuzasidan kunlik monitoring ishlari olib borildi. Aksariyat fermer xo‘jaliklarida g‘o‘za qator oralarini 4-marta sug‘orish ishlari bajarilyapti.
Qiziltepa tumanida ham “Dolzarb 30 kunlik” tadbirlar reja asosida olib borildi.
– Tumanda 61 ta OVX purkagich, 189 ta chopiq traktori mavsumga shay holatda, – deydi tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Farhod Esanov. – Kunlik agrotexnik tadbirlarning sifatli bajarilishi ishchi guruh tomonidan muntazam tahlil qilib borildi. Jumladan, g‘o‘za maydonlariga kimyoviy ishlov berish, biostimulyatorlarning belgilangan me’yor asosida ishlatilishiga oid tavsiyalar berib borildi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rildi. Maqsad, paxtachilikda yuqori hosildorlikka erishishdir.
Agroinspeksiya viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan g‘o‘za agrotexnikasi yuzasidan mavsum boshidan buyon 474 ta fermer xo‘jalikning 21 ming gektar g‘o‘za maydonlarida nazorat tadbirlari o‘tkazildi. Shundan 3 ming 341 gektar maydonda g‘o‘za parvarishi bilan bog‘liq xato va kamchiliklar aniqlandi. Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan fermer va klasterlarga 334 ta bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatma, 77 ta ogohlantirish xati berilgan.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA