Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida “O‘zbekiston anorchilar kuni” respublika festivali bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimiz anor yetishtiruvchilari va soha mutaxassislari, Turkiya, Ozarbayjon, Janubiy Koreya, Afg‘oniston, Ukraina, Tojikiston davlatlari vakillari ishtirok etdi.
Yevropa Ittifoqi komissiyasi, Jahon banki, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, vazirlik huzuridagi Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi, Surxondaryo viloyati hokimligi, O‘zbekiston Anorchilar assotsiatsiyasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan festivalni Bosh vazir o‘rinbosari Z. Mahkamova ochdi.
Surxondaryo viloyati hokimi T.Bobolov festival ishtirokchilarini tabriklab, viloyatda anorchilikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi A. Haitov, Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari A.To‘rayev, O‘zbekiston Anorchilar assotsiatsiyasi raisi M. Sayfutdinova, O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi boshlig‘i I.Ergashev va boshqalar mamlakatimizda anorchilikni rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, jahon bozorida raqobatbardosh anor yetishtirish va xorijga eksport qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan so‘nggi yillarda agrar sohani yuksaltirishga qaratilayotgan alohida e’tibor o‘z samarasini bermoqda. Jumladan, anor yetishtirish hajmi ortdi. Bog‘bonlarning mo‘l hosil yetishtirib, yaxshi daromad topishi uchun qulay muhit yaratildi. Bunday imkoniyat yildan-yilga kamayib borayotgan anorchilikni qayta tiklashga katta qiziqish uyg‘otdi. Shunga muvofiq tadbirkorlar va fermerlar yangi anor bog‘lari barpo etishni yo‘lga qo‘ydi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda mamlakatimizda 16 ming gektar anorzor mavjud bo‘lsa, uning 8 ming 652 gektari Surxondaryo viloyatiga to‘g‘ri kelmoqda. Vohadagi anorzorlarning 3 ming 787 gektari hosilli, 4 ming 865 gektari yosh bog‘lardir. Mavjud anor bog‘larining 7 ming 558 gektari fermer xo‘jaliklariga, 1 ming 94 gektari dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqasiga tegishli. O‘tgan yili qariyb 25 ming tonna meva yig‘ib olingan. Yetishtirilgan hosilning 4 ming 519 tonnasi yoki 2 million 171 ming dollarlik anor dunyoning o‘nga yaqin davlatiga eksport qilingan.
Joriy yilda viloyatda 43 ming 367 tonna, Sherobod tumanida 27 528 tonna anor yig‘ib olinib, “Mevalar sultoni”ning 13 ming tonnasi chet elga eksport qilinadi. Bu mahsulotning 8 ming tonnasi Sherobod tumanidan xorijlik buyurtmachilariga jo‘natiladi. O‘tgan yili sherobodliklar qariyb ming tonna yoki 474 ming dollarlik anorni xorijlik buyurtmachilariga yetkazib berdi.
Surxondaryo turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun qulay iqlimga ega hudud. Bu zaminning quyosh nuriga to‘yingan sarxil mevalari boldek shirinligi, vitaminlarga boyligi bilan ajralib turadi. Sherobod tumani bog‘bonlari esa anor parvarishlashning sir-asrorlarini chuqur egallagan. Viloyatdagi anor bog‘larining 5 ming 852 gektari aynan shu tumanda ekani, o‘tgan yili viloyatda yig‘ib olingan anor mevasining deyarli 15 ming tonnasi sherobodlik bog‘bonlar hissasiga to‘g‘ri kelgani ham bunga yaqqol dalildir. Tumandagi bog‘larning 3 ming 475 gektari keyingi yillarda barpo etilgan yosh anorzorlar ekani hisobga olinsa, yaqin yillarda bu tuman yillik anor ishlab chiqarish quvvatini 100 ming tonnaga yetkazish imkoniyatiga ega.
Viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, kelgusi yil bahorda vohada yana 3 ming 114 gektar maydonda yangi anor bog‘lari barpo etiladi. Uning ham 1 ming 655 gektari Sherobod tumanida tashkil qilinadi.
