
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining delegatsiyasi Chexiya davlatiga tashrif buyurdi.
Delegatsiya tarkibida O‘zbekiston Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, «Parrandasanoat» uyushmasi, O‘zbekiston Agro axborot-innovatsiya markazi hamda “Annexure Financial Solutions Limited” konsalting kompaniyasi vakillari ham bo‘ldi.
Ular Chexiya Respublikasi Agrar palatalari, Agrar uyushmasi, Davlat veterinariya xizmati, «Dominant» uy sharoitidagi parrandachilikni rivojlantirish kompaniyasi, urug‘chilik va qishloq xo‘jaligi uchun maxsus uskunalar ishlab chiqaruvchi “JK Machinery” kompaniyasi rahbarlari bilan hamkorlik o‘rnatishi kutilmoqda.
Shu maqsadda delegatsiya Chexiya agrar siyosatini, qishloq xo‘jaligi sohasini moliyalashtirish va subsidiyalash tizimi bilan tanishish, inkubator va veterinariya uskunalarini xarid qilish borasida muzokaralar olib bordi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqi va Chexiya Respublikasi texnik va grant mablag‘larini jalb qilish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvlar davomida O‘zbekistondan borgan vakillar «Země živitelka 2022» (Zemlya kormilitsa 2022) Xalqaro ko‘rgazmasining rasmiy ochilishida ishtirok etdi.
Chexiya Respublikasi parlamenti deputatlar palatasining Qishloq xo‘jaligi qo‘mitasi raisi Kuchera Mixail O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi korxonalari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish hamda birgalikda loyihalar yuritish borasida fikr bildirdi.
Kun tartibida bo‘lgan mamlakatimizda yetishtirilgan meva-sabzavotlarni Chexiya davlatiga eksport qilish masalalari ham muhokama qilindi. Shuningdek, mamlakatimizning agrar yo‘nalishdagi tashkilotlari ishchilarini o‘qitish uchun Chexiyadan malakali mutaxassislarni jalb qilish, Chexiyada yetishtiriladigan rezavor mahsulotlar va manzarali daraxtlarni yetishtirish agrotexnologiyalarini hamda agroturizm infratuzilmasi borasida ham yangiliklar muhokama qilindi.
O‘zA