Zomin fototasvirchilar nigohida
Respublika Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan turkiy tilli davlatlarda mamlakatimiz turizm salohiyatini keng targ‘ib etish hamda ushbu davlatlardan yurtimizga sayyohlar oqimini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xalqaro turkiy davlatlar tashkiloti (TURKSOY)ga a’zo mamlakatlarning nufuzli nashrlarida ishlovchi fototasvirchilar Zomin tumaniga sayohat qildi.
– Mahoratli fototasvirchilar TURKSOYga a’zo mamlakatlar aholisini, viloyatning turizm va madaniy salohiyati haqida tanishtirishga qaratilgan media materiallar tayyorlashi uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berishga harakat qildik. Ushbu media-sayohat davomida delegatsiya a’zolari Zomin tumanining turizm salohiyatidan kelib chiqqan holda, gastronomik turizm bo‘yicha Zomin tandir kabobini, mashhur qozon patirini, ta’mi og‘izda qoladigan qurutlarining tayyorlanish jarayonlari, qo‘li gul hunarmandlar tayyorlagan hunarmandchilik buyumlarini diqqat bilan tomosha qilib tasvirga tushirdi, ularning faoliyatlari bilan yaqindan tanishdi va o‘zaro muloqotda bo‘ldi. Ushbu jarayonlarning barchasida qadim turkiy ellarning milliyligi ufurib turganini alohida ta’kidlab o‘tganlarini ham shu o‘rinda aytishim lozim, – deydi viloyat madaniyat va turizm boshqarmasi matbuot kotibi D.Xolmirzayeva.
Bundan tashqari, ijodkor sayyohlar, Zominning boshqa diqqatga sazovor joylarida, turizm ob’ektlari va Zominning o‘ziga xos milliylik va qadimiy urf-odatlarini san’atkorona namoyish etib bera oladigan “Zomin sayqali” folklor-etnografik xalq ansambli ijrosidagi qadimiy lapar, qo‘shiq, raqslari va qadimiy udumlar namoyishini, viloyatning etnografik urf-odatlarini aks ettiruvchi badiiy chiqishlarini diqqat bilan tomosha qilib, fototasvirga muhrladi.
Xalqaro fototasvirchilar Zomin tumani “Milliy tabiat bog‘i” va zamonaviy mehmonxonalar faoliyatini ham yaqindan o‘rgandi. Bu yerdagi betakror tabiat va viqorli tog‘lar, qalin archazorlar, sharqiroq zilol suv – xalqaro fototasvirchilarning kayfiyatini yanada ko‘tardi.
[gallery-12762]
Ular ushbu sayohati davomida aynan “Milliy tabiat bog‘i”dagi osmon o‘par tog‘larning va tabiatning go‘zalligini erinmay tasvirga oldi. Yoz chillasida tabiatning go‘zal tuhfasi yomg‘ir yog‘ishi, fotosuratkashlarning ijodiga qaynoq lahzalarni hadya etganini ham shu o‘rinda ta’kidlash lozim.
Turksoyga a’zo davlatlar xalqaro fototasvirchilari aynan Zomin tumani turizm salohiyati va imkoniyatlarini ishtiyoq bilan foto-tasvirga oldi. Ular tomonidan tayyorlanadigan ushbu yuqori sifatli kontentlarni doimiy tarzda o‘z mamlakatlarida tashkil etilayotgan turli ko‘rgazmalarda, nufuzli bosma nashrlari, internet tarmoqlari hamda boshqa ommaviy axborot vositalarida namoyish etib borishlarini alohida ta’kidlab, ushbu media-sayohat ularda juda katta taassurot qoldirganini aytdi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA