
Andijonda ot sportining “Tentpegging” turi bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi.
Milliy gvardiya, Qo‘riqlash xizmati Andijon viloyati boshqarmalari xamda Milliy gvardiya Chavandozlar maktabi hamkorligida o‘tkazilgan musobaqada Milliy gvardiya tasarrufidagi Chavandozlar maktabi sportchilari ishtirok etib, g‘oliblik uchun o‘zaro bahs olib bordi.
Ot sporti muxlislari, yoshlar ishtirokida musobaqa ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda so‘z olganlar tomonidan viloyat Milliy gvardiya boshqarmasi Chavandozlar maktabida ot sportini rivojlantirish, mahoratli yosh sportchilar hamda Milliy gvardiya tizimi uchun malakali xodimlar tayyorlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi, o‘tkazilayotgan musobaqalar ana shu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
[gallery-9603]
Ishtirokchilar ot ustida tez yurib, halqani nayzaga ilib olish, nayzani nishonga otish, qilichda sharni yorish, kamondan nishonga urish yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazdi.
Musobaqalarning yakuniy natijalariga ko‘ra, to‘rt yo‘nalish bo‘yicha Bahodir Bobonazarov, Abdulloh Shahobiddinov, Abdulaziz Tolibjonov, Abdurahmon Siddiqov, Shohruh Obidov, Sardor Olimjonov yuqori natija ko‘rsatib g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi.
– Ot sporti bilan shug‘ullanish kishidan katta mehnat, shijoat, alohida mahorat talab etadi, – deydi musobaqa g‘oliblaridan biri B. Bobonazarov. – Ushbu musobaqa imkoniyatlarimizni sinovdan o‘tkazish bilan birga, mahorat va tajribamizni yanada boyitishga yordam berdi.
G‘olib va sovrindorlar Milliy gvardiya viloyat boshqarmasining tegishli medal, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA.