English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Atom energetikasini rivojlantirish uchun mamlakatimizda mahalliy kadrlar tayyorlanmoqda
15:16 / 2022-12-07

Qaror va ijro

Toshkent shahridagi "Moskva muhandislik-fizika instituti” milliy tadqiqot yadro universitetining filiali to‘rt yildan buyon faoliyat yuritmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 20 iyuldagi “Toshkent shahrida “MMFI” milliy tadqiqot yadro universiteti” federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasining filialini tashkil etish va uning faoliyatini tashkillashtirish to‘g‘risida”gi qarori asosida tashkil etilgan mazkur oliygohda 300 nafardan ziyod talaba jahon ta’lim standartlari asosida tahsil oladi.

O‘zA muxbirining Toshkent shahridagi "Moskva muhandislik-fizika instituti” Milliy tadqiqot yadro universitetining filiali ijrochi direktori Shavkat ABDUKAMILOV bilan suhbatimiz ushbu oliygohdagi talabalarga yaratilgan shart-sharoitlar, ta’lim va tarbiya jarayonlari xususida bo‘ldi.

– Avvalo, Toshkent shahridagi "Moskva muhandislik-fizika instituti” Milliy tadqiqot yadro universitetining filialini ochishning asosiy sabablari haqida to‘xtalsam, – dedi Sh.Abdukamilov. – 2017 yil dekabr oyida Toshkentda Rossiya va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasida atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolangan edi. Ushbu kelishuvga muvofiq, tomonlar o‘rtasida ilk marotaba yadroviy qurilmalarni qurish va foydalanishda hamkorlik qilish yo‘nalishlari belgilangan edi. Shundan so‘ng, 2018 yilning sentyabr oyida O‘zbekiston va Rossiya hukumatlari o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi hududida atom elektr stansiyasini qurish to‘g‘risidagi bitim imzolandi va unga ko‘ra har biri 1200 megavatt quvvatga ega “VVER” tipidagi ikkita energoblokka ega atom elektr stansiyasini qurish rejalashtirilgan. Yuqoridagi hujjatlar ikki davlat o‘rtasida atom energiyasidan tinch maqsadda foydalanish sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning huquqiy asosini yaratadi.

Atom elektr stansiyalarini qurishda va ulardan foydalanishda eng zamonaviy va ilg‘or texnologiyalardan foydalaniladi. Shuning uchun chuqur bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega yuqori malakali mutaxassislar zarur. Muammolarning murakkabligi va ularni kompleks va tizimli hal etish, shuningdek, tarmoq korxonalarining kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish zaruriyatini hisobga olgan holda, atom sanoatiga O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga qodir yosh ilmiy va muhandis kadrlarini tayyorlash uchun Toshkent shahrida “MMFI” Milliy tadqiqot yadro universitetining filialini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

– Demak, yurtimizda atom energetikasi sohasini rivojlantirishda ushbu dargoh salohiyatli kadrlarni yetkazib beradi. Aytingchi, filialning mamlakatimizdagi boshqa oliy o‘quv yurtlaridan farqi nimada va bu yerda qaysi mutaxassislar tayyorlanadi?

– To‘g‘ri ta’kidladingiz, filialimizda salohiyatli kadrlarni tayyorlash uchun zarur qulayliklar yaratilgan va bu yerda talabalarga o‘z kasbining bilimdoni va ko‘p yillik pedagogik tajribaga ega bo‘lgan mahalliy va rossiyalik o‘qituvchilar ta’lim beradi.

Har bir oliy dargohning tartib-tamoyili va talablari bo‘ladi. Shu kabi bizning filialda ham o‘quv jarayonlari biroz murakkabroq. E’tibor bergan bo‘lsangiz, universitet “Milliy tadqiqot” maqomiga ega. Bu yerda talabalarga matematika va fizika fanlarining bo‘limlari chuqurroq o‘rgatiladi va natijada bitiruvchilar muhandislik sohalaridan tashqari ilm-fan sohasida ham ishlay oladi. Bundan tashqari, filialda o‘quv jarayoni to‘liq Moskva shahridagi bosh universitet o‘quv rejalari va dasturlari asosida tashkil etilgan. Oliy dargohda ta’lim sifatiga katta e’tibor beriladi. "MMFI” Milliy tadqiqot yadro universiteti xalqaro reytinglarda TOP-500likka kiritilgani ham aynan sifat bilan bog‘liqdir.

Filialda talabalarimiz hozircha bakalavriatning “Yadro energetikasi va issiqlik fizikasi”, "Yadro fizikasi va texnologiyalari”, “Issiqlik energetikasi va issiqlik texnikasi” va “Elektr energetikasi va elektrotexnika” yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil olmoqda.

– Bu yerda o‘qishga qabul qilish jarayonlari qanday? Ta’lim faqat davlat granti asosida beriladimi?

– Dargohimizda talabalar fizika, matematika va rus tili fanlaridan kirish imtihonlari natijalariga ko‘ra saralanadi. Imtihonlar yozma shaklda Rossiyaning yagona davlat imtihonlari savollari asosida o‘tkaziladi. Abituriyentlar uchun kirish imtihonlari yozning iyul oyida o‘tkaziladi. Eng ko‘p ball to‘plagan 100 nafar abituriyent o‘qishga qabul qilinib, davlat granti asosida bepul ta’lim oladi. Barcha talabalar o‘qishni bitirganidan so‘ng ish bilan ta’minlanadi. Filial birinchi talabalarni 2019 yilning sentyabr oyida qabul qilgan va 2022/2023 o‘quv yilida birinchi bakalavrlar o‘qishni bitirishi kutilmoqda.

