Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligi
Daho shoir va mutafakkir, buyuk davlat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligi mamlakatimiz va xorijda keng nishonlanmoqda.
9 fevral kuni buyuk shoir bobokalonimiz tavallud sanasi munosabati bilan keng jamoatchilik vakillari, yozuvchi va shoirlar, talabalar, ma’naviyat targ‘ibotchilari poytaxtimizning “Adiblar xiyoboni”dagi Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qo‘ydi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida mutafakkir bobomiz tavalludining 582 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan ma’rifiy tadbirga vazirlik va idoralar, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari, yozuvchi va shoirlar, o‘qituvchilar, yoshlar taklif etildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid milliy adabiyotimiz sarboniga ehtirom ko‘rsatish keyingi yillarda yangicha mazmun-mohiyat kasb etayotganini ta’kidladi. Mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlarida Alisher Navoiy merosini olimlar tomonidan o‘rganish, uning xorijdagi asarlarini topish va targ‘ib etish, bu borada xalqaro hamkorlikni kuchaytirish masalalari tizimli olib borilayotir.
[gallery-10504]
Bu boradagi ijobiy o‘zgarishlar xorijda ham Navoiy merosini tadqiq etishga bo‘lgan qiziqishning kuchayishida muhim omil bo‘lmoqda. 2022 yili Samarqand shahrida turkiy davlatlar rahbarlarining sammiti bo‘lib o‘tgani, “Turkiy adabiyot durdonasi” tashabbusining hayotda o‘z ifodasini topgani, Alisher Navoiy nomidagi Xalqaro miqyosdagi ilk mukofot esa qirg‘iz adibi Chingiz Aytmatovga berilgani e’tiborga molikdir.
Qirg‘iz Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Musa Jamanbayev ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikning rivojlanishida Alisher Navoiy ma’naviy merosining o‘rni va ahamiyati xususida batafsil so‘z yuritdi.
Alisher Navoiyni qardosh yurtda ham katta qiziqish bilan o‘rganilayotgani e’tiborga molikdir. Prezident Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning taklifiga binoan 26-27 yanvar kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘lgani adabiy aloqalarda ham yangi sahifani ochadi.
Tadbirda taniqli shoira Zebo Mirzayeva Alisher Navoiyga bag‘ishlangan she’rini o‘qib berdi.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori, filologiya fanlari doktori Qosimjon Sodiqov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Mirzo, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsiyeva va boshqalar Alisher Navoiy asarlarini o‘rganish va chop etish borasidagi ezgu ishlar xususida batafsil to‘xtaldi. Bu borada Alisher Navoiy nomidagi Xalqaro jamoat fondi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda nashr etilgan “Istiqlol davri o‘zbek navoiyshunosligi” o‘ttiz jildli muhtasham majmua bobokalonimiz merosini tadqiq etishdagi eng ibratli ma’rifiy loyiha ekaniga alohida e’tibor qaratildi.
Ushbu majmua o‘zbek va jahon navoiyshunosligiga oid qimmatli ma’lumotlarni o‘zida mujassam etgani, shoir bobomiz merosiga murojaat etishda o‘ziga xos manba ekani bilan g‘oyat qadrlidir.
Tadbirda Alisher Navoiy ijodining turkiy xalqlar adabiyoti rivojiga ulkan ta’siri xususida so‘z bordi. Darhaqiqat, shoir bobomiz adabiyot, ilm-fan, san’at homiysi bo‘lishi bilan birga ma’rifat rivojiga hissa qo‘shdi. Ko‘plab ijodkorlarni ma’naviy ruhlantirdi, o‘zining betakror ijodiy faoliyati bilan qalam ahlining ma’naviy rahnamosiga aylandi.
Tantanali tadbirda Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Yaponiyadan kelib tahsil olayotgan talabalar, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti yoshlari Navoiy ijodidan namunalarni turli tillarda o‘qib berdi.
Bunday ma’rifiy tadbirlar mamlakatimizning barcha go‘shalarida, o‘quv dargohlari, ijodiy jamoalarda, harbiy qismlarda, adabiy, ilmiy davralarda davom etmoqda.
Nazokat Usmonova,
Nosirjon Haydarov (curat), O‘zA