Zominda 65,5 milliard so‘mlik yangi korxona 50 nafar yoshni ish bilan ta’minladi
Jizzax viloyati Zomin tumanida 65,5 milliard so‘m investitsiya hisobiga tashkil etilgan yangi korxonada 50 nafar yoshning bandligi ta’minlandi. “Zomin Brewery” MCHJ faoliyatini yo‘lga qo‘yishdan ko‘zlangan asosiy maqsad nafaqat mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish, balki mahsulotlarni xorijiy bozorlarga eksport qilishdan iborat.
Zomin tumanidagi yangi korxonada uzumni qayta ishlash va tayyor vino va konyak mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Loyihaning umumiy qiymati 65,5 milliard so‘m bo‘lib, ishlab chiqarish quvvati hozircha, ilk bosqichda yiliga 10 ming litr mahsulot tayyorlash imkonini beradi. Bu ko‘rsatgich yaqin vaqtda bir necha hissaga ortishi ko‘zda tutilgan.
Yangi ishlab chiqarish quvvatining ishga tushirilishi hududda aholi bandligini ta’minlashga ham xizmat qilmoqda. Korxona rahbari Sardor Aqqulov loyihaning ijtimoiy ahamiyatiga to‘xtaldi. Loyiha doirasida 50 nafar yosh doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.

Korxona jamoasi oldiga qo‘yilgan ustuvor vazifa ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich kengaytirish va mahsulotlarni tashqi bozorlarga olib chiqishdir. Buning uchun eksportbop mahsulot ishlab chiqarish, xorijiy hamkorlar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish hamda yangi bozorlarni o‘zlashtirishga e’tibor qaratilmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, investitsiya loyihalarining samaradorligi yaratilgan ish o‘rinlari va eksport salohiyati bilan belgilanadi. Shu ma’noda, “Zomin Brewery” MCHJ uchun navbatdagi muhim bosqich mahsulotlarni xorijiy bozorlarda o‘z o‘rniga ega qilishdir.
Abdujalol QAYUMOV,
O‘zA muxbiri