English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholiga ko‘mir tarqatilmoqda
20:17 / 2022-12-08

Bugun aholining energiya resurslariga talabi har qachongidan ham ortgan. Elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minotidagi muammolar sabab yurtdoshlarimizning suyultirilgan gaz va ko‘mirga ehtiyoji ko‘paygan.

“Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filialidan ma’lum qilishlaricha, viloyatning 809 mahallasidagi 498 mingdan ortiq xonadon suyultirilgan gaz oladi. bugungi sovuq kunlarda filialga qarashli 6 ta va 2 ta xususiy gaz to‘ldirish shoxobchasi orqali har kuni o‘rtacha 250 tonna suyultirilgan gaz aholiga tarqatilmoqda. Buning uchun 100 dan ortiq transport vositasidan samarali foydalanilmoqda.

“Ko‘mir ta’minot” mas’uliyati cheklangan jamiyati Samarqand filiali tomonidan esa viloyatning gazlashtirilmagan hududlarida yashovchi aholiga mahallalarning buyurtmasi asosida ko‘mir mahsulotlari tarqatilmoqda.  

– Bu yilgi mavsumda viloyat bo‘yicha ijtimoiy soha muassasalariga 46 ming 940 tonna, aholiga esa 118 ming tonna ko‘mir yetkazib berishimiz kerak, – deydi “Ko‘mir ta’minot” MCHJ Samarqand filiali rahbari Sayfiddin Jumanov. – Ijtimoiy soha muassasalari shu yilning may-iyun oylarida zarur miqdorda ko‘mir bilan ta’minlandi. Sentyabr oyidan buyon temiryo‘l stansiyalarida joylashgan 8 ta ombor hamda Qo‘shrabot va Urgut tumanlaridagi 4 ta savdo shoxobchamiz orqali aholiga ko‘mir mahsulotlari tarqatilmoqda. Buning uchun hokimliklar tomonidan mahallalar kesimida ro‘yxat va buyurtmalar shakllantirilgan. Ushbu ro‘yxat asosida iste’molchilarga ko‘mirning bir tonnasi 300 ming 300 so‘mdan berilmoqda. Shu paytgacha keltirib tarqatilgan ko‘mirning miqdori 67 ming tonnadan oshdi. Jumladan, viloyatimizning olis hududlari aholisiga 19191 tonna, ijtimiy-iqtisodiy sharoiti og‘ir mahallalarga 17209 tonna ko‘mir yetkazib berildi. bugungi kun holatida omborlarimizda 2589 tonna ko‘mir bor va tumanlarga tarqatilyapti. Erta-indin yana 3450 tonna ko‘mir keltiriladi. Yil yakuniga qadar belgilangan miqdorda ko‘mir olib kelinib, iste’molchilarga yetkazib beriladi.  

G‘.HASANOV, O‘zA