
TDT Samarqand sammiti nafaqat mamlakatimiz va mintaqamiz, balki butun xalqaro jamoatchilik diqqat markazidagi voqea sifatida namoyon bo‘ldi. O‘zA muxbiri ijtimoiy tarmoq orqali Boku bilan bog‘lanib, Ozarbayjon parlamenti (Milliy Mejlis) deputati, siyosatshunos, yozuvchi va jamoat arbobi Arzu Nagiyevning fikrlarini yozib oldi. Ekspert O‘zbekiston – Ozarbayjon hamkorligi, qolaversa, butun turkiy dunyoda kechayotgan jipslashish jarayoni xususida mulohaza yuritdi.
- So‘nggi yillarda O‘zbekiston – Ozarbayjon munosabati mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi, - deb boshladi suhbatni A.Nagiyev. – Bu boradagi rivojlanish jadal sur’at olgan. Uzoqni ko‘ra bilgan davlatlarimiz rahbarlarining oqilona siyosati, muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi o‘zaro tashriflar, izchil muloqot tufayli shunday natijaga erishmoqdamiz.
Umuman, mamlakatlarimiz tarixiy mushtarak ildizga ega yurtlar sanaladi. Bizni bir-biriga juda yaqin urf-odat, qadriyat va an’analar birlashtirib turadi. Men siyosatchi sifatida O‘zbekiston doimo Ozarbayjonning adolatli siyosatini qo‘llab-quvvatlab kelayotganini ham e’tirof etib o‘tishim kerak.
Shu ma’noda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi yaqin munosabat davlatlarimiz taraqqiyotini ta’minlash, xalqlarimiz farovonligini oshirishga, shu bilan birga butun turkiy dunyo yanada rivojlantirishga salmoqli hissa bo‘lib qo‘shilmoqda. Bu juda muhim jarayon, chunki o‘zbek va ozar ellari mudom birga bo‘lishi, bir-birini qo‘llab-quvvatlashi shart. Ayniqsa, bugungi kunda yer yuzida hukmron anchayin tahlikali bir davr shuni taqozo etmoqda.
Men Ozarbayjon Milliy Mejlisida aynan millatlararo do‘stlik bo‘yicha ishchi guruhni boshqaraman. Biz turli mamlakatlar parlamentlari bilan izchil aloqalarni yo‘lga qo‘yganmiz. O‘zbekiston bu jarayonda juda muhim o‘rin egallaydi.
Ikki davlat parlamentlari tez-tez o‘zaro tashriflar uyushtirib, amaliy hamkorlikni doimiy ravishda kengaytirib borishyapti. Uchrashuvlar davomida dolzarb va istiqbolli masalalar qizg‘in muhokama qilinadi. Jarayonga Turkiya parlamenti ham faol qo‘shilgan. Boshqacha aytganda, TDT aynan parlamentlararo samarali hamkorlik ko‘lamini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. O‘ylaymanki, kelgusida munosabatlarimiz yanada chuqurlashib, turli yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘mitalar, komissiyalar, ishchi guruhlari o‘rtasidagi izchil sheriklikka ko‘chadi. Qonunchilik nuqtai nazaridan parlamentlararo hamkorlik barcha sohalardagi o‘zaro manfaatli aloqalarni huquqiy jihatdan mustahkamlab, hayotga tatbiq etishga xizmat qiladi.
Men O‘zbekistonda ko‘p bor bo‘lganman. Turli anjumanlarda qatnashganman. Hammaga ma’lum, xalqlarimizning ildizi bir, dini yagona, etnik yaqinligimiz har qadamda yaqqol ko‘rinadi.
Zero, O‘zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlari ta’kidlaganidek, biz bir-birimizni hech qanday tarjimasiz juda yaxshi tushunamiz. Kelajak sari birgalikda, jipslikda, barcha yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikda qadam tashlaymiz.
G‘ayrat Xonnazarov yozib oldi.