
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi 2023 yilgi zakot nisobi, fitr sadaqa va fidya miqdorini belgiladi.
Zakot nisobi
Zakotning tillodan nisobi 85 gramm bo‘lib, bugungi kunda 585 probali 1 gramm tilloning o‘rtacha narxi 420 000 (to‘rt yuz yigirma ming) so‘m ekani e’tiboridan, bu yilgi ZAKOT nisobi 35 million 700 ming (o‘ttiz besh million yetti yuz ming) so‘m deb belgilandi.
Shunga ko‘ra, zaruriy ehtiyojidan tashqari bir yil davomida 35 million 700 ming (o‘ttiz besh million yetti yuz ming) so‘m va undan ortiq pul mablag‘i yoki ushbu qiymatdagi savdo-tijorat moliga ega bo‘lgan musulmon kishi, jami mablag‘ining qirqdan biri (2,5%)ni ajratib, uni zakot niyatida kambag‘al va faqirlarga beradi.
Fitr sadaqasi va fidya miqdori
Fitr sadaqasining miqdori bug‘doydan yarim so’ (≈ 2 kg.), arpadan bir so’ (≈ 4 kg.), mayizdan yarim so’ (≈ 2 kg.) va xurmodan bir so’ (≈ 4 kg.)dir.
bugungi kunda mazkur mahsulotlarning bozordagi o‘rtacha narxlari 1 kg. bug‘doy – 6 ming, 1 kg. arpa – 5 ming, 1 kg. mayiz – 50 ming va 1 kg. xurmo – 45 ming so‘m ekanligini inobatga olib, bu yilgi FITR sadaqasi quyidagicha etib belgilandi:
• bug‘doydan ≈ 2 kg. 12 000 (o‘n ikki ming) so‘m;
• arpadan ≈ 4 kg. 20 000 (yigirma ming) so‘m;
• mayizdan ≈ 2 kg. 100 000 (yuz ming) so‘m;
• xurmodan ≈ 4 kg. 180 000 (bir yuz sakson ming) so‘m deb belgilandi.
FIDYA miqdori fitr sadaqaning miqdori bilan bir xil bo‘ladi.
Shunday ekan, har kim o‘z imkoniyatiga qarab ushbu to‘rt mahsulotning xohlagan bir turidan fitr sadaqasini va fidya miqdorini bersa kifoya qiladi.
Eslatma: Mazkur qiymatlar Toshkent shahar bozorlaridagi narxga asosan belgilandi. Har bir viloyat o‘z bozorlaridagi narxga qarab fitr sadaqasini belgilaydi.
O‘zA