
Keyingi paytda fuqarolarni chet ellarga, xususan, Amerika Qo‘shma Shtatlariga noqonuniy yo‘llar bilan, Meksika orqali ushbu davlatga o‘tkazib yuborishni va’da qilayotgan firibgarlar ko‘p uchramoqda. Ayanchlisi, bunday kimsalar tuzog‘iga tushib qolayotgan yurtdoshlarimiz kam emas.
DXX Samarqand viloyati boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlardan birida yana bir shunday holat qayd etildi.

Ya’ni, 1996 yilda tug‘ilgan, Samarqand shahrida yashovchi fuqaro J.Y. mahalliy fuqaroni 50 ming AQSH dollari evaziga “Toshkent-Yevropa ittifoqi-Meksika-AQSH” yo‘nalishi orqali AQSHga jo‘natishni va’da qilib, zarur hujjatlarni rasmiylashtirish uchun fuqaro N.T.dan “avans” sifatida 10 ming AQSH dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Fuqaro J.Y.ga tegishli avtomashina ko‘zdan kechirilganida fuqaro N.T.ga tegishli xorijga chiqish pasporti, uning qizining ID-kartasi, tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma va hokazolar borligi aniqlanib, ashyoviy dalillar tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Hozirda holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
G‘. Hasanov, O‘zA