– Anorchilik qishloq xo‘jaligining tugab ketayotgan tarmoqlaridan biriga aylangan edi, – deydi O‘zbekiston Anorchilar assotsiatsiyasi raisi Mastura Sayfitdinova.– Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bu soha qayta tiklanmoqda. Yurtimiz anorchilarining boshini qovushtirgan mazkur festivalni Sherobod tumanida o‘tkazayotganimizda ham chuqur ma’no bor. Tuman bog‘bonlari anorchilikda yetarli tajriba to‘plagan. Ikkinchidan, hududda tarmoqni yanada yuksaltirish uchun yetarli yer mavjud. Farg‘ona vodiysida esa aholi zich joylashgan. Uchinchidan, festival bahonasida mamlakatimiz anor yetishtiruvchilari va yetakchi olimlar, soha mutaxassislari, xorijlik ekspertlar o‘zaro tajriba almashish, zamonaviy innovatsion g‘oyalarni keng joriy etish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Bu anorchilikda yangi davrni boshlab bermoqda. Anorchilik maktabi yaratilmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, mamlakatimizda anorning 30 dan ortiq turi yetishtirilayotgan bo‘lsa, sherobodlik bog‘bonlar ming dardga davo bo‘ladigan bu mevaning “Gulobi”, “Qozoqi”, “Toshqo‘rg‘on”, “Gayzara”, “Qora dona” kabi o‘nga yaqin shirin va nordon, uzoq muddat saqlanadigan va serhosil navlarini parvarishlamoqda. Vodiyning “Quva” navi ham sinovdan o‘tkazilib, mahalliy sharoitda yetishtirish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Festival doirasida mamlakatimiz anor yetishtiruvchilari parvarishlayotgan tabiiy mevaning ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.
– Ko‘rgazma bizda boy taassurot qoldirdi,– deydi Urug‘chilik assotsiatsiyasi eksperti Chixan Sezayderli – Rangi toza. Ta’mi shirin. Sherobodda anorchilik bo‘yicha boy tajriba to‘planganiga guvoh bo‘ldik. Bog‘bonlar bilan suhbatlashdik. O‘zimizning taklif va tavsiyalarimizni ham bildirdik. Biz innovatsion g‘oyalar asosida anorning yangi-yangi navlarini yaratmoqdamiz. Bu yerda festival o‘tkazilishini eshitib bu yutuqlarimizni anor yetishtiruvchilar va soha mutaxassislari bilan baham ko‘rish uchun keldik.
Tumandagi “Sherobod Anor Impeks” mas’uliyati cheklangan jamiyati hududida bo‘lib o‘tgan festivalda “O‘zbekistonda anorchilik va uning istiqbollari” mavzuida seminar o‘tkazildi. Anjumanda olimlar, soha mutaxassislari anor yetishtiruvchilarni yuz berayotgan yangiliklar hamda O‘zbekistonda anorchilik istiqbollari bilan yaqindan tanishtirdi.
Ishtirokchilar “Sherobod Anor Impeks” mas’uliyati cheklangan jamiyatining qiymati 1 million dollarlik anorning ta’mini, rangini, og‘irligi va anor po‘stlog‘ining qalin yoki yupqaligini aniqlaydigan hamda turlarga ajratilgach, eksportbop qilib qadoqlaydigan, mevani qayta ishlab, tabiiy sharbat ishlab chiqaradigan zamonaviy korxonasi, “O‘zagrolizing” kompaniyasining texnikalar ko‘rgazmasi bilan tanishdi. Tuman fermer xo‘jaliklari va tadbirkorlarning anor bog‘larini ko‘zdan kechirdi.
“Eng mazali anor navi”, “Eng katta anor”, “Eng mazali anor sharbati”, “Eng chiroyli tozalangan anor” kabi nominatsiyalar g‘oliblari aniqlanib, festival tashkilotchilarining qimmatbaho sovg‘alari, diplom va festival statuetkalari bilan taqdirlandi.
San’atkorlarning konsert dasturi tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri