
1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni
Bugun bolajonlarimiz uchun chinakam bayram. Boisi, 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish xalqaro kuni munosabati bilan ular uchun turli bayram tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi 249-sonli maktabgacha ta’lim muassasasida ushbu kun o‘ziga xos va ko‘tarinki ruhda nishonlandi. Unda tarbiyalanuvchilar o‘zlarining chiqishlari bilan bayram ishtirokchilariga yanada quvonch bag‘ishladi.
Bayram tadbirida ushbu ta’lim muassasasi xodimi Alla Kozlovskaya bilan suhbatda bo‘ldik. O‘zining hayotini bolajonlarsiz tasavvur qila olmasligi va ular uchun bor kuch-g‘ayratini baxshida qilayotgan fidoiy xodimning jonkuyarligi mamlakatimiz yosh avlodi ishonchli pedagoglar qo‘lida ekani bizni nihoyatda quvontirdi.

Alla Kozlovskaya 249-sonli maktabgacha ta’lim muassasasida 40 yildan buyon mehnat faoliyatini davom ettirmoqda. Hozirda o‘zining ilk tarbiyalanuvchilarining nevaralarini katta hayotga kuzatishga muyassar bo‘layotgan mohir pedagog maktabgacha ta’lim muassasasining tom ma’nodagi onaxoni bo‘lib, ko‘pgina shogirdlarning ustozi sanaladi.
– Ta’lim muassasamizda 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish xalqaro kunini har yili ko‘tarinki kayfiyatda nishonlaymiz. Bunga tarbiyalanuvchilarimiz o‘zlari ham puxta tayyorlanadi. Maqsad esa ularga shunday bayramlar sababli ham yaxshi ta’lim-tarbiya berishdir. Ularga ushbu bayramning tarixi va uning ko‘plab davlatlarda nishonlanishi haqida hikoya qilish ham ta’lim bilan bog‘liq. O‘rni kelganda aytayki, mehnat faoliyatim davomida maktabgacha tarbiya jarayoni uchun samarali bo‘lgan o‘ziga xos ilmiy-uslubiy metodika yaratdim, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Barcha tarbiyalanuvchilarni o‘z farzandlarim, nevaralarim kabi sevib ardoqladim. Hozirda Vatanimiz ravnaqi uchun xizmat qilib kelayotgan taniqli, o‘z ishining ustasi bo‘lgan insonlarning ustozi bo‘lganimdan faxrlanaman. Juda ko‘p shogirdlarim hanuz yo‘qlab turishadi. Davlatimiz rahbarining yosh avlodga, ularga ta’lim-tarbiya berayotgan pedagoglarga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rligi, e’tiboridan mamnunman, – dedi biz bilan suhbat chog‘ida Alla Kozlovskaya.
Kuy-qo‘shiqlar, she’ru raqslarga ulangan tadbir bolajonlar va ularning ota-onalari, ta’lim muassasasi xodimlari va biz uchun ham katta taassurot qoldirdi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA