
Asl nasabi bir va mushtarak qadim madaniyatga ega bo‘lgan Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi yillarda yangi va o‘zgacha bosqichga ko‘tarildi. Bu har ikki mamlakat xalqini quvontiradi. O‘zA muxbiri ijtimoiy tarmoq orqali Xorijdagi turklar va qardosh jamiyatlar boshqarmasining rahbari Abdullah Erenning fikrlarini yozib oldi.
– Ayni shajaraning turli shoxlari bo‘lgan bu mamlakatlar vaqt o‘tishi bilan turli tajribalarga ega bo‘ldi. bugungi kunda esa ikkala davlat o‘z tajribalarini boshqalarga o‘zlari hohlagancha o‘tkazish salohiyatiga ega, – deydi A.Eren. – Bir-biriga yaqinlik rishtalarini ongida va qalbida hech qachon yo‘qotmagan bu ikki xalq, hozirgi sharoitda har sohada hamkorlik qilishga har qachongidan ham tayyor holatda turibdi.
Xorijdagi turklar va qardosh jamiyatlar boshqarmasi, (YTB) ikki mamlakat o‘rtasida tashkil etilgan dastlabki do‘stlik kunlaridan buyon mintaqamiz va butun dunyo uchun ahamiyatga ega bo‘lgan istiqbolli yaqinlashuvga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Boshqarmamiz o‘ziga yuklangan vazifa va mas’uliyat doirasida har ikki davlatning mushtarak me’rosini kun tartibiga olib chiqish, o‘zbek yoshlari ta’limini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Boshqarmamiz, turli sohalarda yoshlar bilan xalqaro miqyosda faoliyatlar tashkil qilish bilan bir qatorda, «Turkiya stipendiyalari» dasturi bilan ikki davlatning kelajagini ta’lim orqali bog‘lamoqda.
Turkiyaning global oliy ta’lim brendi bo‘lgan «Turkiya stipendiyalari» dasturiga murojaat qilgan o‘zbekistonlik talabalarning soni yildan yilga ortib bormoqda va ular Turkiya universitetlarida stipendiya bilan o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritmoqda. Biroq, ikki davlatning do‘stligi va salohiyatini inobatga olgan holda mazkur dasturdan foydalanayotgan o‘zbekistonlik talabalar soni ko‘proq bo‘lishi kerak, deb o‘ylaymiz. Madaniyat, turizm, qishloq xo‘jaligi, energetika va boshqa har bir sohada mamlakatlarimiz o‘rtasida hamkorlikda amalga oshiriladigan loyihalar ushbu sohalarda tahsil olayotgan talabalarning ortishi bilan amalda ko‘riladi.
Har ikkala do‘st mamlakatning universitetlarda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik va turkiyalik xalqaro talabalar, o‘z davlatlarining yanada rivojlanishiga hissa qo‘shib kelmoqda. Ta’lim mobilligi orqali imtiyozlarni oshirish va institutsionalizatsiya qilish maqsadida dunyoning 33 nuqtasida mavjud bo‘lgan «Turkiya universitetlarining bitiruvchilari uyushmasi»ning bir sho‘basini O‘zbekistonda ham ochish foydali bo‘ladi, deb o‘ylayman.
Xorijdagi turklar va qardosh jamiyatlar boshqarmasining O‘zbekistonga nisbatan yondashuvi Turkiya tashqi siyosatining barcha birdamlik va insonparvarlik jihatlarini qamrab oladi. Biz Osiyo va Yevropa qit’alaridagi barcha qardosh xalqlarga his qilgan samimiy tuyg‘ularimizni O‘zbekistonga nisbatan ham his qilamiz. Biz bilan tarixi va madaniyati mushtarak, xalqini cheksiz mehr-muhabbat bilan suygan O‘zbekiston mamlakati bilan o‘zaro ishonch va manfaatlarga asoslangan aloqalarimiz kelajakda ham davom etishiga chin dildan umid qilamiz va bunga hozirdan tayyorgarlik ko‘ryabmiz.
Prezidentimiz Rejep Tayyip Erdogan boshchiligidagi Turkiya delegatsiyasining mamlakatingizga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston prezidenti janob Shavkat Mirziyoyev «Ota tuprog‘ingizning eshiklari janob prezidentga va barcha turk birodarlarimiz uchun doimo ochiq» deb aytgan edilar. Bizlarga quvonch beruvchi ushbu so‘zlarni yana bir bor eslagan holda barcha O‘zbekiston xalqiga o‘z hurmat va salomimni yo‘llayman.
O‘zA muxbiri Mohigul Qosimova yozib oldi.