
"Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universitetida “Agrobank” tomonidan “Suvchilar maktabi” faoliyatiga start berildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamrayev so‘nggi vaqtlarda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi yerlarining samaradorligini oshirish, suv taqchilligining oldini olish maqsadida suvni tejaydigan texnologiyalar keng joriy etilganini qayd etdi.
Jumladan, 2023 yil 18 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ham suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish masalasi muhokama qilindi. O‘tgan davrda qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish uchun 5 trln. so‘m kredit ajratilgan bo‘lib, mablag‘lar hisobiga 1 mln. gektarda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilindi.
[gallery-12109]
Biroq suvni tejaydigan sug‘orish tizimlarini ishlab chiqarish, yetkazib berish, xarid qilish, joylarda loyihalashtirish va o‘rnatishdagi kamchiliklar hamda ayrim qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning bu boradagi ko‘nikmalari yetarli emasligi mazkur texnologiyalarning o‘z vaqtidan kechikib joriy qilinishiga sabab bo‘lmoqda.
Suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilishdagi mavjud kamchilik va muammolarni bartaraf etish, mintaqada kuzatilayotgan suv tanqisligining salbiy ta’sirini yumshatish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda suv resurslaridan yanada samarali foydalanish maqsadida davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan “Agrobank” tomonidan “Suvchilar maktabi” tashkil etilmoqda.
Loyiha Suv xo‘jaligi vazirligi,"Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Mutaxassislarning tavsiyalarga ko‘ra, suvdan oqilona foydalanish madaniyatini oshirishda fermerlarni o‘qitish muhim ahamiyatga ega. Shu sababli, talab va takliflarni inobatga olib, maktabda suvdan foydalanish madaniyatini oshirish, suv tejovchi texnologiyalardan foydalanishning ilg‘or usullari bo‘yicha bilimlar beriladi. Xorijiy tajriba, zamonaviy sug‘orish tizimlarini qurish, ishga tushirish va ishlatish tartibi (Turkiya misolida) yoritib beriladi.
“Suvchilar maktabiga” 60 mingta fermer xo‘jaligi, 4 mingga yaqin suv xo‘jaligi xizmati xodimlari, 1 mingdan ortiq bank xodimlari jalb qilinadi. Joylarda o‘quvlarni tashkil qilish uchun 5 ta sayyor guruh tashkil etildi. 1-guruh: Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlari; 2-guruh: Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari; 3-guruh: Samarqand, Navoiy va Buxoro viloyatlari; 4-guruh: Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari; 5-guruh: Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida tashkil etildi.
– Maktab bilan bog‘liq barcha xarajatlar “Agrobank” tomonidan moliyalashtiriladi, – deydi “Agrobank” ATB boshqaruv raisi Rustam Mamatqulov. – Dastlabki bosqich uchun 26 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilgan. Shu yil yakuniga qadar har bir hududda “Suvchilar maktabi” tashkil etish rejalashtirilgan. Shuningdek, 2024-2030 yillarda 45 mingdan ortiq (har yili 6500 nafar) fermer xo‘jaligini sertifikatlash bo‘yicha bir haftalik o‘quv kurslari va “Suvchilar maktabi” platformasi tashkil etiladi. Suv tejovchi texnologiyalar joriy qilish bo‘yicha ajratiladigan kreditlarni elektron shaklga o‘tkazgan holda suvkredıt.uz platformasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. O‘quv kurslarini tugatganlarga ushbu platforma orqali qisqa muddatlarda kredit olish joriy qilinadi hamda servis xizmatlari ko‘rsatish tashkil etiladi.
Shuningdek, ilmiy salohiyatni oshirish, suv xo‘jaligi sohasida ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Agrobank” tomonidan birinchi bosqichda 10 mlrd. so‘m grant ajratiladi. Suv xo‘jaligini isloh qilish borasida Isroil, Turkiya, Ispaniya va Xitoydan tajribali mutaxassislar jalb qilinadi.
Shahnoza Mamaturopova,
Davron Ernazarov(surat), O‘zA