English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Amnistiya va afvning farqi bor...
14:01 / 2022-09-29

Aksariyat insonlar amnistiya va afv bitta narsa deb o‘ylashadi. Sababi, ikkalasining ham asosiy maqsadi bitta — mehr-shafqat va insonparvarlik tamoyillariga asoslanib, jinoyat sodir etgan shaxsni kechirish va uni jazodan butunlay yoki qisman ozod qilishdir.

Biroq shunday bo‘lsa-da, bu ikki tushuncha ayrim jihatlari bilan bir-biridan farqlanadi. 

Afv, bu – muayyan shaxslar uchun, ularning shaxsini tavsiflovchi ma’lumotlar (yoshi, sog‘ligining holati, oilaviy ahvoli)ni inobatga olib, jazodan ozod qilish hisoblanadi. 

Amnistiya esa aniq shaxslarga emas, umumiy toifalarga e’lon qilinadi. Masalan, 18 yoshga to‘lmagan shaxslar, ayollar yoki ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlarni sodir etganlarga amnistiya akti qo‘llanildi, deylik. Bunda amnistiyaga necha kishi tushishi, kimlar tushishi oldindan aniq bo‘lmaydi. Afv hujjatida esa kimlarga qo‘llanilayotgani nomma-nom yoziladi. 

Afv faqat sud hukmi bilan jazo tayinlangan mahkumlarga e’lon qilinadi. Amnistiya esa jinoyat protsessining istalgan bosqichida – dastlabki tergov, surishtiruv, tergovga qadar tekshiruv va hattoki jinoyat ishini qo‘zg‘atishgacha bo‘lgan bosqichda ham qo‘llanilishi mumkin.

Boshqacha aytganda, amnistiyaning afv etishdan farqli xususiyati shundaki, amnistiya keng mazmunga ega bo‘lib, shaxsni jinoiy javobgarlikdan ham, jinoiy jazodan ham ozod qiladi. 

Amnistiya akti chiqqandan keyin, uni kimlarga qo‘llash masalasini hal qilish uzoqqa cho‘ziladi va ko‘plab tashkiliy jarayonni o‘z ichiga oladi. Afvni qo‘llash esa ko‘p vaqt va tartibni talab qilmaydi. U qabul qilinishi bilan darhol ijro etiladi, buning uchun yana alohida bosqichlardan o‘tish shart emas. Masalan, A. ismli shaxs jazodan ozod etilsin, degan Prezident Farmoni chiqsa, u o‘sha zahoti ijro etiladi hamda A. ismli shaxs ozodlikka chiqariladi. 

Afvni qo‘llash uchun odatda jinoyat sodir etgan shaxslarning iltimosnomasi asos bo‘ladi. Amnistiya aktini qo‘llashda esa bunday iltimosnoma talab etilmaydi. Tergovchi, prokuror, jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyati va sudlar amnistiya aktiga tushadigan barcha shaxslar ro‘yxatini shakllantirib, ularga amnistiya qo‘llash masalasini hal etishi lozim. Shaxslar o‘zini afv etilishini so‘rab iltimosnoma beradi, amnistiya akti esa shaxslarning xohish-istagiga qaramasdan hammaga umumiy qo‘llanadi. 

Afv Prezident tomonidan istalgan vaqtda jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan mahkumlarni jazodan ozod etish yoki boshqacha yengillik berish orqali kechirishdir. 

Afv aktida davlat, jamiyat, xalq va jabrlanuvchilar manfaati ustunlik qiladi. Afv aniq mahkum yoki bir guruh mahkumlarga nisbatan qo‘llanilishi, bunda har bir mahkumning sodir etgan jinoyati oqibatlari, jazoni ijro etish muassasasi xulosasi, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tganligi, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlarning qoplanganligi, Prezidentdan, ayrim hollarda xalqdan kechirim so‘raganligi, kelgusida bu yo‘lga boshqa kirmaslik haqidagi va’dalari kabi jihatlar ham e’tiborga olinadi. 

Yoppasiga amnistiya berish boshqa xalqlarda ham qo‘llaniladigan amaliyot. Ammo bu amaliyot jabrlanuvchilar va jamiyat manfaatlariga har doim ham mos kelmasligi mumkin. 

Yangi O‘zbekiston siyosatiga yangi amaliyot sifatida kirib kelgan afv instituti demokratik tuzum qaror topgan, insonparvarlik va adolat tamoyillariga amal qilinadigan yurtda tarbiyaning yangi va samarali usulidir. Aybiga iqrorlik va kechirim so‘rash – xatoni to‘g‘rilashning avvalidir. 

Afv, bu – aybdorni kechirish, qilmishidan qattiq pushaymon bo‘lganning uzrini qabul qilishdir. Bu institutning afzalligi, ikki tomon manfaatlari uchun adolatli yondashuv bo‘lib, jabr yetkazuvchi va jabr ko‘ruvchilar manfaatini bir xilda himoya qiladi. Eng muhimi, bu akt uning nomidayoq bayon qilinganidek, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan mahkumlarga nisbatangina qo‘llaniladi. 

Jinoiy yo‘llarga kirib qolgan, endilikda o‘z qilmishidan pushaymon bo‘lib, to‘g‘ri xulosa chiqarib olgan fuqarolarni afv qilish orqali oilasi va jamiyat oldidagi ma’naviy qarzini uzish uchun imkoniyat berilmoqda. Zero, jazodan ham, afvdan ham maqsad tarbiya. 

 

Farrux Samadov, 

Jinoyat ishlari boʻyicha Nurobod tumani sudi raisi