Shuni aytib o‘tish joizki, 2023 yilda filialda mavjud bakalavriat yo‘nalishlari bo‘yicha magistrlik dasturlarini ochilishi rejalashtirilmoqda.

Toshkent shahridagi “Moskva muhandislik-fizika instituti” Milliy tadqiqot yadro universitetining filiali yadro fizikasi va texnologiyasining eng muhim ilmiy, texnologik va ishlab chiqarish muammolarini hal etishga, shuningdek, fundamental va ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borishga qodir bo‘lgan xalqaro ta’lim standartlari darajasida yuqori malakali muhandis-texnik kadrlarni tayyorlaydi. Talabalar xalqaro ta’lim dasturlari, xalqaro tanlovlar, shuningdek, O‘zbekiston va Rossiyaning energetika ob’ektlari va yetakchi tadqiqot institutlarida amaliyot o‘taydi.

– O‘qituvchilar va talabalarga yaratilgan sharoitlar haqida ham to‘xtalsangiz.

– Filialning O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti hududida barpo etilganida ham o‘ziga xos ma’no bor. Chunki talabalar bu yerda ta’lim olib, amaliyotni Yadro fizikasi institutida o‘tashi har jihatdan qulaydir. Oliy dargohda talabalarning o‘qishi va yashashi uchun xalqaro standartlarga javob beradigan zamonaviy o‘quv binosi qurilgan va u eng so‘nggi laboratoriya va o‘quv anjomlari bilan jihozlangan.

Kutubxona fondi boy, barcha fanlar bo‘yicha yetarli adabiyotlar hamda badiiy kitoblar bilan to‘ldirilgan. Shuningdek, kutubxona Moskvadagi bosh universitet va O‘zbekiston Milliy kutubxonasi elektron bazasiga ulangan. Talabalar o‘ziga zarur kitoblarni aynan shu manbalardan olishi mumkin.

Filialdan bor yo‘g‘i 700 metr uzoqlikda talabalar uchun yotoqxona majmui ham bunyod etilgan. U 200 o‘rinli talabalar yotoqxonasi, o‘qituvchilar uchun 63 xonadondan iborat ko‘p qavatli turar joy binolari, sportzal va oshxonadan iborat.

– Joriy yilning 21-22 noyabr kunlari Sochida “Atom bahori: Barqaror kelajak yaratish” shiori ostida “Atomekspo-2022” xalqaro forumi o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi. Ushbu nufuzli tadbirda ishtirok etishning foydali jihatlari nimalarda aks etdi?

– Sochida o‘tkazilgan mazkur forum dunyoning ko‘plab davlatlari soha vakillari uchun o‘zaro muloqot va aloqalarni o‘rnatishda muhim hisoblanadi. Ushbu xalqaro tadbir O‘zbekiston delegatsiyasiga ham yadro texnologiyalari yangiliklari bilan tanishish va atom energetikasini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Forumda O‘zbekiston nomidan Energetika vazirligi, “O‘zatom” agentligi, O‘zFA Yadro fizikasi instituti, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi va Toshkent shahridagi “Moskva muhandislik-fizika instituti” Milliy tadqiqot yadro universitetining filialidan vakillar, jumladan, talabalarimiz ham ishtirok etdi.

Forumda 65 ta xorij davlatidan 3344 nafar delegat, jumladan, jahon atom sanoatining eng yirik kompaniyalari, davlat idoralari, xalqaro va jamoat tashkilotlari rahbarlari, yetakchi ekspertlar qatnashdi. Bu o‘zbekistonlik soha vakillari uchun katta maydon va har tomonlama qulay fursatdir.

Forumning asosiy mavzusi global atom energetikasining qayta tiklanishi bilan bog‘liq bo‘ldi. Men oliy dargoh rahbari sifatida “Universitet kampuslarining joriy modellari: bugungi kunning muammolari” nomli taqdimotda filial talabalari kampusi haqida chiqish qildim. Xorijiy hamkasblar filialda talabalar uchun yaratilgan sharoitlarga yuqori baho berdilar va kelajakda bir qator xalqaro konferensiyalar, seminar va o‘quv kurslarini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib olindi.

Forumning ikkinchi kunida “Eksportni rivojlantirish maqsadida Rossiyaning yirik kompaniyalari IT-integratorlarining sinergiyasi dolzarb muammolar va ularni hal etish yo‘llari” mavzuida o‘tkazilgan davra suhbatida ma’ruza qildim. bugungi kunda O‘zbekistonda Rossiyaning 15 ta ilg‘or oliy o‘quv yurtining filiallari faoliyat ko‘rsatmoqda. Lekin ularning hech birida IT-ta’lim yo‘nalishlari ochilmagan. Ma’ruzamda ushbu masalani bosh oliy o‘quv yurtlari bilan birgalikda ko‘rib chiqish kerakligi yuzasidan taklif bildirdim. Ushbu taklif davra suhbatida ishtirok etayotgan ekspertlar tomonidan ijobiy qabul qilindi.

Shuningdek, forum doirasida “Rosatom” korporativ akademiyasi va “Rusatom – Xalqaro tarmoq” ko‘magida yoshlar dasturi ham tashkil etildi. Unda filialimiz vakillari qatnashdi. Dastur toza energiya va texnologiya kun tartibini ilgari suradigan xalqaro yoshlar hamjamiyatini rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA

suhbatlashdi.